Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘mdan moddiy yordam beriladi
Shuningdek, aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molidagi tariflar farqini kompensatsiya qilish muddati 2028-yilning 1-apreligacha, ko‘mir xaridini qoplash uchun beriladigan moddiy yordam esa 2029-yilning 1-yanvarigacha uzaytirildi.
© smartpress.by2026/2027-yilgi isitish mavsumida ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratiladi, shuningdek, oilalarning ehtiyojmandligini aniqlashda jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad mezoni oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-oktabrda qabul qilingan «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga o‘tish jarayonida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-236-sonli Farmonida ma’lum qilindi.
Kimlarga 1 million so‘mlik yordam puli beriladi?
Mazkur Farmonga asosan, 2026-yilning noyabr oyida bir qator aholi toifalariga moddiy yordam pullari to‘lab berilishi belgilandi.
Xususan, Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar ushbu yordamni oladi.
Shu bilan birga, «mahalla yettiligi» xulosasi asosida Reyestrga kiritilmagan, biroq ijtimoiy-iqtisodiy holati bo‘yicha mezonlarga mos keladigan oilalarga ham mablag‘ ajratiladi. Bunda, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 barobaridan oshmaydigan oilalar nazarda tutilgan.
Shuningdek, markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar ham bu ro‘yxatdan joy olgan. Bu toifadagi oilalarning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda minimal iste’mol xarajatlarining 2 barobaridan, Toshkent shahrida esa 3 barobaridan oshmasligi lozimligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tuman yoki shahar shtablari qaroriga muvofiq, o‘rtacha oylik daromadi yuqoridagi mezonlardan oshgan ayrim ehtiyojmand oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchilar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalarga ham 1 million so‘mdan yordam berilishi ta’kidlandi.
Ehtiyojmandlikni aniqlash mezonlari va kompensatsiya muddatlari uzaytirildi
Hujjatga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonida aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida oiladagi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad mezoni ham oshirilmoqda.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha kompensatsiya tayinlashda ushbu mezon minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan 2 barobarigacha ko‘tarildi.
Ko‘mir sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun moddiy yordam ajratishda, shuningdek, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kommunal xarajatlarni yoki mavjud qarzdorlikni qoplashda mezon minimal iste’mol xarajatlarining 1 barobaridan 2 barobarigacha oshirilgani ma’lum qilindi.
Shu bilan bir qatorda, aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha bazaviy me’yor doirasidagi hamda undan ortiq iste’mol uchun belgilangan tariflar o‘rtasidagi farqni kompensatsiya qilish muddati 2028-yilning 1-apreliga qadar uzaytirildi.
Ko‘mir sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun moddiy yordam to‘lash muddati esa 2029-yilning 1-yanvariga qadar amalda bo‘lishi belgilandi.





