Logo

Beeline Qozog‘istondagi OLX platformasini 81 mln dollarga sotib oldi

Kecha 13:352 daqiqa

E’lonlar platformasi «Beeline»ning raqamli xizmatlari qatoriga qo‘shiladi. Oyiga qariyb 9 mln kishi foydalanadigan OLX mamlakatdagi faol internet auditoriyasining yarmidan ko‘prog‘ini qamrab oladi.

Beeline Qozog‘istondagi OLX platformasini 81 mln dollarga sotib oldi © Sun'iy intelekt

«Beeline Kazakhstan»ning bosh kompaniyasi VEON Qozog‘istondagi OLX platformasini boshqaruvchi «OLX Group» kompaniyasining 100 foiz ulushini «OLX Global»dan sotib olgan.

Bitim 2026-yil 6-noyabrda tegishli ruxsatlar olingach yakunlangan. Bu haqda VEON xabar berdi.

Kelishuv qiymati 81 mln dollarni tashkil etgan. Bu summaga bitim yakunida hisoblangan qariyb 6 mln dollarlik tuzatishlar ham kiritilgan.

OLX Qozog‘istonda tovarlar, xizmatlar, ko‘chmas mulk va avtomobillar haqidagi e’lonlarni joylashtirish imkonini beradi. Platformadan oyiga qariyb 9 mln kishi foydalanadi. Bu mamlakatdagi faol internet auditoriyasining 52 foizidan ko‘prog‘iga teng. Kompaniyaning yillik tushumi esa 28 mln dollardan oshadi.

OLX VEON ekotizimiga qo‘shiladi

VEON OLX’ni o‘zining raqamli xizmatlari ekotizimiga integratsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu ekotizim moliyaviy xizmatlar, ko‘ngilochar mahsulotlar, tibbiyot, ta’lim va biznes uchun yechimlarni qamrab oladi.

Kompaniya so‘nggi yillarda boshqa bozorlarda ham raqamli xizmatlar yo‘nalishini kengaytirgan. Xususan, Ukrainada «Uklon» taksi xizmati va «Tabletki.ua» tibbiyot platformasini, Pokistonda esa «TPL Insurance» sug‘urta kompaniyasini o‘z portfeliga qo‘shgan.

VEON ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning ikkinchi choragida kompaniyaning raqamli xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 227,7 mln kishiga yetgan. Ushbu yo‘nalishdan tushgan daromad bir yil ichida 53,6 foizga oshib, guruh umumiy daromadining chorak qismidan ko‘prog‘ini tashkil qilgan.

O‘zbekistonda ham TBC OLX’ni sotib olgan

Qozog‘istondagi bitimdan avval O‘zbekistondagi OLX platformasi ham «TBC Bank Group» tomonidan sotib olingandi. 2025-yilning avgustida bu borada kelishuvga erishilgan, 2026-yilning iyunida esa Raqobat qo‘mitasi TBC guruhiga aloqador  «Tapuz Limited» kompaniyasiga OLX’ning 100 foiz ulushini sotib olishga rozilik bergan.

Qo‘mita xaridga ayrim shartlar bilan ruxsat bergan. Xususan, OLX foydalanuvchilari to‘lovlarni faqat «TBC Bank» yoki «Payme» orqali amalga oshirishga majbur qilinmasligi, boshqa to‘lov xizmatlariga ham teng imkoniyat yaratilishi kerak. Shuningdek, platformada yig‘ilgan ma’lumotlardan raqobatni cheklash uchun foydalanish taqiqlangan.

Teglar

Mavzuga oid