Elektr va gaz tarmog‘iga qayta ulanish uchun qo‘shimcha to‘lov bekor qilindi
O‘zbekistonda qarzdorligi sabab elektr yoki gazdan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun olinadigan 880 ming va 4,4 mln so‘mlik to‘lovlar endi talab qilinmaydi.
© Ijtimoiy tarmoqlarO‘zbekistonda qarzdorligi sabab elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun olinadigan qo‘shimcha to‘lov bekor qilindi. Bu prezidentning 23-sentabrda kuchga kirgan farmoni bilan belgilandi.
Endilikda qayta ulanish uchun maishiy iste’molchilardan BHMning ikki baravari — 880 ming so‘m, yuridik iste’molchilardan esa BHMning 10 baravari — 4,4 mln so‘m miqdorida qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi.
Avvalgi tartibda mazkur to‘lov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablag‘ o‘tkazish orqali undirilgan.
Yirik iste’molchilar uchun elektr tariflaridagi o‘zgarishlar
Asosiy va zaxira elektr ta’minoti uchun ulangan quvvati yig‘indisi 750 kVA va undan ortiq bo‘lgan hamda elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif asosida hisob-kitob qiladigan iste’molchilar uchun ham yangi tartib belgilandi.
Ular uchun tungi davrda — 22:00 dan 24:00 gacha hamda 00:00 dan 06:00 gacha belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llash bekor qilindi.
Yarim tig‘iz davrda — 09:00 dan 17:00 gacha esa belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
«Namunali iste’molchilar» uchun yangi tartib
Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlangan «namunali iste’molchilar» uchun alohida to‘lov tartibi ham joriy etildi.
Unga ko‘ra, iste’molchilar:
● hisobot oyi boshlanishidan oldin 15 foiz miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirishi;
● qolgan summani oy davomida to‘lashi mumkin.
Bunday iste’molchilarning qarzdorlik sababli tarmoqdan uzilib qolishi qoidabuzarlik sifatida baholanmaydi.
Issiqxona xo‘jaliklari uchun ham yangi tartib
Tabiiy gazdan foydalanuvchi issiqxona xo‘jaliklari uchun ham alohida to‘lov tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, hosil yilining dastlabki olti oyi — oktabrdan martgacha yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun 50 foiz miqdorida oldindan to‘lov amalga oshiriladi. Qolgan qismi esa oy yakuniga qadar to‘lanadi.
Keyingi oylardan boshlab tabiiy gaz uchun 100 foiz miqdorida oldindan to‘lov amalga oshiriladi.
Mazkur tartib avvalgi oyda qarzdorligi bo‘lmagan issiqxona xo‘jaliklariga nisbatan qo‘llaniladi.
Raqobat qo‘mitasining bildirishicha, o‘zgartirishlar iste’molchilar uchun ortiqcha to‘lovlarni bartaraf etish, to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish hamda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish sohasida iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Vaqt.uz avvalroq uch yillik prognozlar va investitsiya rejalari joriy etilishi haqida xabar bergandi. Shuningdek, kadrlar tayyorlashga 50 million dollargacha grantlar jalb etish rejalashtirilgan





