O‘zbekistonda 18 yoshdan katta aholining qariyb uchdan ikki qismi ortiqcha vazn bilan yashamoqda
O‘zbekistonda katta yoshli aholining 64 foizida ortiqcha vazn yoki semizlik bor. Bu ko‘rsatkich bilan mamlakat MDH davlatlari orasida eng yuqori o‘rinda turibdi.
© Vladimir Vladimirov/E+/Getty ImagesO‘zbekistonda 18 yoshdan katta aholining 64 foizi ortiqcha vazn yoki semizlik bilan yashamoqda. Bu ko‘rsatkich MDH davlatlari orasidagi eng yuqorisi hisoblanadi.
«Our World in Data» keltirgan statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda tana vazni indeksi 25 va undan yuqori bo‘lgan, katta yoshli aholining ulushi 1980 yilda 28 foiz atrofida bo‘lgan. 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 64 foizga yetgan.
MDH davlatlarida, xususan, Ozarbayjonda u 63 foiz, Moldovada 61 foizni, Rossiyada 56 foizni, Belarusda esa 55 foizi tashkil etgan. Markaziy Osiyoda Turkmaniston va Tojikiston 58 foizdan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston 56 foizdan qayd etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ortiqcha vazn muammosi bilan bir qatorda semizlik darajasi ham yuqori. 18–64 yoshdagi aholining qariyb 20 foizi semizlik bilan yashaydi. Ortiqcha vazn va semizlik esa yurak-qon tomir kasalliklari, yuqori qon bosimi va 2-toifa qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfini oshiradi.
Mutaxassislar fikricha, ovqatlanish tarzi bu muammolarning asosiy sababi hisoblanadi. O‘zbekistonda bir kishi kuniga o‘rtacha 14,9 gramm tuz iste’mol qiladi. Bu JSST tavsiya etgan 5 grammlik me’yordan qariyb uch barobar ko‘p. Aholining taxminan uchdan bir qismi esa yetarli miqdorda meva va sabzavot iste’mol qilmaydi. Shuningdek, 46 foiz aholida xolesterin miqdori yuqori ekani qayd etilgan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda dunyodagi katta yoshli aholining 43 foizi ortiqcha vaznli, 16 foizi esa semizlik bilan yashagan. 1990 yilda ortiqcha vaznli kattalar ulushi 25 foiz edi. Mamlakatlar kesimida ham farq katta: AQSHda katta yoshlilarning 71 foizi, BAAda 70 foizi, Buyuk Britaniyada 62 foizi ortiqcha vaznli bo‘lsa, Yaponiyada bu ko‘rsatkich 24 foizni tashkil etadi.





