Logo

Boysundagi avariya qachon to‘liq bartaraf etiladi?

«O‘zbekneftgaz» rahbari Boysundagi texnogen avariyani bartaraf etish muddatini ma’lum qildi. Loyihada Xitoy kompaniyasi ishtirok etadi.

Boysundagi avariya qachon to‘liq bartaraf etiladi?

2024 yil sentabridan buyon Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» konida davom etayotgan texnologik avariya 2027 yilning birinchi yarim yilligida to‘liq bartaraf etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov «Uzdiplomat» muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident tomonidan Boysundagi avariyani bartaraf etish bo‘yicha bir necha bor topshiriq berilgan va muammoni hal qilish uchun xorijiy kompaniyalar bilan texnik tahlillar o‘tkazilgan. Natijada Xitoyning «CNPC» korporatsiyasi tarkibidagi «CCDC» kompaniyasi bilan shartnoma imzolangan.

Nega Xitoy tanlandi?

Abdug‘ani Sanginovning ta’kidlashicha, loyiha bo‘yicha Rossiya, AQSH va Janubiy Koreya kompaniyalarining takliflari ham o‘rganilgan.

Tahlillar natijasida eng maqbul texnik yechim va taklif Xitoy kompaniyasi tomonidan taqdim etilgani uchun aynan «CCDC» bilan hamkorlik qilishga qaror qilingan.

Hozirda shartnomani rasmiylashtirish ishlari yakunlanmoqda. Kompaniya mutaxassislari Boysun koniga yetib kelgan va amaliy ishlarga kirishgan.

Quduqlar qaziladi

«O‘zbekneftgaz» rahbarining ma’lum qilishicha, 2026 yil oxiriga qadar yana to‘rtta qo‘shimcha quduqni burg‘ulash ishlari boshlanadi.

Uning aytishicha, avariyani to‘liq bartaraf etish 2027 yilning birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan.

Ayni paytda loyihaning umumiy qiymati, Xitoy kompaniyasiga to‘lanadigan mablag‘ hamda texnogen avariya oqibatida yetkazilgan zarar hajmi hozircha ochiqlanmagan.

Teglar

Mavzuga oid