Davlatga beg‘araz berilishi aytilgan «Hilton» Ortiqxo‘jayevlar oilasining AQSHdagi kapitaliga aylandi
Toshkent sobiq hokimining biznesi Amerika fond bozoriga chiqqan birinchi o‘zbek kompaniyasi bo‘ldi. Biroq AQSHda aksiyalari savdo qilinadigan kompaniyalar o‘z moliyaviy faoliyati, qarzlari va mulkdorlari haqida batafsil ma’lumotlarni oshkor qilishi kerak. «Hilton Tashkent»ga egalik qiluvchi «AKFA Dream World» bir necha yil barcha turdagi soliqlardan, jumladan QQS va foyda solig‘idan ozod qilingan.
© Kollaj: Vaqt.uzToshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli yirik biznes guruhi Amerikaning qimmatli qog‘ozlar bozoriga chiqdi. Bu haqda AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etilgan mustaqil jamoat auditorlik firmasining rasmiy hisobotida so‘z boradi.
Endi uning mehmonxona va turizm sohasidagi biznesi aksiyalari Amerika bozorida savdo qilinishi mumkin. Bu esa kompaniyaga xorijiy sarmoyadorlardan mablag‘ jalb qilish imkonini beradi. Gap Toshkentdagi «Hilton» mehmonxonasi, Buxorodagi «Wyndham» mehmonxonasi va CAEx ko‘rgazmalar markazini boshqaruvchi «Tourism and Entertainment Group» (TEG) haqida ketmoqda.
2019-yil yanvarda Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalistlar bilan uchrashuvda «AKFA Dream World» qurayotgan «Hilton» mehmonxonasi va Kongress-xoll foydalanishga topshirilgach, davlatga beg‘araz berilishini aytgan edi. Ammo 2026-yilda «Hilton» davlatga emas, Ortiqxo‘jayevlar oilasi nazoratidagi AQSH ochiq kompaniyasi aktivlari orasidan joy oldi.
«Hilton Tashkent»ga egalik qiluvchi «AKFA Dream World»ga 2017-yilda barcha turdagi soliqlardan, jumladan QQS va foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyoz berilgan. Mehmonxona 2019-yilning oxirida ishga tushib, 2020-yildan QQS bo‘yicha ushbu imtiyozdan foydalana boshlagan. Imtiyoz 2025-yil 1-yanvarga qadar amal qilgan.

Keyinchalik «Hilton Tashkent», «Wyndham Bukhara» va CAEX bizneslari «TEG SPV LLC» xoldingi ostida birlashtirildi. 2026-yil oktabrda esa TEG SPV deyarli to‘liq AQSHdagi ochiq kompaniya — «TEG Overseas, Inc.» tarkibiga o‘tdi. Uning aksiyalari AQSHning OTC bozorida kotirovka qilinadi.
SEC hujjatlariga ko‘ra, Jahongir Ortiqxo‘jayev «TEG Overseas» aksiyalarining qariyb 68,25 foiziga benefitsiar egalik qiladi. Uning qizi Iroda Abduvaxitova esa aksiyalarning 31,14 foiziga bevosita egalik qiladi va kompaniya direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi.
Bularning barchasi shuni ko‘rsatadiki, davlatga beg‘araz berilishi aytilgan va bir necha yil soliq imtiyozidan foydalangan «Hilton» bugun Ortiqxo‘jayevlar oilasi nazoratidagi AQSH ochiq kompaniyasining asosiy aktivlaridan biriga aylangan. Kompaniya bu voqeani O‘zbekiston biznesi uchun katta yutuq sifatida taqdim etmoqda.
Biroq AQSHda aksiyalari savdo qilinadigan kompaniyalar o‘z moliyaviy faoliyati, qarzlari va mulkdorlari haqida batafsil ma’lumotlarni oshkor qilishi kerak. Bu federativ qonunlar hamda AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi (SEC) qoidalari bilan belgilangan qat’iy huquqiy majburiyatdir.
Aynan shu hujjatlarda Ortiqxo‘jayev biznesining jamoatchilikka unchalik ma’lum bo‘lmagan moliyaviy munosabatlari ham ochiqlangan. Jumladan, kompaniya o‘z tarkibiga kirmaydigan, ammo o‘sha mulkdor nazoratidagi boshqa korxonaning 100 million dollarlik kreditiga kafil bo‘lgan.
Shuningdek, hisobotlarda mulkdorga yo‘naltirilgan 17,5 million dollardan ortiq mablag‘ va o‘zaro bog‘liq kompaniyalar o‘rtasidagi qariyb 36 million dollarlik operatsiyalar ko‘rsatilgan.
SEC hujjatlarida yozilishicha, Jahongir Ortiqxo‘jayev 2026-yil 5-iyunda «StageWise Strategies Corp.» kompaniyasining 3 million dona aksiyasini 750 ming dollarga sotib olgan. Bu o‘sha paytdagi aksiyalarning taxminan 74,2 foiziga teng edi. Shundan keyin kompaniya rahbariyati almashtirilib, unga TEG bilan bog‘liq shaxslar jalb etilgan. Ya’ni O‘zbekistondagi biznes AQSHda noldan yangi kompaniya tashkil etib, aksiyalarini ommaviy joylashtirish yo‘lidan emas, balki avvaldan mavjud Amerika kompaniyasi bilan aksiyalar almashinuvi orqali birlashish yo‘lidan borgan.
Birlashuvdan keyin TEG biznesi Amerikada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyaning asosiy faoliyatiga aylangan.
TEG guruhi o‘z tarkibiga kirmaydigan, ammo umumiy mulkdor nazoratidagi boshqa kompaniyaning yirik kredit majburiyatiga kafil bo‘lgan. Ana shunisi juda e’tiborli jihatlardan biri bo‘ldi. 2025-yil mart oyida TEG bilan bog‘liq tuzilma Qozog‘istonning «Halyk Bank» banki bilan tuzilgan 100 million dollarlik kredit shartnomasi bo‘yicha kafolat bergan. Hujjatda qarz oluvchi kompaniya TEG tarkibiga kirmasligi, biroq har ikki biznes bir yakuniy benefitsiar mulkdor nazoratida ekani qayd etilgan.

