«Bu yerlar Yaponiyaniki»: Tokio Putinning Kuril orollariga qilgan safariga javob qaytarmoqchi
Ikkinchi jahon urushidan beri yechimini topmay kelayotgan Kuril orollari maqomi bo‘yicha tarixiy bahs yana kun tartibining asosiy mavzusiga aylandi.

Kreml matbuot xizmatining xabar berishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Saxalin viloyatiga amaliy tashrifi davomida Kuril tizmasidagi Iturup oroliga bordi.
Rossiya davlat rahbarini mintaqa gubernatori Valeriy Limarenko kutib olgan. «RBK» nashrining yozishicha, tashrifning ilk manzili «Yasnыy» baliqni qayta ishlash kombinati bo‘lgan. Prezidentga korxona mahsulotlari, xususan, mahalliy suvlarda ovlanadigan va vazni 300 kilogrammgacha yetadigan tunes balig‘i namoyish etilgan.
«Kyodo News» axborot agentligi Yaponiya tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegiga tayanib, Vladimir Putinning Iturup oroliga tashrifi yuzasidan Tokio qat’iy norozilik bildirganini ma’lum qildi.
«Bugun biz Rossiya prezidenti Putinning Iturup oroliga tashrif buyurgani haqida xabar topdik. Yaponiya ushbu tashrif munosabati bilan keskin norozilik bildiradi», — deyiladi Tokio tashqi siyosat idorasi saytida e’lon qilingan bayonotda.
Bayonotda Kuril tizmasidagi to‘rtta orolni o‘zining «shimoliy hududlari» deb hisoblaydigan Yaponiyaning qat’iy pozitsiyasi yana bir bor ta’kidlangan.
Putin Iturupga Tinch okeani floti o‘quv mashg‘ulotlarining yakuniy bosqichida ishtirok etganidan so‘ng yetib kelgan. Davlat rahbari mashg‘ulotlarni «Varyag» gvardiya raketa kreyseridan kuzatgan va keyinroq shu yerning o‘zida yig‘ilish o‘tkazgan.

Bundan bir kun avval Tinch okeani floti mashg‘ulotlarida so‘zga chiqqan Putin Kuril orollari muammosini hal qilish masalasida Rossiya Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abe va boshqa rahbarlari bilan konstruktiv muloqot o‘rnatganini, biroq endilikda Tokio o‘z pozitsiyasini o‘zgartirganini ta’kidlagan edi.
Uning qayd etishicha, 1950 yillarning o‘rtalarida Yaponiya bilan tinchlik shartnomasini tuzish va Kuril muammosiga barham berish uchun yo‘l ochuvchi deklaratsiya imzolangan. Biroq keyinroq Yaponiya ushbu deklaratsiyani bajarishdan bosh tortgan. Shunday bo‘lsa-da, Rossiya Yaponiya hukumatiga yon bosib, tinchlik shartnomasi bo‘yicha muloqotni qayta tiklagan.
«Afsuski, bugungi kunda pozitsiyalarning o‘zgarganini ko‘rib turibmiz. Alohida ta’kidlaymanki, bu holat bizning tomonimizdan hech qanday sababsiz yuz berdi», — dedi Rossiya prezidenti.
Ma’lumot o‘rnida, SSSR Ikkinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra Kuril orollarini o‘z tarkibiga qo‘shib olgan. 1956 yilda Sovet Ittifoqi Yaponiya bilan tinchlik deklaratsiyasini imzolab, tinchlik shartnomasi tuzilgan taqdirda Shikotan va Xabomai orollarini qaytarib berishga va’da bergan. Ammo keyinchalik Yaponiya hukumati barcha orollarning qaytarilishini talab qildi va oqibatda tinchlik shartnomasi imzolanmay qoldi.
Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan so‘ng esa, G‘arb sanksiyalariga qo‘shilgan Yaponiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar Moskva tomonidan butunlay to‘xtatildi.
Yaponiya va Ukraina keskin norozilik bildirdi
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Iturup oroliga qilgan safari ortidan Rossiyaning Tokiodagi elchisi Nikolay Nozdrevni chaqirtirdi.
Bundan avvalroq Yaponiya tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi rasmiy bayonot berib, Rossiya tomoniga keskin norozilik bildirgan edi. Bayonotda barcha «shimoliy hududlar» (Tokio Kuril tizmasining janubiy qismini, xususan, Iturupni shunday ataydi) tarixiy va huquqiy jihatdan Yaponiyaning azaliy yeri ekani alohida ta’kidlangan.
Xuddi shunday pozitsiyani bosh vazir Sanae Takaichi ham ilgari surib, Putinning Iturupga safari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni izga solish jarayonini yanada murakkablashtirganini qayd etdi.
Shu bilan birga, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ham Vladimir Putinning Kuril orollariga tashrifini keskin qoraladi. Kiyevdagi diplomatik idora Kremlning bu qadamini «keskinlikni oshirish, qo‘rqitish va noqonuniy bosqinni qonuniylashtirishga qaratilgan ongli urinish» sifatida baholagan.
Ukraina diplomatlari Tokio bilan to‘liq birdam ekanini bildirib, toki Rossiya o‘zgalar hududini bosib olishni to‘xtatmas ekan, xalqaro hamjamiyatni Moskvaga nisbatan sanksiyalar va diplomatik bosimni kuchaytirishga chaqirdi.
«Rossiya faqat kuch tilini tushunadi. Rossiya rahbariyatining hech qanday ko‘rgazmali tashriflari, o‘nlab yillar davom etgan bosqin yoki tashviqoti ochiq-oydin haqiqatni o‘zgartira olmaydi: Iturup va Shimoliy hududlarning boshqa orollari Yaponiyaning ajralmas qismi hisoblanadi», — deyiladi Ukraina TIV bayonotida.
Yaponiya javob choralarini ko‘rib chiqmoqda
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Tokio Putinning Iturup oroliga qilgan tashrifi yuzasidan qat’iy norozilik bildirishini e’lon qildi.
«Putin Iturupga tashrif buyurdi va biz bu xatti-harakatga nisbatan keskin norozilik bildiramiz. Shimoliy hududlar — xoh tarixiy nuqtai nazardan, xoh xalqaro huquq me’yorlariga ko‘ra — Yaponiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Rossiya amaldagi prezidentining Iturupga safari Tokioning Shimoliy hududlarga nisbatan o‘zgarmas pozitsiyasiga mutlaqo ziddir. Shuningdek, bu tashrif yapon xalqining hissiyotlariga og‘ir botadi va uni aslo qabul qilib bo‘lmaydi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda. Hatto shunday murakkab sharoitda ham Yaponiya muloqotni saqlab qolish uchun barcha imkoniyatini ishga solgan edi. Biroq shuni ta’kidlashim kerakki, mazkur tashrif Yaponiya ichkarisidagi Rossiyaga qarshi kayfiyatni yanada kuchaytirdi hamda o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda munosabatlarni tiklash jarayonini yanada murakkablashtirdi. Biz Rossiya tomoni yuzaga kelgan vaziyatning butun og‘irligini teran anglab yetishini istaymiz», — dedi Takaichi.

«NHK» telekanali xabar berishicha, Yaponiya hukumati mazkur tashrif munosabati bilan tegishli javob choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy choralardan biri Rossiyaga nisbatan joriy qilingan amaldagi sanksiyalarni yanada kuchaytirishdan iborat bo‘lishi mumkin.
«NHK» so‘rovida qatnashgan tahlilchilarning taxmin qilishicha, ushbu choralar qabul qilingan taqdirda, shusiz ham tarang bo‘lib turgan ikki tomonlama munosabatlar yanada yomonlashadi.





