Logo

USAID yopilishi nechta odamning umriga zomin bo‘ldi?

Bugun 19:557 daqiqa

Ilon Mask agentlik tugatilishi oqibatida birorta ham odam o‘lmaganini aytmoqda. «The Lancet» tadqiqoti esa 2030-yilgacha 14 mln qo‘shimcha o‘limni prognoz qilgan. «The Economist» tahliliga ko‘ra, har ikki raqamga ehtiyotkorlik bilan qarash kerak: qurbonlar bor, biroq ularning soni eng keskin baholardan ancha kam bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonga esa USAID yopilishidan oldingi to‘liq yilda qariyb 40 mln dollar yordam ajratilgan.

USAID yopilishi nechta odamning umriga zomin bo‘ldi? © Foto: Getty Images

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi — USAID yopilgach, qarorning inson hayotiga ta’siri bo‘yicha bir-biridan keskin farq qiladigan ikki qarash paydo bo‘ldi.

Agentlikni tugatishda Donald Tramp ma’muriyatiga yordam bergan Ilon Mask oradan bir yarim yil o‘tib, bu qaror birorta ham insonning o‘limiga sabab bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Bill Geyts esa Maskni dunyoning eng kambag‘al bolalarini o‘limga mahkum etganlikda ayblagan.

2025 yil iyulida The Lancet jurnalida chop etilgan tadqiqot USAID moliyalashtirishidagi keskin qisqarish 2030 yilgacha 14 mln dan ortiq qo‘shimcha o‘limga olib kelishi mumkinligini hisoblagan. Shundan 4,5 mln nafari besh yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri kelishi prognoz qilingan.

The Economist tahliliga ko‘ra, «hech kim o‘lmadi» degan da’vo ham, 14 mln kishilik hisob ham sinchiklab tekshirilganda ishonchli yakuniy raqam bo‘lib chiqmaydi.

Yordam to‘xtaganda nima yuz berdi?

USAID yiliga qariyb 60 mlrd dollar tarqatar, bu dunyodagi jami xorijiy yordamning taxminan chorak qismiga teng edi. Mablag‘ OIVga qarshi dorilar va tabiiy ofatlardan keyingi yordamdan tortib, ta’lim, mustaqil OAV hamda sud-huquq islohotlarigacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarga sarflangan.

Agentlikning birdaniga yopilishi hayot uchun muhim xizmatlarni ham izdan chiqardi. Tramp barcha moliyalashtirishni to‘xtatganidan bir hafta o‘tib, hayotni saqlab qolishga qaratilgan dasturlar uchun vaqtinchalik istisno berdi.

Biroq qaysi loyiha istisnoga tushishi borasidagi chalkashlik sabab ayrim xizmatlar qayta ishga tushmadi, boshqalari esa keyingi oylarda butunlay bekor qilindi.

Masalan, Malavida tug‘ruq klinikalarining aksariyati ishlashda davom etdi, ammo uzoq qishloqlardagi ayollarni shifoxonaga olib boradigan tez yordam xizmati mablag‘siz qoldi.

The Economist suhbatlashgan tibbiyot xodimlariga ko‘ra, 25 yoshli Prudens tug‘ruq asoratidan vafot etgan va transport xizmati saqlanib qolganida shifoxonaga yetkazilishi mumkin edi. Ular yanvar oyidan buyon shunday sharoitda o‘n nafar ona vafot etganini aytgan.

Somalida esa Amerika yordami qisqarishi ortidan UNICEF klinikalarining qariyb chorak qismi yopilgan. Ularning asosiy bemorlari to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotgan bolalar edi. 2025 yilda shifoxonaga yotqizilgan bunday bolalar soni ikki baravar oshib, 768 nafarga yetgan, ayrimlari vafot etgan.

Bu holatlarning barchasida yordam bo‘lganida aynan nechta inson tirik qolishini aniq aytib bo‘lmaydi. Ammo o‘limlar soni nol bo‘lmaganini ko‘rsatadigan dalillar bor.

14 mln raqami qayerdan paydo bo‘ldi?

The Lancet jurnalidagi tadqiqot mualliflari 2001–2021 yillarda past va o‘rta daromadli 133 ta mamlakat ma’lumotlarini o‘rgangan. Ular aholi jon boshiga ko‘proq USAID yordami olgan davlatlarda o‘lim darajasi tezroq pasayganini aniqlagan. Keyin shu bog‘liqlikni 2030 yilgacha davom ettirib, moliyalashtirish keskin kamayadigan ssenariy bilan taqqoslagan.

Muammo shundaki, ikki ko‘rsatkich o‘rtasidagi bog‘liqlik yordamning o‘zi o‘limni aynan shu miqdorda kamaytirganini isbotlamaydi. Eng kambag‘al mamlakatlar odatda ko‘proq yordam olgan va ayni paytda ularda o‘lim darajasi eng tez tushgan.

Tadqiqotchilar aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot va boshqa omillarni hisobga olgan, biroq bu barcha muqobil izohlarni istisno qilmaydi.

Masalan, donorlar yordamni uni samarali ishlata oladigan, sog‘liqni saqlash tizimi nisbatan tayyor mamlakatlarga ko‘proq yo‘naltirishi mumkin. Bunday davlatlarda o‘lim darajasi USAID mablag‘isiz ham tezroq pasaygan bo‘lishi ehtimoli bor.

Yana bir muhim masala — tadqiqot USAID dasturlarining 83 foizi bekor qilingani yordam hajmi ham 83 foizga qisqarishini anglatadi, degan taxminga tayangan. Aslida loyihalar soni bilan sarflanadigan pul miqdori bir xil ko‘rsatkich emas. 

Ko‘plab yirik sog‘liqni saqlash va gumanitar dasturlar boshqa idoralarga o‘tkazilgan yoki qisman saqlab qolingan.

The Economist hisobiga ko‘ra, Tramp hokimiyatga qaytgach, Amerika tashqi yordami qariyb uchdan birga kamaygan. Eng katta qisqartirishlar ta’lim va demokratiyani qo‘llab-quvvatlash dasturlariga to‘g‘ri kelgan.

Inson hayotiga bevosita ta’sir qiladigan sog‘liqni saqlash va gumanitar yordamlar esa nisbatan kamroq qisqargan. AQSHning 2026 yilgi global sog‘liqni saqlash budjeti 10 mlrd dollarni tashkil etgan — bu Jo Bayden davridagi 2025 yilgi ko‘rsatkichdan 2,4 mlrd dollar kam.

Demak, 14 mln kishilik prognoz amalda yuz berganidan ancha keskinroq qisqartirish ssenariysiga qurilgan.

Eski natijani kelajakka ko‘chirish ham xato bo‘lishi mumkin

Hisob-kitobdagi ikkinchi muammo — bugungi har bir dollar 20 yil avvalgidek samara beradi, degan taxmin.

2000 yillar boshida vaksinalar, bezgakka qarshi to‘rlar va arzon dori vositalarining keng tarqalishi juda katta natija bergan.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalar o‘limi 2000 yildagi har ming tug‘ilishga 79 tadan 2016 yilda 42 tagacha tushgan. Keyingi olti yilda esa pasayish ancha sekinlashib, 2022 yilda 37 tani tashkil etgan.

Bu yordam endi samarasiz degani emas. Biroq eng arzon va tez natija beradigan choralar allaqachon keng joriy etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha mablag‘ning har bir dollari avvalgidan kamroq samara berishi mumkin.

Shu sabab 2001–2021 yillardagi natijani o‘zgarishsiz keyingi besh yilga ko‘chirish prognozni oshirib ko‘rsatadi.

Boshqa baholarda ham shunga o‘xshash muammo bor. Boston universiteti tadqiqotchilari USAIDning 160 mln dollarlik oziqlanish dasturini o‘lim yoqasidagi bir bolaga beriladigan 150 dollarlik oziq-ovqat paketi narxiga bo‘lib, 1,1 mln paket yo‘qolishini hisoblagan. Shundan kelib chiqib, kamida 168 ming bola vafot etishi mumkinligi aytilgan.

Ammo 160 mln dollarning katta qismi o‘lim yoqasidagi bolalarni davolashga emas, ayollar va bolalar orasida ochlikning oldini olishga sarflanishi ko‘zda tutilgan. Qolaversa, dastur keyinchalik boshqa idoraga o‘tkazilgan va butunlay bekor qilinmagan.

O‘zbekiston nimani yo‘qotdi?

Pinkod ma’lumotlariga ko‘ra, USAID tugatilishidan oldingi so‘nggi to‘liq yil — 2024 yilda — O‘zbekistonga 39,08 mln dollar yordam ajratgan. Bu Markaziy Osiyo uchun yo‘naltirilgan 158,8 mln dollarning qariyb choragiga teng. O‘zbekiston yordam hajmi bo‘yicha Tojikiston va Qirg‘izistondan keyin mintaqada uchinchi o‘rinda turgan.

Mablag‘ning 11 mln dollari sog‘liqni saqlashga, 8,7 mln dollari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, 6,5 mln dollari iqtisodiy rivojlanishga, yana 5,1 mln dollari ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga yo‘naltirilgan.

