Logo

Dunyodagi eng qimmat aviakompaniyalar qaysi?

Bugun 10:552 daqiqa

Eng qimmat aviakompaniya har kuni 5400 dan ortiq reysni amalga oshiradi va uning bozor kapitallashuvi 58,5 milliard dollarga teng.

Dunyodagi eng qimmat aviakompaniyalar qaysi? © Shutterstock

«Delta Air Lines» dunyodagi eng qimmat aviakompaniya hisoblanadi. 2026-yil iyul oyida uning bozor kapitallashuvi 58,5 milliard dollarga yetdi — bu eng yaqin raqibi «United Airlines»nikidan 18 milliard dollardan ko‘proq yuqori. Bu haqda «CompaniesMarketCap» ma’lumotlarida keltirilgan.

1925-yilda tashkil etilgan «Delta» kompaniyasining bosh qarorgohi Atlanta shahrida joylashgan. U har kuni 5400 dan ortiq reysni amalga oshiradi va «SkyTeam» alyansining asoschilaridan biri hisoblanadi. AQSHning «katta uchligi» aviakompaniyalari orasida kompaniyalar qiymati o‘rtasidagi farq juda katta. «United Airlines» 40,1 milliard dollarlik kapitallashuv bilan dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi, «American Airlines» esa atigi 10,1 milliard dollarga baholangan — bu «Delta» qiymatining beshdan bir qismidan ham kam.

«American Airlines» an’anaviy raqiblaridan pastroq rentabellik va yuqoriroq qarzdorlik sababli ortda qolmoqda. Bozor qiymati 22,3 milliard dollar bo‘lgan «Southwest Airlines» esa «American Airlines»dan ikki baravardan ko‘proq qimmat, garchi u faqat Shimoliy Amerika hududida parvozlarni amalga oshirsa ham. «Ryanair» AQSHdan tashqaridagi eng qimmat aviakompaniyaga aylandi.

photo_2026-08-17_10-44-46


31,1 milliard dollarlik kapitallashuvga ega Irlandiyaning ultra-arzon aviakompaniyasi dunyo reytingida uchinchi o‘rinni egallab, IAG va «Lufthansa» kabi yirik aviatsiya guruhlarini ortda qoldirdi. Bosh qarorgohi Dublin shahrida joylashgan aviakompaniya boshqa Yevropa tashuvchilariga qaraganda ko‘proq yo‘lovchi tashiydi va ko‘proq reyslarni amalga oshiradi. «Ryanair» biznes modeli past bazaviy tariflarga asoslangan bo‘lib, bagaj tashish va o‘rindiq tanlash kabi qo‘shimcha xizmatlar uchun yo‘lovchilar alohida haq to‘laydi.

Dunyodagi eng qimmat beshta aviakompaniyaning barchasi AQSH yoki Yevropada joylashgan, biroq Osiyo aviakompaniyalari reytingdagi 20 ta o‘rindan 10 tasini egallagan. Mintaqada Hindistonning «IndiGo» aviakompaniyasi 21,1 milliard dollarlik kapitallashuv bilan yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda «Air China» — 18,8 milliard dollar va «Singapore Airlines» — 18,7 milliard dollar turadi.

Birinchi yigirmatalikka Xitoyning birdaniga to‘rtta aviakompaniyasi kirdi. Ularning umumiy bozor kapitallashuvi 53 milliard dollardan oshadi. Reytingda Gonkong, Yaponiya, Singapur va Tayvan aviakompaniyalari ham bor. Bu esa Osiyodagi eng yirik aviatsiya bozorining ko‘lami va xilma-xilligini ko‘rsatadi. «LATAM Airlines» va «Qantas» mos ravishda Janubiy Amerika va Okeaniyaning birinchi yigirmatalikdagi yagona vakillari hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Dunyodagi eng qimmat aviakompaniyalar qaysi? | Vaqt.uz