«Grin karta» lotereyasi yana to‘xtatildi
AQSH apellyatsiya sudi 2027-yilgi «Green Card» lotereyasini qayta ochish bo‘yicha quyi sudning qarorini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi.
© brighttax.comAQSH federal apellyatsiya sudi 2026-yil 29-oktabr kuni «grin karta» (Diversity Visa) dasturining 2027-moliya yili uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayonini qayta boshlashni talab qilgan quyi sud qarorining ijrosini to‘xtatdi.
Bu qarordan avval, ya’ni 14-oktabr kuni Kaliforniya janubiy okrugi federal sudi sudyasi Jinsuk Ohta AQSH Davlat departamenti zimmasiga «DV-2027» dasturini qayta ochish majburiyatini yuklagan edi. Sud Davlat departamenti ro‘yxatdan o‘tish muddatini 29-oktabrga qadar e’lon qilishi, arizalar qabul qilishni 1-noyabrdan boshlashi hamda tanlovdan o‘tgan ishtirokchilarga vizani rasmiylashtirish uchun ariza berish huquqi haqida 3-dekabrdan kechiktirmay xabar berishi kerakligini qat’iy belgilagandi.
Biroq AQSH hukumati ushbu qaror ustidan zudlik bilan apellyatsiya shikoyati berdi. Natijada apellyatsiya sudi hukumatning favqulodda tartibdagi bu murojaatini qanoatlantirib, ish ko‘rib chiqilayotgan davrda quyi sud qarorining ijrosini vaqtincha to‘xtatdi.
Sud nima uchun lotereyani qayta ochish haqidagi qarorni to‘xtatdi?
Mazkur sud ishi immigratsiya ixtisoslashgan «Red Eagle Law LC» yuridik firmasi tomonidan boshlangan edi. Kompaniya 2026-yil avgust oyida AQSH Davlat departamentiga qarshi da’vo arizasi kiritib, «DV-2027» dasturi bo‘yicha arizalar qabul qilish muddati hamon e’lon qilinmaganini qonunga zid deb baholagan.
Firma hukumatning bunday harakatsizligi ma’muriy tartib-qoidalarga zid ekanini hamda «grin karta» dasturini amalga oshirish bo‘yicha hukumatning qonuniy majburiyati bajarilmayotganini ta’kidlagan. Uning asosiy talabi dasturni zudlik bilan qayta ishga tushirishdan iborat bo‘lgan.
AQSH qonunchiligidagi «grin karta» dasturining maqsadi immigratsiya darajasi past bo‘lgan mamlakatlar fuqarolariga Amerikaga ko‘chib borish imkoniyatini yaratishdan iborat. Sudning ta’kidlashicha, Kongress ushbu dastur doirasida arizachilarga yuridik xizmat ko‘rsatishni ta’minlash bo‘yicha alohida qoidalar belgilamagan. Shu sababli yuridik firmaning potensial mijozlar va daromad yo‘qotishi haqidagi vaji dasturning huquqiy maqsadi bilan yetarlicha bog‘liq emas.
«Red Eagle Law» mazkur sud ishida yagona da’vogar bo‘lgan. Firma lotereyada qatnashishni istagan fuqarolarni da’vogar sifatida jalb qilmagan va ularning nomidan ish yuritayotganini ham bildirmagan.
Sudya N. Rendi Smit esa alohida fikrida firmaning AQSH Konstitutsiyasining III moddasi bo‘yicha ham sudga murojaat qilish huquqi yo‘qligini ta’kidlagan.
Vizalar berish ham alohida to‘xtatilgan
«Grin karta» dasturi bilan bog‘liq yana bir muhim cheklov mavjud. AQSH Davlat departamenti 2026-yil 31-avgustda «Diversity Visa» dasturi bo‘yicha barcha immigratsiya vizalarini berish vaqtincha to‘xtatilganini rasman ma’lum qilgan edi.
Departament bu qarorni AQSHdagi xavfsizlik bilan bog‘liq noxush hodisalardan so‘ng immigratsiya arizachilarini tekshirish tizimini qayta ko‘rib chiqish zarurati bilan izohlagan. Rasmiy bayonotda «Brown University»dagi otishma va «MIT» professori o‘ldirilishi bilan bog‘liq shov-shuvli hodisalarda gumon qilinayotgan shaxsning AQSHga aynan «grin karta» orqali kirib kelgani qayd etilgan.
«Grin karta» lotereyasi qanday ishlaydi?
«Grin karta» — AQSHning har yili o‘tkaziladigan immigratsiya dasturi bo‘lib, u Amerikaga immigratsiya darajasi nisbatan past bo‘lgan mamlakatlar fuqarolariga bu davlatda doimiy yashash huquqini olish imkoniyatini beradi.
AQSHning Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, dastur doirasida har yili 55 mingtagacha immigratsiya vizasi ajratiladi. Ishtirokchilar belgilangan davr mobaynida elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tadi va arizalar orasidan nomzodlar tasodifiy tanlov orqali saralab olinadi.
Lotereya tanlovidan o‘tish avtomatik ravishda «grin karta» olishni anglatmaydi. G‘oliblar viza olish uchun alohida ariza topshirishi, zarur barcha hujjatlarni taqdim etishi, belgilangan qat’iy talablarga javob berishi va, eng asosiysi, konsullik suhbatidan muvaffaqiyatli o‘tishi kerak.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, «DV-2026» dasturi bo‘yicha 20,82 milliondan ortiq talablarga javob bergan ariza qabul qilingan. Ular orasidan esa taxminan 129,5 ming nafar ehtimoliy arizachi tanlab olingan. Bu raqam tanlangan asosiy ishtirokchilar bilan birga ularning turmush o‘rtoqlari va farzandlarini ham qamrab oladi.
Lotereya qachon qayta ochilishi mumkin?
2026-yil 29-oktabrdagi apellyatsiya sudi qarori bilan «DV-2027» dasturini qayta ochish haqidagi quyi sud buyrug‘i ijrosi vaqtincha to‘xtatildi. Endi asosiy apellyatsiya ishi bo‘yicha tomonlar o‘zlarining huquqiy pozitsiyalarini taqdim etishi va sud ishni batafsil ko‘rib chiqishi kerak.
Apellyatsiya sudi qarorining o‘zida mazkur ish bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishning aniq jadvali keyinchalik belgilanishi aytilgan. Hozircha lotereya uchun yangi ro‘yxatdan o‘tish sanasi yoki dasturni qayta ochish bo‘yicha boshqa hech qanday aniq muddat e’lon qilinmagan.





