Logo

«Iman Invest»da 20 mln dollarlik kamomad va Rahmatov uchun olingan mashina: Mahmud Usmon hujjatlarni e’lon qildi

Bugun 14:565 daqiqa

Kompaniya faoliyatiga oid taftish komissiyasi hujjatlarida 2,97 mln dollarlik qarz, 9,5 mln dollarlik muammoli kreditlar hamda Rustam Rahmatov foydalanishi uchun xarid qilingani aytilgan Mercedes-Benz bilan bog‘liq operatsiyalar tilga olingan.

«Iman Invest»da 20 mln dollarlik kamomad va Rahmatov uchun olingan mashina: Mahmud Usmon hujjatlarni e’lon qildi © Kollaj: Vaqt.uz

25-oktabr kuni Islom moliyasini muvofiqlashtirish kengashi (IFCB) «Iman Invest» bilan barcha hamkorlikni to‘xtatganini e’lon qildi. Kengashning dastlabki xulosalariga ko‘ra, kompaniyada investorlarning mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq jiddiy qoidabuzarliklar va bir necha million dollarlik kamomad aniqlangan.

Keyinchalik, «Iman Invest» kompaniyasi asoschisi Rustam Rahmatov bu da’volarni rad etib, kelishmovchilik Mahmud Usmonning xizmat haqlarini kamaytirish masalasi va kompaniya aksiyalaridan ulush berilmagani ortidan yuzaga kelganini aytdi.

Mahmud Usmon esa kompaniya rahbarining o‘ziga bildirgan e’tirozlariga javob qaytarib, moliyaviy hujjatlar va bir necha soatlik yig‘ilish yozuvlarini jamoatchilikka e’lon qilishini ma’lum qildi.

«Ulush so‘ramaganman, yetimxonaga berishni aytganman»

Mahmud Usmon o‘zining navbatdagi bayonotida «Iman Invest» rahbari tomonidan ilgari surilgan ayblovlarni rad etdi. Uning aytishicha, kompaniyadan ulush talab qilgani haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Mahmud Usmonning ta’kidlashicha, u aksincha, kompaniya rahbariga o‘z ulushini yetimxonaga berishni taklif qilgan.

«Kerak emas menga ulushing dedim. Yetimxonaga berib yubor dedim, menga ulush kerak emas, sen ketgin, odamlarning puli sening qo‘lingda qolmasin, o‘rningga boshqa rahbar qo‘yib, yo‘q bo‘lib ketgin shu kompaniyadan dedim. Va bu narsani hamma tasdiqladi. Uning tarafida turgan odamlar ham siz ketmasangiz bo‘lmaydi dedi. Tasavvur qiling, uningda tarafdori bo‘lgan o‘sha maslahatchilari siz ketmasangiz bo‘lmaydi deb turibdi. Bu nimaga dalolat qiladi? Qanchalik odam botib ketgan bo‘lishi kerakki, kompaniyaning rahbari bo‘lib turib, uni ta’sischisi bo‘lib turib, uning oldidagi odamlar siz ketmasangiz bo‘lmaydi deyapti», — deydi Mahmud Usmon.

Bu voqeada Rustam Rahmatov ishdan ketmagani uchun kompaniyaga aloqador shaxslar va moliyachilar o‘zlari bo‘shagan.

Mahmud Usmon so‘zlariga ko‘ra, bu masalada Shayx Abror Muxtor Aliy ham guvohlik berishi mumkin. U, shuningdek, kompaniya rahbarining o‘ziga nisbatan bildirgan ayblovlari yuzasidan tegishli idoralarga, jumladan, sudga murojaat qilib, o‘z huquqlarini himoya qilishini ma’lum qildi.

70 mln dollarlik portfelda 20 mln dollarlik kamomad

Mahmud Usmon bayonotida kompaniyaning moliyaviy faoliyatiga oid raqamlarni keltirdi. Xususan, kompaniya faoliyatini tekshirgan moliyachilar hujjatlarda 20 mln dollarlik kamomad borligini qayd etgan.

Kompaniyaning 70 mln dollarlik portfelida taxminan 20 mln dollarlik tafovut mavjudligi muhokama qilingan yig‘ilishlarda ham ko‘tarilgan.

Shuningdek, u taftish komissiyasi tuzilgani, komissiya muammolarni qayd etgani va kompaniya rahbari ushbu masalalar muhokama qilingan hujjatlarni imzolaganini bildirdi. Mahmud Usmonning aytishicha, hujjatlarda millionlab dollar mablag‘ning sarflanishi, avtomobillar va uy-joylar bilan bog‘liq operatsiyalar ham aks etgan.

Biroq 20 mln dollarlik kamomad borligi haqidagi da’volarni mustaqil audit xulosasi yoki vakolatli organlarning rasmiy ma’lumotlari bilan tasdiqlash zarur. Kompaniya rahbariyati bu masalalar bo‘yicha qanday hujjatlarni taqdim etishi va tekshiruv natijalari qanday bo‘lishi hozircha ochiq qolmoqda.

Rustam Rahmatov da’volarni yig‘ilishlarda tan olgan

Mahmud Usmon o‘z nomi bilan ochilgan Telegram kanalida kompaniya faoliyatiga oid hujjatlarni birma-bir e’lon qilib kelmoqda.

Xususan, «Iman Halal Investments» yagona ishtirokchisining 2026-yil 1-iyuldagi taftish komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori joylangan.

