O‘zbekistonda bepul dori olish tartibi qanday va davlat bunga qancha sarflayapti?
Surunkali kasalliklarda dori xarajati bir martalik emas, bemorlar ularni oylar, hatto yillar davomida muntazam xarid qilishiga to‘g‘ri keladi. Ammo O‘zbekistonda ayrim dorilarni davlat hisobidan bepul olish imkoniyati bor. Hozir 12 turdagi kasallik bo‘yicha 28 turdagi dori xarajati davlat tomonidan qoplanadi. Vaqt.uz bu imkoniyat kimlarga berilishi, dorilarni qanday olish va dastur qanday natija berayotganini o‘rgandi.
© Ijtimoiy tarmoqlarSurunkali kasalliklarni davolash ko‘pincha bir necha oy yoki yillar davom etadi. Bemor dorilarni muntazam qabul qilishi kerak, ammo ularni doimiy xarid qilish oilaviy budjetga og‘irlik qilishi tabiiy.
Bu kabi xarajatlarni kamaytirish va bemorlarning davolanishni uzluksiz davom ettirishiga yordam berish maqsadida O‘zbekistonda reimbursatsiya dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, ayrim kasalliklar uchun belgilangan dori vositalarining qiymati davlat tomonidan qoplanadi.
Reimbursatsiya dasturiga qancha mablag‘ sarflanmoqda?
Bemor shifokor yozgan elektron retsept asosida dorini hamkor dorixonadan bepul oladi. Dorixona xarajatlari esa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan to‘lab beriladi.
Dastlab reimbursatsiya dasturi 2022-yilda Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etilgandi. 2023-yil 1-iyuldan Toshkent shahrida ham ishga tushirildi. Keyingi bosqichlarda dastur Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlariga kengaytirildi.
2026-yilda esa tizimni qolgan viloyatlarda ham yo‘lga qo‘yish belgilangan. Rejaga ko‘ra, shu yil oxirigacha reimbursatsiya dasturi mamlakatning barcha hududlarini qamrab olishi kerak.
Dastur hududlarini kengaytirish bilan birga, uni moliyalashtirish uchun sarflanayotgan mablag‘ ham ortmoqda. Xususan, 2025-yilning yakunida bemorlarni bepul dori bilan ta’minlash uchun 90 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki olti oyida bu ko‘rsatkich 154,5 milliard so‘mga yetdi.
Shu yilning yanvar–sentabr oylarida esa dorixonalar xarajatlarini qoplash uchun jami 248,2 milliard so‘m to‘landi. Bu to‘qqiz oylik xarajat 2025-yil davomida sarflangan mablag‘dan qariyb 2,8 baravar ko‘p.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning to‘qqiz oyida 1 million 312 ming 748 fuqaro bepul dori olgan va 5,9 million elektron retsept rasmiylashtirilgan.
Sentyabr oyida berilgan dorilar hajmi yanvar oyiga nisbatan 52 foizga oshgan. Bu raqamlar dastur orqali berilayotgan dorilar hajmi yil davomida ortganini ko‘rsatadi.
Qaysi kasalliklar uchun qanday dorilar bepul beriladi?
2026-yil oktabr holatiga ko‘ra, dastur 12 turdagi kasallikni qamrab olgan va 28 xil dori vositasi bepul berilmoqda.
