«TBC Bank» yil boshidan beri salkam 70 mlrd so‘m zarar ko‘rdi
Joriy yil yanvar-avgust oylarida bankda bank kartalar soni bo‘yicha ham eng katta pasayish kuzatilgandi. 2025-yilda O‘zbekistonda 34 ta bankdan faqat 5 tasi nisbatan kamroq foyda olgandi. Ulardan biri ham aynan «TBC Bank» edi.
© TBC bank«TBC Bank»ning 2026-yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha sof zarari 69,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida bank 30,3 mlrd so‘m sof foyda olgan edi. Shu bilan birga, bankning jami daromadlari 6,4 foizga o‘sib, 4,2 trln so‘mga yetdi.
Openinfo’ga joylashtirilgan hisobotlarga ko‘ra, bankning kreditlar bo‘yicha ehtimoliy zararlar uchun zaxiralarni shakllantirish xarajatlari 42,3 foizga oshib, 1,2 trln so‘mni tashkil etgan.
2026-yilning III choragida (iyul-sentabr) esa bankning sof zarari 357,7 mlrd so‘mga yetdi. O‘tgan yilning shu choragida zarar 70,7 mlrd so‘mni tashkil yetgan edi.
2026-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, bankning kredit portfeli 7,7 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,9 foizga qisqardi. Muammoli kreditlar (NPL) ulushi esa 4,5 foizdan 13,4 foizgacha oshdi.
2025-yilda O‘zbekistonda 34 ta bankdan faqat 5 tasi nisbatan kamroq foyda olgandi. Ulardan biri aynan «TBC Bank» edi. Qolgan barcha banklarda o‘sish kuzatildi. O‘tgan yil «TBC Bank» foydasi eng ko‘p pasayib ketgan bank bo‘lgandi. Bank 2024-yilda 341 mlrd so‘mdan oshiq sof foyda olgandi.
Markaziy bankning 2026 yil 1-yanvar va 1-avgust holatidagi ma’lumotlari taqqoslanganda bank kartalari soni bo‘yicha ham eng katta pasayish «TBC Bank»da qayd etilgan. Bank kartalari soni 570 mingga yoki 13,5 foizga kamayib, 3,64 mln donaga tushgan. Muomaladagi kartalar soni bank mijozlari yoki faol foydalanuvchilar soniga teng emas. Bir kishi bir nechta kartaga ega bo‘lishi, ayrim kartalar esa amalda ishlatilmasligi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2025-yilning avgust oyida Gruziyada yetakchi moliya xizmati guruhi va O‘zbekistonda eng yirik raqamli bank ekotizimlaridan biri hisoblanuvchi «TBC Bank Group» OLX Uzbekistan nazorat paketini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Joriy yil 5-iyunda esa bank uni rasman sotib oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «TBC Bank» mikroqarzlarni alohida mikromoliya tashkiloti orqali bera boshlagandi. Bank Markaziy bankning talablariga rioya qilish uchun bu yo‘lni tutmoqda. O‘xshash model Uzum ekotizimida ham bor, biroq u yerda bu amaliyot cheklovdan avval ham ishlagan.





