Logo

Boysundagi avariyali gaz qudug‘ini 2027 yil iyuligacha yopish rejalashtirilmoqda

Bugun 08:302 daqiqa

Boysunda qariyb ikki yildan buyon gaz sizib chiqayotgan M-25 konida quduqni yopish ishlari boshlandi. Xitoy kompaniyasi 2027-yil yanvaridan konda burg‘ilash ishlari boshlaydi.

Boysundagi avariyali gaz qudug‘ini 2027 yil iyuligacha yopish rejalashtirilmoqda

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida 2024 yil sentabridagi texnogen avariyadan so‘ng gaz sizib chiqishi davom etayotgan «Mustaqillikning 25 yilligi» (M-25) konida quduqni yopish ishlariga 15-avgust kuni rasman start berildi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi matbuot kotibi Mo‘min Ibodov ma’lum qildi.

Loyihaga Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) tarkibiga kiruvchi CCDC (Chuanqing Drilling Engineering Company Limited) kompaniyasi jalb etilgan. Yil oxirigacha Xitoy va boshqa davlatlardan 40 dan ortiq maxsus texnika olib kelish rejalashtirilgan.

Burg‘ilash yanvarda boshlanadi

Olib kelinadigan texnika orasida tarkibida vodorod sulfid yuqori bo‘lgan gaz bilan ishlashga moslashtirilgan burg‘ilash uskunalari ham bo‘ladi. Burg‘ilash ishlarini 2027-yil yanvaridan boshlash rejalashtirilmoqda.

Abdug‘ani Sanginov avvalroq quduq atrofida qo‘shimcha to‘rtta quduq burg‘ilash rejasi borligini aytgandi. M-25dagi quduqni to‘liq yopish ishlari esa 2027-yil iyuliga mo‘ljallangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 yil fevral oyida Surxondaryoga tashrifi chog‘ida xalqaro hamkorlar bilan birgalikda quduqni yopishning ilmiy yechimi topilganini ma’lum qilgan.

«Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz», — degandi Mirziyoyev.

Avariya tarixi

M-25 koni O‘zbekistondagi o‘zlashtirilmagan eng yirik gaz konlaridan biri hisoblanadi. Uni o‘zlashtirish bilan birga gazni qayta ishlash majmuasini qurish ham rejalashtirilgan.

2024-yil 1-sentabrda konning 604-sonli qudug‘ida burg‘ilash ishlari vaqtida avariya sodir bo‘lib, gaz sizib chiqa boshlagan.

Aholi evakuatsiya qilingan, avariyani bartaraf etish ishlari 15-sentabrgacha davom etgan. 17-sentabrda gaz sizishi qayta boshlangan va hodisa oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan. 2025-yil mart oyida esa kondagi 202-sonli quduqdan ham gaz chiqishi qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid