add

Ekofond 1,4 trln so‘m oladi: mablag‘lar qayerga yo‘naltiriladi?

Bugun 19:161692 daqiqa

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan davlat maqsadli jamg‘armasiga 2025–2026 yillarda 1,4 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Ekofond 1,4 trln so‘m oladi: mablag‘lar qayerga yo‘naltiriladi?

Prezidentning 18-noyabrdagi qaroriga muvofiq, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qoshida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etildi. Ushbu jamg‘arma ekologik holatni yaxshilash, havo sifati bilan bog‘liq muammolarni hal etish hamda barqaror ekologik loyihalarni moliyalashtirishga xizmat qiladi.

2025 yil oxiriga qadar davlat byudjetidan jamg‘arma uchun 900 mlrd so‘m ajratiladi. 2026 yilda esa respublika byudjetidan qo‘shimcha 548 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Shu tariqa, ikki yillik davrda jamg‘armaning umumiy moliyaviy hajmi 1,4 trln so‘mdan oshib ketadi.

2026 yil uchun rejalashtirilgan xarajatlar quyidagi yo‘nalishlarga taqsimlanadi:

«Yashil makon» loyihasini amalga oshirishga 250 mlrd so‘m; sanitariya tozalash ishlariga 150 mlrd so‘m, himoya o‘rmonlarini barpo etishga 73,7 mlrd so‘m;

ekologik sohada qo‘llaniladigan maxsus texnikalar xaridiga 66,3 mlrd so‘m.

3-dekabr kuni Qonunchilik palatasi yig‘ilishida Jamshid Qo‘chqorov 2025 yil uchun ajratiladigan 900 mlrd so‘m mablag‘ yil yakuniga qadar to‘liq o‘tkazilishini ma’lum qildi. U, shuningdek, havo sifatini yaxshilash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishga qaratilgan maxsus komissiya faoliyatiga e’tibor qaratdi.

Jamg‘armaning kelgusi daromad manbalari ham aniqlangan. 2026 yildan boshlab uglerod kreditlari savdosidan tushgan mablag‘larning 20 foizi, ekologik qoidabuzarliklar uchun undirilgan jarimalar, shuningdek transport vositalari va shinalar uchun utilizatsiya yig‘imlarining belgilangan qismi jamg‘armaga yo‘naltiriladi.

Jamg‘arma faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish uchun boshqaruv kengashi tashkil etiladi. Unga qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov rahbarlik qiladi. Kengash tarkibiga parlament, moliya idoralari va jamoatchilik vakillari kiritilib, qarorlar shaffoflik va jamoat oldida hisobdorlik tamoyillari asosida qabul qilinishi belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid

Ekofond 1,4 trln so‘m oladi: mablag‘lar qayerga yo‘naltiriladi? | Vaqt.uz