Logo

Tarmoqda sotilayotgan shaxsiy ma’lumotlar, poytaxtda davom etadigan iflos havo va yagona transport chiptasi — 29-oktabr dayjesti

Kecha 23:002 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Tarmoqda sotilayotgan shaxsiy ma’lumotlar, poytaxtda davom etadigan iflos havo va yagona transport chiptasi — 29-oktabr dayjesti

O‘zbekistonliklarning Safe Road bazasidagi ma’lumotlari sizib chiqqani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda «Safe Road» bazasiga ulangan millionlab haydovchilarning shaxsiy ma’lumotlari — JSHSHIR, pasport nusxalari, manzillari, telefon raqamlari va yo‘l kameralaridagi suratlari Telegram-botlarda sotilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shuningdek, inDrive, Lada Auto, KiwiTaxi, Fargo, Maktab.uz kabi boshqa qator xizmatlar va do‘konlardagi xaridlarga oid foydalanuvchilar bazalari ham sizib chiqqani aytilmoqda. «Safe Road» kompaniyasi mazkur da’volarni asossiz deb atab, tarmoqda sotilayotgan ma’lumotlar ilova ishga tushirilishidan oldin turli manbalardan yig‘ilgan eski baza ekanini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,6 foizgacha qisqardi — vazirlik

O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,6 foizgacha pasaydi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida kambag‘allikdan xoli mahallalar soni 3 627 taga yetkazilgan.

Natijada 824 ming fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanib, 4 milliondan ortiq aholining daromadini oshirishga ko‘maklashildi hamda moliyaviy ahvoli yaxshilangan 440 mingta oila «Ijtimoiy reyestr»dan chiqarilgan.

Toshkentda iflos havo yana 10 kun saqlanib qolishi mumkin

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, Toshkent shahrida atmosfera inversiyasi hodisasi yana 10 kun davom etishi kutilmoqda va bu poytaxtda havo ifloslanishining ortishiga olib keladi.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, chang va ifloslantiruvchi moddalar atmosferaga doimiy ravishda chiqib turadi. Shamol va yomg‘ir bo‘lmagan sharoitda ushbu moddalar havoda to‘planib boradi, inversiya esa ularning yuqori qatlamlarga tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiladi.

O‘zbekistonda poyezd, samolyot va avtobuslar uchun yagona chipta joriy etilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda 2030 yilgacha transport sohasini rivojlantirish strategiyasi loyihasiga asosan, temir yo‘l, havo va avtomobil transportida mahalliy yo‘lovchi tashuvlarini birlashtiruvchi «Bir yo‘l» yagona chipta tizimini 2028 yildan boshlab yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, hujjatda 2027 yil oxirigacha tezyurar poyezdlar qatnovini Andijondan Samarqandgacha uzaytirish hamda Toshkent aglomeratsiyasida vokzallar, xalqaro aeroport va markaziy avtovokzalni o‘zaro bog‘lovchi yagona transport bog‘lamasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda davlat korxonalariga berilgan imtiyozlar xususiy biznes rivojini cheklamoqda — Jahon banki

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Naji Benhassin mintaqada, xususan O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish kuzatilayotgan bo‘lsa-da, bu sifatli ish o‘rinlari yaratilishiga yetarlicha xizmat qilmayotganini ta’kidladi.

Unga ko‘ra, davlat korxonalarining iqtisodiyotdagi ustun mavqei xususiy sektor rivojini cheklamoqda. Shuningdek, ish beruvchilarning yarmidan ko‘pi malakali kadrlar yetishmasligini, banklar talab qiladigan yuqori foiz va byurokratik to‘siqlar esa kichik biznes kengayishiga asosiy to‘siq ekanini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid