Logo

Qozog‘istonda o‘zbekistonlik bloger xalqaro qidiruvga berildi

Bugun 20:092 daqiqa

U qimor o‘yinlarini reklama qilish va bir necha onlayn kazinoni targ‘ib qilishda gumonlanmoqda.

Qozog‘istonda o‘zbekistonlik bloger xalqaro qidiruvga berildi © Foto: gov.kz

Qozog‘iston Moliyaviy monitoring agentligi «Maha.dxb» taxallusi bilan tanilgan O‘zbekiston fuqarosi, bloger Mahmud Xikmatovni xalqaro qidiruvga berdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2000 yil 19-fevralda tug‘ilgan Mahmud Xikmatovga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi sanksiyalangan. U noqonuniy internet-kazinolarni targ‘ib qilishda gumonlanmoqda.

«U «SultanGames», «PINCO», «Nomadcasino», «Pin-Up», «Vavada» va boshqa noqonuniy internet-kazinolarni ilgari surishda gumonlanmoqda», — deyiladi idora tarqatgan xabarda.

Blogerning noqonuniy sxemadagi roli va jalb qilingan inflyuyenserlar

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi hududida noqonuniy internet-kazino interfeysini taqdim etish, pulni qabul qilish va to‘lash (ekvayring, mobil tijorat, kriptovalyuta) hamda ko‘proq o‘yinchilarni jalb qilish maqsadida reklama tarqatish bo‘yicha muntazam sxema amal qilgan.

Tashkilotchilar internet-kazinolarni ommalashtirish uchun Xikmatovni jalb etgan bo‘lib, unga Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan inflyuyenserlarni reklama kontentini joylashtirishga jalb qilish vazifasi yuklatilgan.

«Ushbu faoliyat doirasida M. Xikmatov blogerlardan ularning ijtimoiy tarmoqlaridagi statistik ma’lumotlarini, jumladan demografiya, auditoriya geografiyasi va qamrov ko‘rsatkichlarini so‘rab olgan, shular asosida reklama xizmatlari narxi belgilangan», — deya ta’kidlanadi xabarda.

Umumiy hisobda u tomondan 35 dan ortiq bloger, jumladan taniqli bloger K.Kamza jalb etilgani aytilmoqda. Keng auditoriyaga ega bo‘lgan K.Kamza referal havolalarni joylashtirish va har bir o‘tish uchun mukofot olish orqali Qozog‘iston fuqarolarini noqonuniy qimor o‘yinlariga qasddan jalb qilgan. Idora eslatishicha, K.Kamza joriy yilning 6-avgustida Vietnam Sotsialistik Respublikasidan ekstraditsiya qilingan.

Teglar

Mavzuga oid