O‘zbekistonliklarning Safe Road bazasidagi ma’lumotlari sizib chiqqani aytilmoqda
Bundan tashqari tarmoqlarda inDrive, Lada Auto, KiwiTaxi, Fargo, Maktab.uz, Andalus va boshqa xizmatlarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bazalari tarqatilayotgani haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi.
© Kollaj: Vaqt.uzIjtimoiy tarmoqlarda Safe Road bazasiga ulangan millionlab haydovchilarning pasport ma’lumotlari, suratlari va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatorlari tarqalib ketgani va ular Telegram botlarda sotilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Ularda aytilishicha, Telegram-botga ozgina pul to‘lash orqali ma’lumotlarni bir zumda olish mumkin. Bular jismoniy shaxsning shaxsiy identifikator raqami, pasportda surati va nusxalari, kvartira raqamigacha bo‘lgan to‘liq ro‘yxatdan o‘tgan manzil, telefon raqamlari, haydovchi va uning yonida o‘tirgan odamlarning yuzlari aniq ko‘rinadigan yo‘l kameralari suratlari hamda boshqalar.
Hozircha ma’lumotlar sizib chiqqani haqidagi xabarlarning haqqoniyligi va bu holat qanchalik keng ko‘lamni qamrab olgani to‘liq tasdiqlanmagan. Rasmiy idoralar tomonidan munosabat berilganicha yo‘q. Ammo Safe Road millionlab haydovchilarning pasporti va shaxsiy ma’lumotlari qora bozorga chiqib ketgani haqidagi da’volarni «asossiz» deb atadi.
Kompaniyaning qayd etishicha, tarmoqda sotilgani aytilayotgan ma’lumotlar ilova ishga tushirilishidan ancha oldin turli manbalardan yig‘ilgan eski ma’lumotlar bo‘lib, ularning SafeService’ga mutlaqo aloqasi yo‘q. Hozirda botlar orqali tarqatilayotgan «feyk rasmlar» va ma’lumotlar kompaniyaga aloqador emas. Kompaniya 1-sentabrdan boshlab «SafeRoad» brendi mavjud emasligi, u rasman SafeService sifatida rebrending qilinganini urg‘uladi. Eski brend logotipidan foydalangan holda tarqatilayotgan «yolg‘on xabarlar»ga ishonmaslik so‘ralgan.
Kompaniyaning ishontirishicha, haydovchilarning shaxsiy ma’lumotlari O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq maxsus himoyalangan serverlarda saqlanadi va shifrlangan shaklda uzatiladi.
«Tarqatilayotgan bunday soxta xabarlar bozorda nosog‘lom raqobatni keltirib chiqarish maqsadida amalga oshirilmoqda», — deyiladi kompaniya munosabatida.
Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha huquqbuzarliklarning manbasini aniqlash va chora ko‘rish uchun tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani bildirilgan.
Bundan tashqari, yana bir nechta mashhur ilovalarning foydalanuvchilariga tegishli shaxsiy ma’lumotlar ham ommaviy ravishda tarqalib ketgani aytilmoqda. Xususan, inDrive, Lada Auto, KiwiTaxi, Fargo, Maktab.uz, Andalus va boshqa xizmatlarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bazalari tarqatilayotgani haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi.

Aytilishicha, ushbu ma’lumotlar orqali odamlarning nima sotib olgani, Korzinka’dagi xaridlari, buyurtma qilgan yetkazib berish xizmatlari va hatto bir necha yil oldin dorixonadan sotib olgan dorilarigacha ham bilish mumkin.

Bir qator IT mutaxassislari o‘zlariga oid SafeRoad bazasidagi ma’lumotlar ham tarqalganini aytmoqda.

«Botlardan tekshirdim. O‘zimni hamma ma’lumotlarim tarqab yotibdi. Manba sifatida esa saferoad.uz yozilgan», — deydi o‘zini IT mutaxassisi sifatida ko‘rsatgan Umar Sa’dullayev ismli bloger.
Ma’lumot uchun, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumot berib kelgan «Road24» ilovasi va IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘rtasida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumot almashinuvi 2025-yilning bahorida batamom to‘xtatilgan. YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev o‘shanda 14-apreldan e’tiboran jarimalar va boshqa xizmatlar haqidagi ma’lumotlarni Safe Road ilovasi orqali bilish mumkinligini bildirgandi.