Masalan, 2-tur qandli diabet bilan kasallangan bemorlarga gliklazid, qalqonsimon bez kasalliklarida esa kaliy yodid, tiamazol va levotiroksin natriy kabi dorilar mo‘ljallangan. Qandsiz diabetni davolashda desmopressin qo‘llanadi. Quyidagi jadvalda to‘liq ma’lumotlar berilgan:
№ | Kasallik turi | Dorilar |
1 | Parazitlarga va protozoylarga qarshi vositalar | Albendazol |
2 | Qon va qon yaratish tizimi | Temir Fe (II) birikmalari, temir Fe (III) birikmalari, folat kislotasi |
3 | Qalqonsimon bez kasalliklari | Kaliy yodid, tiamazol, levotiroksin natriy |
4 | Qandli diabetning 2-turi | Gliklazid, metformin, empagliflozin |
5 | Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari (Qon bosimini nazorat qilish) | Enalapril maleat, amlodipin, bisoprolol, verapamil |
6 | Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari (Yurak faoliyati va xolesterin miqdorini nazorat qilish) | Izosorbid mononitrat, izosorbid dinitrat, atorvastatin, spironolakton, furosemid |
7 | Yurak-qon tomir tizimi kasalliklari (Tromb hosil bo‘lishining oldini olish) | Atsetilsalitsil kislotasi, klopidogrel, varfarin |
8 | Nafas olish tizimi | Salbutamol, ambroksol, prednizolon |
9 | Me’da-ichak tizimi kasalliklari | Omeprazol |
10 | Qandsiz diabet | Desmopressin |
11 | Sklerozlanuvchi panensefalit | Inozin pranobeks |
Reimbursatsiya dasturi doirasida ro‘yxatdagi dorilarni 717 ta dorixonadan bepul olish mumkin. Ma’lumot uchun, hozirgi kunda daavlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘larning katta qismi yurak-qon tomir, endokrin va qon yaratish tizimi kasalliklarini davolashda qo‘llanadigan dori vositalariga to‘g‘ri keladi.
Xususan, yurak-qon tomir kasalliklari uchun 71 mlrd so‘mdan ortiq, endokrin tizimi kasalliklariga qarshi dori vositalari uchun qariyb 50 mlrd so‘m, qon yaratish tizimi kasalliklariga qarshi dori uchun esa 26 mlrd so‘mdan ko‘p mablag‘ sarflangan.
2027-yildan esa davlat hisobidan bepul beriladigan dorilar ro‘yxatini 28 tadan 69 taga kengaytirish rejalashtirilgan. Yangilangan ro‘yxatga onkologik va ruhiy kasalliklar, surunkali jigar kasalliklari, buyrak va jigar yetishmovchiligida qo‘llanadigan dori vositalari ham kiritilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, diabet va yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda ishlatiladigan dorilar ro‘yxati ham kengayadi. Bu orqali ko‘proq bemorlar zarur dorilarni davlat hisobidan bepul olish imkoniga ega bo‘ladi.
Biroq dastur doirasida bepul dori olish uchun bemorlar belgilangan tartibga amal qilishi lozim. Shu o‘rinda savol tug‘iladi.
Bepul dori olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Reimbursatsiya dasturi orqali bepul dori olish uchun bemor, avvalo, o‘zi biriktirilgan oilaviy shifokorga murojaat qilishi lozim. Shifokor bemorni ko‘rikdan o‘tkazadi va zarur tahlillarni tayinlaydi.
Agar bemorda aniqlangan kasallik dastur ro‘yxatiga kirsa, shifokor tegishli dori vositasi uchun elektron retsept rasmiylashtiradi. Retsept bo‘yicha bemorning telefon raqamiga SMS-kod yuboriladi.
Dorini shartnomadagi dorixonadan olish mumkin. Elektron retsept rasmiylashtirilgach, bemor Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan o‘ziga yaqin dorixonaga murojaat qiladi. Dorixonada bemor SMS-kodni ko‘rsatadi va retseptda belgilangan dorini bepul oladi. Dori vositasi qiymati davlat tomonidan to‘liq qoplanadi.
Retseptning amal qilish muddatiga e’tibor berish kerak. Tasdiqlangan retsept bo‘yicha dorini belgilangan muddatda olish lozim. Agar retsept 7 kun ichida ishlatilmasa, uni qayta rasmiylashtirish talab etilishi mumkin.
Sog‘lig‘i sababli poliklinikaga bora olmaydigan bemorlarga uyida tibbiy yordam ko‘rsatilishi mumkin. Bunday holatda tibbiy brigada bemorni ko‘rikdan o‘tkazib, zarur bo‘lsa, elektron retsept rasmiylashtiradi. Dorilarni oila a’zolari yoki patronaj hamshirasi orqali olish imkoniyati ham mavjud.
Dori vositalarini qabul qilish muddati va keyingi retseptni rasmiylashtirish tartibini shifokor belgilaydi.
Kasalliklarni nazorat qilish davlat xarajatlarini kamaytiradimi?