To‘rtta asosiy yo‘nalish jami yordamning 80 foizini tashkil qilgan. Demak, USAIDning O‘zbekistondagi faoliyati faqat fuqarolik jamiyati yoki siyosiy loyihalardan iborat bo‘lmagan.

Tarixiy raqamlar yordam hajmi O‘zbekiston va AQSH munosabatlaridagi o‘zgarishlar bilan bir vaqtda keskin tebranib turganini ko‘rsatadi. 2001 yilda USAID 14,51 mln dollar ajratgan bo‘lsa, 11-sentabr voqealaridan keyin O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha strategik ahamiyati oshishi fonida 2002 yilda bu summa rekord darajadagi 60,55 mln dollarga yetgan.

2005 yilgi Andijon voqealaridan keyin ikki davlat munosabatlari sovigan va 2009 yilga kelib yordam 5 mln dollargacha tushgan. Bu 2002 yildagi ko‘rsatkichdan qariyb 12 baravar kam.

2017 yildan boshlab moliyalashtirish yana o‘sa boshladi: 2018 yilda 19,62 mln dollar, pandemiya boshlangan 2020 yilda 28,57 mln dollar ajratildi. Keyingi to‘rt yilda esa yillik yordam 37–43 mln dollar oralig‘ida saqlanib qoldi.

Bu dinamika USAID yordami faqat ijtimoiy ehtiyojlarga emas, AQSHning mintaqadagi tashqi siyosiy ustuvorliklariga ham bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatadi.

Bekor qilingan shartnomalar ro‘yxatiga O‘zbekistondagi besh yillik, 18 mln dollarlik TB Free Uzbekistan silga qarshi kurash loyihasi, 25 mln dollarlik All Children Succeeding inklyuziv ta’lim dasturi hamda fuqarolik jamiyati va OAVni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan 10 mln dollarlik loyiha ham kiritilgan.

Bu loyihalarning qiymati ko‘p yillik rejalashtirilgan budjet bo‘lgani uchun ularni 2024 yilda ajratilgan 39,08 mln dollarga qo‘shib hisoblash to‘g‘ri emas.

European Training Foundation hisobotiga ko‘ra, inklyuziv ta’lim dasturi endigina ish boshlagan paytda, 2025 yil fevralida bekor qilingan. Silga qarshi loyiha esa kasallikni aniqlash va davolash xizmatlaridan foydalanishni kengaytirishi kerak edi.

USAIDning agentlik sifatida tugatilishi AQSHdan keladigan barcha yordam butunlay yo‘qoldi degani emas: saqlab qolingan ayrim dasturlar Davlat departamentiga o‘tkazilgan. Biroq ochiq ma’lumotlar O‘zbekistondagi qaysi xizmatlar mahalliy budjet yoki boshqa donorlar hisobidan davom ettirilgani, qaysilari esa to‘liq to‘xtaganini baholashga yetmaydi.

Shu sabab USAID yopilishi O‘zbekistonda aynan nechta o‘limga olib kelganini hisoblash uchun asos yo‘q. Asosiy savol boshqa: silni aniqlash, davolash va inklyuziv ta’lim kabi bekor qilingan dasturlarning vazifasini kim va qanday mablag‘ hisobidan davom ettirdi?

Raqam noma’lum, ammo nol emas

USAID yopilishining aniq insoniy qiymatini hisoblashni qarorning o‘zi yanada qiyinlashtirdi. Yordam bilan birga sog‘liq bo‘yicha so‘rovlar, monitoring va ma’lumot yig‘ish dasturlari ham qisqardi. Natijada ta’sirni o‘lchashi kerak bo‘lgan tizimning o‘zi zaiflashdi.

Hozircha eng ehtiyotkor xulosa shuki, USAID tugatilishi oqibatidagi o‘limlar eng dahshatli prognozlardan kamroq bo‘lishi mumkin. Bunga hayot uchun muhim dasturlarning bir qismi saqlab qolinishi va ayrim hukumatlarning bo‘shliqni qisman to‘ldirgani sabab bo‘lgan.

Biroq bu Ilon Maskning «nol» degan da’vosini tasdiqlamaydi. Moliyalashtirishning tartibsiz va keskin to‘xtatilishi xizmatlarni uzdi, ayrim hollarda esa odamlarni davolanish yoki shifoxonaga yetib borish imkonidan mahrum qildi.

Qurbonlarning aniq soni bahsli. Ularning mavjudligi esa bahsli emas.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 265

Barchasi

Mavzuga oid

USAID yopilishi nechta odamning umriga zomin bo‘ldi? | Vaqt.uz