Logo

Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng 6,75 mlrd so‘mlik xato chekni tahrirlashga ruxsat berildi

Kecha 22:252 daqiqa

Namanganda tadbirkorning onlayn kassasiga texnik xato sabab 450 ming so‘mlik dizel yoqilg‘isi o‘rniga 450 ming litr kiritilgan va natijada 6,75 mlrd so‘mlik chek shakllangan.

Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng 6,75 mlrd so‘mlik xato chekni tahrirlashga ruxsat berildi © nalog.gov.ru/

Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida faoliyat yurituvchi «A.T.X.» MCHJ rahbari yuzaga kelgan muammoni hal etishda yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, 2026 yil may oyida onlayn nazorat-kassa mashinasi orqali chek rasmiylashtirilayotganda texnik xatolik sabab 450 ming so‘mlik dizel yoqilg‘isi o‘rniga 450 ming litr miqdori kiritib yuborilgan.

Natijada onlayn nazorat-kassa mashinasida 6 mlrd 750 mln so‘mlik chek shakllangan. Shu sababli korxonaga amalda mavjud bo‘lmagan foyda va tegishli ravishda asossiz soliq majburiyatlari hisoblangan.

Tadbirkor xatoni tuzatish va noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan chekni tahrirlash bo‘yicha murojaat qilgan. Biroq tahrirlash muddati o‘tib ketgani sababli unga amaliy yordam ko‘rsatilmagan.

Biznes-ombudsman sudga ariza berdi

Shundan so‘ng Biznes-ombudsman tadbirkor manfaatlarini ko‘zlab Namangan tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritgan.

Sud ishni ko‘rib chiqib, arizani to‘liq qanoatlantirgan. Tadbirkorning noto‘g‘ri shakllantirilgan chekni tahrirlash bo‘yicha murojaatini rad etish harakatlari qonunga xilof deb topilgan.

Sud qarori bilan Soliq qo‘mitasi va Namangan viloyati soliq boshqarmasi zimmasiga tadbirkorga noto‘g‘ri shakllantirilgan nazorat-kassa chekini tahrirlash imkoniyatini yaratish majburiyati yuklatilgan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ilgari amalga oshirilgan hisob-kitoblarga o‘zgartirish kiritish zarur bo‘lgan hollarda foydalanuvchi tomonidan tuzatuvchi kassa cheki shakllantiriladi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23-noyabrdagi 943-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 38-1-bandida belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid

Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng 6,75 mlrd so‘mlik xato chekni tahrirlashga ruxsat berildi | Vaqt.uz