Surunkali kasalliklarni vaqtida aniqlash va davolash nafaqat bemor salomatligi, balki davlat xarajatlari uchun ham muhim. Bepul dori berish dasturining iqtisodiy samarasini uchta yo‘nalishda ko‘rish mumkin.
Birinchisi, shifoxona xarajatlarini kamaytirish. Qon bosimi va qand miqdorini nazorat qilish infarkt, insult va diabet asoratlari xavfini kamaytiradi. Bu esa tez yordam, reanimatsiya va uzoq muddatli davolanish uchun sarflanadigan mablag‘ni tejashga yordam berishi mumkin.
Ikkinchisi, inson kapitalini saqlash va ijtimoiy xarajatlarni kamaytirish. Surunkali kasalliklar og‘irlashib, insonni mehnat qobiliyatidan mahrum qilishi va nogironlikka olib kelish ehtimoli yuqori.
1-oktabr holatiga nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 1 milliondan oshgan. Ularning eng katta qismi esa 2-guruh nogironligi bor shaxslarga to‘g‘ri kelgan. Hozirgi kunda ularning soni 690 ming 619 nafarni tashkil etadi.
Bundan tashqari, surunkali kasalliklarni oldini olmaslik, nafaqat bemorning daromadini yo‘qotishiga, balki davlat zimmasiga uzoq muddatli ijtimoiy to‘lovlar yuklanishiga ham sabab bo‘ladi.
Zarur dorilarni vaqtida qabul qilish og‘ir asoratlar xavfini kamaytirib, insonning mehnat qobiliyatini saqlashga va davlatning ijtimoiy xarajatlarini cheklashga yordam beradi.
Uchinchisi, iqtisodiy faollikni saqlash. Kasallik sababli ishga chiqmaslik yoki vazifalarni to‘liq bajara olmaslik korxona samaradorligiga ta’sir qiladi. Zarur dorilar bilan ta’minlash bemorlarning ish faoliyatini davom ettirishiga ko‘maklashib, ish kunlari yo‘qotilishi va ishlab chiqarishdagi uzilishlarni kamaytirishi mumkin.
Xalqaro tadqiqot bepul dori ta’minotining iqtisodiy samarasini ko‘rsatdi. Kanadada o‘tkazilgan yirik «CLEAN Meds» klinik-iqtisodiy tadqiqotida aniqlanishicha, bemorlarga surunkali kasalliklar uchun hayotiy zarur dorilar reimbursatsiya dasturi doirasida 100 foiz bepul qoplab berilganda, ularning shifoxona va reanimatsiyaga tushishi keskin kamaygan. Natijada, dori xarajatlarini qoplash sog‘liqni saqlash tizimining umumiy xarajatlarini o‘rtacha 38 foizga qisqartirgan.
Biroq reimbursatsiya dasturiga ajratilayotgan pullar har doim ham xarajatlarni kamaytirmaydi. Ayrim surunkali kasalliklarda dorilar kasallikning kuchayishini sekinlashtirish, asoratlar xavfini kamaytirish va bemorning ahvolini barqaror saqlashga yordam beradi.
Onkologik kasalliklar, buyrak yoki jigar yetishmovchiligi, ruhiy kasalliklar kabi murakkab holatlarda esa davolash uzoq davom etishi va qo‘shimcha tibbiy muolajalarni talab qilishi mumkin. Bunday vaziyatlarda dori bilan ta’minlash kasallikni to‘liq davolashni kafolatlamasa-da, bemorning ahvolini nazorat qilish va hayot sifatini saqlashga ko‘maklashadi.
Eslatib o‘tamiz, 2027-yildan kafolatlangan tibbiy yordam paketi doirasida bepul dori vositalari soni 69 tadan 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turlari esa 36 taga yetkaziladi.
Shuningdek, kasallik boshlanganidan keyingi «oltin soat»da 855 nafar bemor erta o‘lim yoki nogironlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan asoratlardan saqlab qolingan. 2027-yilda dasturni barcha tuman va shaharlarda joriy etish uchun 280 mlrd so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, oshqozon, yo‘g‘on ichak, prostata bezi va o‘pka saratonini erta aniqlash dasturlariga esa yiliga 700 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Teglar






