Logo

Endi tadbirkorlar o‘rnatgan kameralar xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarni ham qayd etadi

Bugun 14:273 daqiqa

O‘zbekistonda 1-noyabrdan boshlab tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali haydovchilarning xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi holatlarini aniqlashga ruxsat beriladi.

Endi tadbirkorlar o‘rnatgan kameralar xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilarni ham qayd etadi © gettyimage

O‘zbekistonda 1-noyabrdan tadbirkorlar o‘rnatgan kameralar xavfsizlik kamari taqmaganlik qoidabuzarligini aniqlaydi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali ma’lum qildi.

Hukumatning 29-oktabrdagi (VMQ-596) qarori bilan tadbirkorlar tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilishlarini foto va video qayd etishni amalga oshiruvchi komplekslarni o‘rnatish shartlari yangilandi.

Uskunalarga qo‘yiladigan texnik talablar

Qarorga muvofiq, tadbirkorlar o‘rnatgan foto va video qayd etish tizimlari xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etilmagan holatlarni qayd etishi uchun belgilangan umumiy texnik talablarga to‘liq javob berishi kerak.

Xususan, qoidabuzarlikni qayd etishda fotosuratlar yuqori sifatda bo‘lishi shart. Ushbu suratlarda haydovchining yuz ko‘rinishi hamda uning xavfsizlik kamaridan foydalangan yoki foydalanmaganligi aniq aks etishi talab qilinadi.

Shuningdek, tizim aniqlangan qoidabuzarlik haqidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligining «Ma’muriy amaliyot» moduliga avtomatik ravishda uzatish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Bu jarayonda quyidagi ma’lumotlar tizimga aniq yuboriladi:

— Metrologik qiyoslash guvohnomasining raqami va amal qilish muddati;
— Qoidabuzarlik aniqlangan sana va vaqt;
— Hodisa sodir etilgan joyning aniq koordinatalari.

Bundan tashqari, elektr ta’minotida uzilish yuz berganda kompleks uzluksiz ishlashini kafolatlash maqsadida, tizim kamida 8 soat davomida ishlashini ta’minlaydigan zaxira elektr manbai bilan jihozlanishi majburiy etib belgilandi.

Kimlarga xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat berilgan?

Joriy yilning yanvar oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan avtomobilda xavfsizlik kamarini taqish majburiyatidan ozod qilinadigan tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxati tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, quyidagi holatlarda va kasalliklarda haydovchi yoki yo‘lovchi kamar taqmasligi mumkin:

— O‘mrov va to‘sh suyagi sinishi;
— Yelka kamari sinishi;
— Qovurg‘alar sinishi;
— Chap o‘mrov suyagi chiqishi tufayli o‘tkazilgan operatsiyalar;
— Chap o‘mrov suyagining soxta bo‘g‘imi sinishi;
— Umurtqa pog‘onasining kompression sinishi;
— O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich);
— Bronxial astma (IV bosqich);
— O‘pkaning interstitsial zararlanishi (fibroz va boshqalar);
— O‘pkaning bir qismi yoki butun qismining (chap yoki o‘ng) olib tashlanishi (lobektomiya, pnevmonektomiya);
— Surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya bosqichi;
— Og‘ir yurak-qon tomir kasalliklari (o‘tkazilgan infarktlar, ishemiya va boshqalar);
— III darajali (morbid) semizlik (Tananing massa indeksi ≥ 40);
— Past bo‘yli (nanizm) 150 santimetrdan past;
— Qo‘l yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar;
— Tananing ko‘krak qismida joylashgan og‘ir allergik yoki dermatologik kasalliklarning og‘ir shakllari (ekzema, psoriaz va boshqalar);
— O‘mrov, kurak, yelka, to‘sh suyaklari va qovurg‘alarda ichki va tashqi implantlarning mavjudligi;
— Ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan ochiq turdagi operatsiyalar;
— Stomalar mavjud bo‘lishi;
— Ko‘krak qafasi sohasidagi yirik hosilalar (o‘sma).

Mazkur ko‘rsatmalarning aksariyati uchun beriladigan tibbiy ma’lumotnoma bir yilgacha amal qiladi. Ammo nanizm yoki o‘pka olib tashlangan holatlarda ushbu guvohnoma muddatsiz beriladi. Iyun oyidan boshlab haydovchilar mazkur tibbiy ma’lumotnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn yuklab olishlari mumkinligi yo‘lga qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid