Logo

Click yangi Ipak yo‘lining markazida: Silk Road Finance & Technology Forum 2026 qanday o‘tdi?

Forum doirasida kompaniya Click Olami'ni — tadbirning eng ko‘zga ko‘ringan stendlaridan birini taqdim etdi. Stend Yashil Meros ekologik dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jonli o‘simliklar bilan bezatildi.Click'ning ikki vakili — Naima Mirzayeva va Aleksey Shatilov forumda spiker sifatida qatnashib, avtonom AI-agentlarni boshqarish hamda O‘zbekistonda moliyaviy inklyuziyaning kelajagi haqidagi fikrlari bilan bo‘lishishdi.

Click yangi Ipak yo‘lining markazida: Silk Road Finance & Technology Forum 2026 qanday o‘tdi?

24–25-avgust kunlari Click Toshkentda ilk bor o‘tkazilgan Silk Road Finance & Technology Forum'ning platina homiysi sifatida ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Global Finance & Technology Network (GFTN) tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro platforma Markaziy Osiyo moliya tizimi rivojining keyingi bosqichi qanday bo‘lishini muhokama qilish uchun markaziy banklar va moliya institutlari, fintech kompaniyalar, investorlar, texnologik kompaniyalar hamda regulyatorlar vakillarini bir maydonga jamladi.

Forumning rasmiy dasturidan open Banking, transchegaraviy to‘lovlar, raqamli aktivlar va steyblkoinlar, sun’iy intellekt, raqamli identifikatsiya, moliyaviy xavfsizlik, investitsiyalar hamda moliya va texnologiya sektorlarining o‘zaro hamkorligiga oid yangi modellar kabi mavzular o‘rin oldi.

Forum nomining o‘zi uning vazifasini aniq ifodalaydi. Zamonaviy «Ipak yo‘li» endi faqat savdo yo‘llarini emas, balki bozorlar, moliyaviy infratuzilma, texnologiyalar, kapital va ma’lumotlarni o‘zaro bog‘lash imkoniyatini ham anglatadi. Shu sababli maydondagi suhbat odatiy fintech doirasidan ancha keng chiqdi: raqamli xizmatlar yanada ommabop, infratuzilma yanada o‘zaro bog‘langan, yangi texnologiyalar esa biznes va odamlar uchun yanada xavfsiz hamda foydali bo‘ladigan moliyaviy tizimni qanday qurish mumkinligi muhokama qilindi.

Click uchun bunday forumda qatnashish kompaniyani nafaqat moliyaviy texnologiyalar kompaniyasi sifatida, balki bozor kelajagi haqidagi kengroq muloqotning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etish imkonini berdi.

Forumda Click bosh direktori Ulug‘bek Rustamov hamda kompaniya jamoasining boshqa vakillari ishtirok etdi. Ular ishbilarmonlik dasturida qatnashib, xalqaro fintech hamjamiyati vakillari bilan uchrashdilar va bugun mintaqada moliyaviy texnologiyalar rivojiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan masalalarni muhokama qildilar.

1

Click ishtirokining eng ko‘zga ko‘ringan qismlaridan biri kompaniyaning Click Olami stendi bo‘ldi. Keng ko‘lamli ko‘rgazma ekspozitsiyasi orasida u tom ma’noda jonli makon sifatida ajralib turardi: o‘simliklar maydonni o‘rab olgan, yuqoridan osilib turgan yashil kompozitsiyalar esa stend ichida alohida yashil hudud hosil qilgan edi.

Mazkur konsepsiya Click'ning Yashil Meros ekologik loyihasining davomi bo‘ldi. Biroq yashillik bu yerda shunchaki bezak emas edi. Stendda SI asosidagi interaktiv tajriba ham taqdim etildi: forum ishtirokchilari sun’iy intellekt yordamida o‘zlarining raqamli avatarlarini yaratishlari mumkin edi, Click esa Yashil Meros doirasida har bir ishtirokchi nomidan daraxt ekadi.

2

Shu tariqa Click bitta tadbir doirasida texnologiyalar, sun’iy intellekt va barqaror rivojlanishni birlashtirdi. Brend bilan raqamli muloqot forum tashqarisida aniq bir amaliy harakatga — yangi daraxt ekilishiga aylandi. Shu sababli Click Olami shunchaki ko‘rgazma stendi emas, balki Yashil Meros’ning davomi va tashrif buyuruvchilarni real ekologik loyihaga jalb etish usuliga aylandi.

3

Click ishtirokining yana bir muhim qismi forumning ishbilarmonlik dasturi bo‘ldi. Kompaniyaning ikki vakili bir qarashda turli, ammo aslida bitta katta muhokamaning ikki yo‘nalishini qamrab olgan mavzularda chiqish qildi: moliyaviy texnologiyalarni odamlar uchun yanada qulay qilish va shu bilan birga qaror qabul qilish nuqtayi nazaridan ularning mustaqilligini oshirish.

Click Kuzatuv kengashi a’zosi Naima Mirzayeva moliyaviy inklyuziyaning kelajagi haqidagi qarashlarini taqdim etdi. U «Embedded Finance in Action — The Last Mile, the SME & the Individual» nomli munozarada ishtirok etdi. Muhokama integratsiyalashgan moliyaviy xizmatlar hamda texnologiyalar odamlar va biznes uchun moliyaviy imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini qanday o‘zgartirayotgani haqida bo‘ldi.

4

Click'ning bu yo‘nalishdagi yo‘li oddiy *880# USSD-kodidan boshlangan. U smartfon va mobil internet bo‘lmagan sharoitda ham moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkonini bergan. Bugunga kelib esa bu yo‘l to‘lovlar, pul o‘tkazmalari, biznes uchun servislar va boshqa kundalik moliyaviy vositalarni birlashtirgan to‘laqonli raqamli ekotizimgacha yetib keldi. Hozir Click 24 milliondan ortiq foydalanuvchi va 80 mingdan ziyod biznes hamkorni birlashtiradi.

Bu yo‘l moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati qanday o‘zgarganini yaqqol ko‘rsatadi. Ilgari ko‘pchilik uchun bu yo‘l bank filialidan boshlangan bo‘lsa, bugun operatsiyalarning katta qismini masofadan turib va inson allaqachon foydalanayotgan raqamli servislar ichida amalga oshirish mumkin. Bu ayniqsa hududlar uchun muhim, chunki bank filialiga jismonan yaqin bo‘lish zaruratining o‘zi moliyaviy xizmatlardan foydalanish yo‘lidagi to‘siqqa aylanishi mumkin.

Biroq Mirzayeva ta’kidlaganidek, moliyaviy xizmatdan foydalanish imkoniyatining mavjudligi va haqiqiy moliyaviy inklyuziya bir xil tushuncha emas. Agar inson servis qanday ishlashini tushunmasa, raqamli vositalarga ishonmasa yoki xato qilishdan qo‘rqsa, rasman mavjud imkoniyat amalda baribir undan foydalanib bo‘lmaydigan imkoniyat bo‘lib qoladi.

Shuning uchun, uning fikricha, keyingi bosqich faqat texnologik imkoniyatlarni kengaytirish bilangina bog‘liq emas. Moliyaviy savodxonlik, xavfsizlik, ishonch va mahsulotlarning soddaligi ham inklyuziyaning moliyaviy operatsiyani amalga oshirish yoki moliyaviy mahsulotdan foydalanish imkoniyatining o‘zi kabi muhim shartlariga aylanmoqda.

Click uchun ushbu yondashuvning asosida Customer First tamoyili yotadi: moliyaviy xizmatlar, avvalo, insonning real ehtiyojlari atrofida yaratilishi kerak. Uning yashash joyi, foydalanayotgan qurilmasi yoki yaqin atrofda bank filiali bor-yo‘qligi moliyaviy tizimdan foydalanish imkoniyatini belgilab bermasligi lozim.

Moliyaviy texnologiyalar kelajagining boshqa bir jihatini Click CIO'si Aleksey Shatilov taqdim etdi. U «Tashkilotning raqamli modeli orqali agentlar avtonomiyasini boshqarish» mavzusidagi chiqishida AI-agentlar ishini qanday tashkil etish kerakligi, ularning mustaqilligi aniq vakolat chegaralari va har bir harakatni nazorat qilish imkoniyati bilan qanday uyg‘unlashishi mumkinligi haqida so‘zladi.

6

Silk Road Finance & Technology Forum mahalliy bozorni xalqaro moliyaviy va texnologik ekotizim bilan bog‘lash g‘oyasi atrofida tashkil etildi. Shu ma’noda Click'ning ishtiroki tabiiy va mantiqiy bo‘ldi: kompaniya bir vaqtning o‘zida o‘z texnologiyalarini namoyish etdi, ishbilarmonlik sahnasida ekspertlik pozitsiyasini taqdim etdi va mintaqa moliyaviy tizimida yuz berayotgan yanada kengroq o‘zgarishlar haqidagi suhbatning bir qismiga aylandi.

7

Moliyaviy inklyuziya va raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatidan tortib, avtonom AI-agentlar va raqamli ishonchgacha — bir qarashda bu mavzular bir-biridan ancha uzoqdek tuyuladi. Amalda esa ularning barchasi bitta savolga borib taqaladi: texnologiya alohida vosita bo‘lishdan chiqib, insonlar, biznes va butun boshli bozorlarning kundalik hayotining bir qismiga aylangan sharoitda moliyaviy tizim qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi kerak?

8


Shuni aytish kerakki, bunday maydonlarning qiymati stendlardagi logotiplar soni yoki hatto chiqishlar soni bilan belgilanmaydi. Ularning ahamiyati forum yakunlangandan keyin bozorda ko‘proq aloqalar, g‘oyalar va qaysi yo‘nalishda harakat qilish kerakligi haqidagi umumiy tushuncha paydo bo‘lishidadir.

Aynan shu ma’noda Silk Road Finance & Technology Forum Click uchun shunchaki ko‘rgazma emas, balki fintech rivojining keyingi bosqichi haqida suhbatlashish uchun muhim platformaga aylandi.

 

Instagram: @clickuz
Telegram: t.me/click_uz
LinkedIn: linkedin.com/click-uzbekistan

 

Reklama

Teglar

Mavzuga oid