Hujjatga ko‘ra, kompaniya boshqaruv kompaniyasiga operatsion xarajatlarini qoplash uchun mablag‘larni muntazam ravishda qarz sifatida bergani qayd etilgan. 2026-yil 31-may holatida boshqaruv kompaniyasining qarzi 2,97 mln dollarni tashkil etgan.

Shuningdek, boshqaruv kompaniyasi xarajatlarini kompaniya zimmasiga yuklash investorlar uchun ajratiladigan dividendlar miqdorini kamaytirgani aytiladi. Hujjatda bunday xarajatlar tarkibida oylik ish haqi, marketing, skoring va tranzaksiya komissiyalari kabi to‘lovlar sanab o‘tilgan.

Muammoli kreditlar va dividendlar

Ilovaning 4-bandida 2026-yil 31-may holatiga «Iman»ning BNPL portfelidagi muammoli kreditlar miqdori 9,5 mln dollarni tashkil etgani ko‘rsatilgan. Portfelning taxminan 17–18 foizi muddati o‘tgan muammoli qarzlardan iborat bo‘lgan.

5-bandda esa investorlar mablag‘lari hali to‘liq qaytarilmagan bo‘lsa-da, ayrim dividendlar to‘langaniga oid e’tirozlar keltirilgan. Komissiya vakillari bunday to‘lovlar investorlar kapitali va daromadlarini hisoblash tartibiga ta’sir qilishi mumkinligini bildirgan.

Mercedes-Benz S500 xaridi

2026-yil 3-iyuldagi qarorda keltirilishicha, yig‘ilishda investorlar mablag‘lari hisobidan xarid qilingan Mercedes-Benz S500 avtomobili masalasi ko‘tarilgan.

Ya’ni 2026-yil 10-aprelda «Founders Trust 1» MCHJ hisobiga 128 ming dollar o‘tkazilgan. Taftish komissiyasi bu mablag‘ kompaniya ta’sischisi Rustam Rahmatov foydalanishi uchun avtomobil xaridiga sarflanganini qayd etib, bitim kompaniya va investorlarning manfaatlariga muvofiq emas deb topilgan.

Qarorda avtomobilga oid hujjatlarni komissiyaga taqdim etish, avtomobilni sotish yoki mablag‘ni qaytarish orqali yetkazilgan zararni qoplash choralarini ko‘rish belgilangan. Bundan tashqari, Rustam Rahmatov bilan 2023-yil 1-dekabrda tuzilgan BYD Champion avtomobilini muddatli to‘lovga olish shartnomasi bo‘yicha ham to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.

Yuqoridagi barcha hujjatlar bilan Rustam Rahmatov shaxsan tanishgani va imzolaganini ko‘rish mumkin.

Mahmud Usmon, shuningdek, jamoatchilik taftish komissiyasining hujjatlari, moliyaviy masalalar muhokama qilingan materiallar va bir necha soat davom etgan Zoom yig‘ilishlari yozuvlari e’lon qilishini aytdi.

Ayrim yig‘ilishlar to‘rt, besh, hatto o‘n soat davom etgani sababli yozuvlar Telegram bilan birga Instagram va YouTube platformalarida ham ulashish rejalashtirilmoqda.

«Iman Invest» kompaniyasi kim bilan hamkorlik qilmoqda?

Mahmud Usmon, shuningdek, kompaniyadagi shubhali va noqonuniy deb hisoblayotgan tranzaksiyalarga oid hujjatlar prokuratura hamda tegishli tashkilotlarga topshirilganini bildirdi.

Bundan tashqari, Mahmud Usmonning aytishicha, Rustam Rahmatov avval Shayx Muhammad Taqiy Usmoniyning o‘g‘li Shayx Hasan bilan hamkorlik qilishi haqida ma’lum qilgan, keyinchalik esa Shayx Taqiy Usmoniyning o‘zi bilan ishlashini aytgan.

«Biz Shayx Taqiy Usmoniyga o‘zimizning xulosamizni va uning barcha dalillarini yetkazib qo‘yganmiz», — dedi Mahmud Usmon.

Uning ta’kidlashicha, Shayx Taqiy Usmoniyga kompaniya faoliyati yuzasidan tayyorlangan xulosalar arab tilida yuborilgan.

Mahmud Usmon, shuningdek, kompaniyadagi noqonuniy deb hisoblayotgan tranzaksiyalarga oid hujjatlar prokuratura va tegishli tashkilotlarga topshirilganini bildirdi. U Shayx Taqiy Usmoniy ushbu kompaniya bilan hamkorlik qilmasligini taxmin qilib, bu masalaga vaqt oydinlik kiritishini aytdi.

Bayonotda yana bir masala — Mahmud Usmonga bosim o‘tkazilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ham tilga olindi. Uning aytishicha, ayrim vositachilar va diniy ulamolar unga ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilgan. Shunga qaramay, u kompaniya faoliyatiga oid ma’lumotlarni oshkor qilishni o‘zining jamoatchilik oldidagi vazifasi deb hisoblashini bildirdi.

Mahmud Usmon kompaniya rahbari e’tiborini o‘ziga qarshi bayonotlar berishga emas, investorlar oldidagi majburiyatlarni bajarish va mablag‘larni qaytarish masalasiga qaratishi kerakligini alohida ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid