Qimmatlayotgan jarimalar: kuzdan YTH jarima miqdori qancha bo‘ladi?
O‘zbekistonda 1-sentabrdan bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘mga oshirilishi sababli yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun belgilangan jarimalar miqdori ham qimmatlashadi. Vaqt.uz qimmatlagan YTH jarimalari narxlarini jamladi.

Oxirgi marotaba 2025 yilning 1-avgustidan boshlab bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘m etib belgilangan edi. 2026 yilning 1-sentabridan esa ushbu ko‘rsatkich 440 ming so‘mni ташкил etadi.
Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar ham aynan BHM bilan bog‘liq. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda yo‘l qoidalarini buzganlik uchun barcha jarimalar konkret pul miqdorida emas, balki BHM ning baravarida ko‘rsatilgan.
Masalan, ayrim qoidabuzarliklar uchun 0,5 BHM, boshqalari uchun 1 yoki 2 BHM jarima belgilanadi.
Jarimalar narxi qancha bo‘ladi?
2026 yil BHM o‘tgan yilga nisbatan 28 ming so‘mga yoki qariyb 6,8 foizga oshayotgani sababli barcha jarimalar narxlari ham sezilarli darajada oshdi.
№ | Qoidabuzarlik turi | Hozirgi jarima (so‘m) | 1-sentabrdan (so‘m) |
1 | Kamar taqmaslik (0,5 BHM) | 206 000 | 220 000 |
2 | Texnik ko‘rikdan o‘tmaslik yoki dori qutisi yo‘qligi | 206 000 | 220 000 |
3 | Hujjatsiz haydash (1 BHM) | 412 000 | 440 000 |
4 | Sug‘urtasiz mashina boshqarish (1 BHM) | 412 000 | 440 000 |
5 | Tezlikni 20 km/soatgacha oshirish (1 BHM) | 412 000 | 440 000 |
6 | Svetoforning qizil chirog‘ida o‘tish (2 BHM) | 824 000 | 880 000 |
7 | Noto‘g‘ri parkovka (2 BHM) | 824 000 | 880 000 |
8 | Telefonda gaplashish (3 BHM) | 1 236 000 | 1 320 000 |
9 | Qarama-qarshi yo‘nalishda haydash (10 BHM) | 4 120 000 | 4 400 000 |
10 | Ruxsatsiz tonirovka va mast holatda mashina haydash (25 BHM) | 10 300 000 | 11 000 000 |
11 | Avtomobilni davlat raqamisiz boshqarish (50 BHM) | 20 060 000 | 22 000 000 |
0,5 BHM miqdoridagi jarimalar 206 ming so‘mdan 220 ming so‘mga yetadi. Xavfsizlik kamarini taqmaslik, transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazmaslik yoki avtomobilda dori qutisi bo‘lmasligi uchun haydovchilar avvalgidan 14 ming so‘m ko‘proq pul to‘laydi.
1 BHM miqdoridagi jarimalar esa 412 ming so‘mdan 440 ming so‘mgacha oshadi. Hujjatsiz avtomobil boshqarish, majburiy sug‘urta polisi bo‘lmagan holda mashina haydash va belgilangan tezlikni 20 km/soatgacha oshirish ham jarima olishga sabab bo‘ladi.
2 BHM miqdorida jarima qo‘llanadigan qoidabuzarliklar uchun to‘lov 824 ming so‘mdan 880 ming so‘mga ko‘tariladi. Jumladan, svetoforning qizil chirog‘ida o‘tish va noto‘g‘ri parkovka qilish bilan bog‘liq jarimalar 56 ming so‘mga qimmatlashadi.
BHM miqdori oshgani sari jarimadagi pul farqi ham kattalashib boraveradi. Masalan, avtomobil boshqarish vaqtida telefondan foydalanish uchun jarima 1 million 236 ming so‘mdan 1 million 320 ming so‘mga yetib, 84 ming so‘mga ko‘tarilishi belgilandi.
10 BHM miqdoridagi jarima 4 million 120 ming so‘mdan 4 million 400 ming so‘mga oshadi. Qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish uchun belgilangan ushbu jarima 280 ming so‘mga qimmatlaydi.
25 BHM miqdoridagi jarimalar ham 700 ming so‘mga ko‘tariladi. Ruxsatsiz tonirovka va mast holatda avtomobil boshqarganlik uchun jarima 10 million 300 ming so‘mdan 11 million so‘mga yetadi.
Mast holatda avtomobil boshqargan haydovchiga jarimadan tashqari, transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilish jazosi ham qo‘llanadi. Bu ikki jazo chorasi birgalikda tayinlanadi.
50 BHM miqdoridagi avtomobilni davlat raqamisiz boshqarish uchun jarima 20 million 60 ming so‘mdan 22 million so‘mga oshadi. Ya’ni 1-sentabrdan haydovchi avvalgidan 1 million 940 ming so‘m ko‘proq jarima to‘laydi.
Jarimalarning bugungi miqdorini besh yil oldingi ko‘rsatkich bilan solishtirganda, o‘sish ancha sezilarli darajada bo‘ldi. 2022-2026 yillar davomida bazaviy hisoblash miqdori 140 ming so‘mga ko‘tarildi. Boshqacha aytganda, so‘nggi 5 yil ichida barcha turdagi jarimalar summasi 46,7 foizga oshgan.
Jarimani o‘z vaqtida to‘laganlarga chegirma mavjud
Jarimalar narxi oshgan bo‘lsa ham, ularni chegirma bilan to‘lash imkoniyati saqlanib qoladi. Ma’muriy javobgarlik kodeksiga ko‘ra, jarima qarori haydovchiga topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida to‘langan taqdirda jarimaning teng yarmi, ya’ni 50 foizi to‘lanadi.
Agar 30 kun ichida to‘lansa — 30 foiz chegirma amal qiladi. Masalan, 1-sentabrdan keyin kamar taqmagani uchun haydovchiga 220 000 so‘m jarima yozilsa, u dastlabki 15 kunda to‘lovni amalga oshirsa, atigi 110 000 so‘m sarflaydi. Ya’ni jarima summasi oshgan bo‘lsa ham, belgilangan muddatdan foydalanish yakuniy xarajatni kamaytirishi mumkin.
Biroq qoidabuzarlikni takrorlash holatida vaziyat boshqacha bo‘ladi. Bir xil qoidani takroran buzish ayrim hollarda og‘irroq jazo qo‘llanishiga olib keladi.
Bunda jarima miqdori oshishi bilan birga, jarima ballari hisoblanishi yoki haydovchilik huquqidan mahrum qilish kabi choralar ham qo‘llanishi mumkin.
Shunday qilib, BHM oshgani sari yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarimalar ham qimmatlashmoqda. Ammo haydovchi qancha pul to‘lashi faqat jarimaning belgilangan miqdoriga bog‘liq emas. Qaysi qoida buzilgani, qoidabuzarlik takrorlanganmi va jarima belgilangan muddatda to‘langanmi — bularning barchasi yakuniy to‘lovga ta’sir qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqqi ilk bor 7 mln so‘mga yetgani haqida xabar bergan edik.