Kafolat shartlariga ko‘ra, qarz oluvchi o‘z majburiyatini bajarmasa, bank qarzni kafillardan ham talab qilishi mumkin. Bunda TEGning ehtimoliy javobgarligi 100 million dollardan tashqari foizlar, yig‘imlar va jarimalarni ham qamrab olishi mumkin. Kafolat 2031-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.

SEC hujjatida TEG ushbu kafolatni bergani uchun haq olmagani va kafolat bo‘yicha to‘lov qilishga majbur bo‘lsa, qarz oluvchidan mablag‘ni qaytarib olish huquqi nazarda tutilmagani ko‘rsatilgan. Bu 100 million dollarlik qarz bevosita TEG tomonidan olingani yoki hozir uni to‘lash majburiyati yuzaga kelganini anglatmaydi. Gap boshqa kompaniyaning qarzi bo‘yicha ehtimoliy moliyaviy javobgarlik haqida ketmoqda. Shunga qaramay, kompaniyaning o‘zi bu xavfni jiddiy deb baholagan. Chunki kafolat bo‘yicha maksimal majburiyat TEGning o‘z kapitali miqdoridan ham yuqori.
SEC hujjatlarida kompaniya mulkdoriga taqsimlangan mablag‘lar ham ko‘rsatilgan. 2025-yilda bunday to‘lovlar 10 million 728 ming dollarni tashkil etgan. 2026-yilning dastlabki olti oyida esa yana 6 million 854 ming dollar mulkdorga taqsimlangan. Ikki davrdagi umumiy summa 17 million 582 ming dollarga yetadi.
Kompaniya hisobotiga ko‘ra, bu mablag‘larning bir qismi yakuniy benefitsiar mulkdor nomidan qoplangan xarajatlar bo‘lib, moliyaviy hisobotda mulkdorga taqsimlangan mablag‘lar sifatida aks ettirilgan. Bu to‘lovlarning barchasini dividend yoki shaxsiy ehtiyojlarga sarflangan pul deb talqin qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Biroq ushbu xarajatlarning iqtisodiy mohiyati, nimalar uchun sarflangani va mulkdor manfaatlariga qay darajada bog‘liq ekani alohida tahlilni talab qiladi.

Kompaniya 2026-yilning aprelida o‘zaro bog‘liq taraflar bilan bitimlar va dividend siyosatiga oid yangi ichki qoidalarni tasdiqlaganini ham ma’lum qilgan. TEGning 2025-yilda o‘zaro bog‘liq kompaniyalar bilan amalga oshirgan operatsiyalari qariyb 35,96 million dollarni tashkil etgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 22,85 million dollar atrofida bo‘lgan. Bir yil ichida mazkur operatsiyalar hajmi sezilarli oshgan. Bu yerda gap umumiy mulkdor, nazorat yoki boshqaruv munosabatlari orqali o‘zaro bog‘langan kompaniyalar o‘rtasidagi savdo, xizmat ko‘rsatish, moliyalashtirish va boshqa bitimlar haqida ketmoqda.
TEG rahbariyati ushbu operatsiyalar kompaniyaning odatiy xo‘jalik faoliyati doirasida amalga oshirilganini va bitimlar shartlari mustaqil kompaniyalar o‘rtasidagi kelishuvlarda qo‘llaniladigan adolatli shartlarga mos kelishini ta’kidlagan. O‘zaro bog‘liq kompaniyalar o‘rtasidagi moliyaviy operatsiyalar o‘z-o‘zidan qonunbuzarlik hisoblanmaydi. Ammo bunday bitimlar katta miqyosga yetganda, daromadlar aynan qaysi korxonalarda shakllanayotgani va mablag‘lar qaysi yo‘nalishlarga sarflanayotgani muhim masalaga aylanadi.
TEGning moliyaviy natijalari kompaniyaning o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. 2025-yilda guruhning umumiy tushumi 42,9 million dollarni, sof foydasi esa 14,4 million dollarni tashkil etgan.


Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, tushum 2024-yilga nisbatan 22 foizga, sof foyda esa 215 foizga oshgan. Biroq kompaniyaning 2026-yil birinchi yarim yillik hisobotida boshqacha manzara ham ko‘rinadi.
Ya’ni, «Hilton Tashkent City» mehmonxonasida xonalarning bandlik darajasi 2025-yilning dastlabki olti oyidagi 63 foizdan 2026-yilning shu davrida 58 foizga tushgan. Sotilgan xonalar soni ham 29 ming 409 tadan 27 ming 193 taga qisqargan. Kompaniya bu holatni Toshkentda yangi yuqori toifali mehmonxonalar paydo bo‘lishi, raqobatchilarning narx siyosati hamda ayrim korporativ loyihalar bekor qilinishi yoki keyinga qoldirilishi bilan izohlagan.
Birlashuv bitimi yakunlanishi uchun «StageWise» kamida 18 million dollarlik mablag‘ jalb qilishi belgilangan. Biroq tomonlar qonun doirasida ayrim shartlardan o‘zaro kelishuv asosida voz kechishi mumkinligi ham qayd etilgan.