Logo

Trampning o‘g‘li Kremlga yaqin biznesmen bilan ov qildi

Bugun 15:003 daqiqa

U yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan tog‘ qo‘chqorini otib o‘ldirgan. Rossiyalik tadbirkor bungacha uning to‘yiga ketgan xarajatlarning bir qismini ham to‘lab bergan.

Trampning o‘g‘li Kremlga yaqin biznesmen bilan ov qildi © propublica.org

AQSH prezidenti Donald Trampning 48 yoshli o‘g‘li kichik Donald Tramp 2026-yilning avgust oyida ov qilish uchun Mongoliyaga borgan. U yerda u Kremlga yaqin tadbirkor, Xalqaro boks assotsiatsiyasi rahbari Umar Kremlyov bilan ikki kun birga bo‘lgan. Bu haqda «Financial Times» gazetasi surishtiruv o‘tkazib, ma’lum qildi.

AQSH prezidentining o‘g‘li bilan Mongoliyaga safar qilish imkoniyati xayriya auksionida o‘ynalgan. G‘oliblardan biri haqiqatan ham kichik Tramp bilan tog‘ qo‘chqorini ovlashga borgan. Umar Kremlyov auksionda qatnashmagan bo‘lsa-da, u ham safarda ishtirok etgan. Ular bilan birga Respublikachilar partiyasining ko‘p yillik homiysi Kevin Smoll ham Mongoliyaga borgan.

Kichik Tramp avgust oyining oxirida Mongoliya poytaxti Ulan-Batorga kelgan. Bu Karib dengizidagi xususiy orolda o‘tkazilgan to‘yidan keyingi safar edi. To‘y xarajatlarining bir qismini aynan Kremlyov to‘lagan.

Keyin Tramp mamlakatning g‘arbidagi ovchilar qarorgohiga borish uchun bir necha yuz kilometr yo‘l bosgan. U yerda u ov bo‘yicha yo‘lboshchilar, haydovchilar va oshpazlardan iborat kichik guruh bilan joylashgan. Keyinroq uning yoniga Kremlyov ham kelgan. Bu safarda Kremlyovga AQSH sanksiyalari ostidagi «Vosxod» venchur fondi hamkori va tadbirkor Artur Martirosov hamrohlik qilgan.

30-avgust kuni Kremlyov o‘zining Telegram kanalida ikkita video e’lon qilgan. Ularda u Martirosov bilan Mongoliyaga uchib ketayotganini aytgan. Keyinroq esa safardan yana bir videoni joylagan. Uning izohida Kremlyov: «Ovga qanday qaraysiz?» deb so‘ragan.

Safar ishtirokchilaridan biri kichik Tramp va Kremlyov qarorgohda bo‘lgan vaqtlarida birga suratga tushmaslikka harakat qilganini aytgan. Kremlyov e’lon qilgan videolarda ham AQSH prezidentining o‘g‘li ko‘rinmaydi. Biroq kadrlarda kichik Trampning ov safarlarini tashkil qilish bilan shug‘ullanadigan ikki kishi bor.

Ov bo‘yicha yo‘lboshchilardan birining aytishicha, kichik Tramp safar davomida bitta oltoy tog‘ qo‘chqori — argalini otgan. Bu hayvon yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lib, katta shoxlari tufayli ovchilar orasida yuqori baholanadi.

Ovdan keyin Tramp Mongoliya poytaxtiga qaytgan. Ammo uning safari shu bilan tugamagan. U Mongoliya prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux bilan kechki ovqat uyushtirish kabi bir qator norasmiy uchrashuvlarda ham qatnashgan.

Kichik Tramp prezidentning o‘g‘li sifatida AQSH Maxfiy xizmati (Secret Service) xodimlari qo‘riqlovida safar qilgan. AQSHning Ulan-Batordagi elchixonasi 23-avgustdan 6-sentabrgacha bo‘lgan davrda Maxfiy xizmat xodimlarining qandaydir «tashrifi» bilan bog‘liq holda mehmonxona xonalari uchun 18 ming 715 dollar to‘lagan.

AQSH prezidenti o‘g‘lining vakili Donald Tramp Umar Kremlyov bilan ovchilar davrasidan bo‘lgan umumiy tanishi orqali tanishganini aytgan.

«Don Umar bilan munosabatlari ishbilarmonlik aloqalari emas, balki shaxsiy do‘stlik ekanini ochiq aytgan. Ularning do‘stligi asosan ov qilish, baliq ovlash va tabiat qo‘ynida dam olishga bo‘lgan umumiy qiziqishlariga asoslangan. Shu yil boshida ularning birga ovga borganidan hayron bo‘lish kerak emas», — degan kichik Trampning vakili.

Biroq «Financial Times» suhbatlashgan razvedka sohasi mutaxassislari bunday do‘stlikdan boshqa maqsadlarda ham foydalanish mumkinligini ta’kidlagan.

«Odamlarning niyati qanchalik xolis ekani mutlaqo muhim emas. Rossiya maxsus xizmatlari va razvedkasi kimdir katta ahamiyatga ega shaxs bilan yaqin munosabatda ekanini bilsa, bu aloqadan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga harakat qiladi», — degan AQSH Milliy xavfsizlik kengashining kontrrazvedka bo‘yicha sobiq direktori Xolden Triplett.

Teglar

Mavzuga oid