Logo

Korrupsiya bo‘yicha oldinda borayotgan Andijon, sertifikatsiz ishlashi taqiqlangan rieltorlar va avtomobil mingan mansabdorlarga jazo — 10-avgust dayjesti

Bugun 22:373 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Korrupsiya bo‘yicha oldinda borayotgan Andijon, sertifikatsiz ishlashi taqiqlangan rieltorlar va avtomobil mingan mansabdorlarga jazo — 10-avgust dayjesti

O‘zbekistonda ingliz huquqi asosida ishlaydigan raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi

Senat «Enterprise Uzbekistan» xalqaro raqamli texnologiyalar markazini tashkil etishni nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy qonunni ma’qulladi. Markaz IT Park hududida faoliyat yuritadi va unda ingliz huquqi tamoyillari asosida maxsus huquqiy tartib joriy etiladi.

Markaz ishtirokchilari uchun soliq va bojxona imtiyozlari, texnologiya va uskunalarni olib kirishning soddalashtirilgan tartibi, investitsiyalar hamda intellektual mulkni himoya qilish kafolatlari belgilanadi. Hukumat bu orqali Apple, Google, Microsoft va Amazon kabi yirik IT kompaniyalarini jalb qilishni ko‘zlamoqda. 2030 yilgacha raqamli xizmatlar eksportini 5 mlrd dollarga, yuqori daromadli ish o‘rinlari sonini esa 300 mingtadan ortiqqa yetkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda rieltorlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun qabul qilindi

O‘zbekistonda rieltorlik faoliyatini tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, rieltorlar malaka sertifikatiga ega bo‘lishi va faqat rieltorlik tashkiloti tarkibida ishlashi kerak. Sertifikat 5 yilga beriladi, xalqaro tan olingan sertifikatga ega shaxslarga esa milliy sertifikat imtihonsiz rasmiylashtiriladi.

Rieltorlik tashkilotlari Yagona reyestrga kiritilganidan so‘ng faoliyat yuritishi mumkin. Tashkilot rahbari sertifikatga ega bo‘lishi, shtatda kamida ikki nafar sertifikatli rieltor ishlashi, fuqarolik javobgarligi sug‘urtalanishi va professional birlashmaga a’zo bo‘lishi shart. Rieltorlar mijozlarga ko‘chmas mulk va mulkdor haqida to‘liq va ishonchli ma’lumot berishi, maxfiylikni saqlashi lozim.

Qonun xususiy sektorda «multlisting» tizimini joriy etishni ham nazarda tutadi. Yangi tartib 8-noyabrdan kuchga kiradi.

Eng ko‘p korrupsiya jinoyatlari Andijonda qayd etilgan — senator

2025 yilda O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun 7 517 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. Davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar 2,9 trillion so‘mdan oshgan. Eng ko‘p holatlar Andijonda qayd etilgan — 946 nafar. Keyin Toshkent viloyati (793), Qashqadaryo (745), Samarqand (709) va Namangan (509) keladi.

Sohalar bo‘yicha esa korrupsiya uchun eng ko‘p javobgarlikka tortilganlar maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari — 580 nafar. Mahalliy hokimliklarda 497, sog‘liqni saqlashda 404, tijorat banklarida 245 va oliy ta’limda 161 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan. Senator bu ko‘rsatkichlar korrupsiya holatlarini aniqlash kuchayganini ko‘rsatishini aytgan, biroq tashkilotlardagi komplayens-nazorat tizimlari samaradorligini ham tanqid qilgan.

«Avtomobilsiz kun»da avtomobil mingan mansabdorlar javobgarlikka tortiladi

10-avgust kuni O‘zbekistonda navbatdagi «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkaziladi. Prezident farmoniga ko‘ra, aksiya har oyning 10 va 25 sanalarida tashkil etiladi. Uning maqsadi avtotransportdan chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirish va jamoat hamda ekologik toza transportdan foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat.

Aksiya doirasida davlat fuqarolik xizmatchilariga xizmat va shaxsiy avtomobillaridan foydalanmaslik talabi qo‘yilgan. Bu talabni buzgan mansabdorlar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin.

Foydalanilmayotgan aerodromlarni biznes uchun berish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda kichik va havaskor aviatsiyani rivojlantirish uchun alohida huquqiy tizim joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlash tartibi soddalashtiriladi, 115 kg gacha bo‘lgan uchish apparatlarini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazishdan ozod qilish taklif etilmoqda.

Loyihada foydalanilmayotgan aerodromlar va uchish-qo‘nish yo‘laklarini qayta tiklab, tadbirkorlar hamda loyiha tashabbuskorlariga ijaraga berish ham nazarda tutilgan. Bu obyektlar faol turizmni rivojlantirishda foydalanilishi mumkin. Hozircha qaysi aerodromlar qayta tiklanishi aniq emas.

Teglar

Mavzuga oid