Logo

Krishtianu Ronalduning Toshkentga kelishi kutilmoqda

Bugun 21:112 daqiqa

2-noyabr kuni Toshkentda o‘tadigan Elit OCHL doirasidagi «Paxtakor» va «An-Nasr» uchrashuvida Krishtianu Ronaldu ham ishtirok etishi mumkin.

Krishtianu Ronalduning Toshkentga kelishi kutilmoqda

Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi 2-noyabr kuni Elit Osiyo Chempionlar ligasi 4-turi doirasida Toshkentda «Paxtakor»ga qarshi maydonga tushadi. Bo‘lajak uchrashuvda portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduning ishtirok etishi haqiqatga yaqin. Bu haqda «Paxtakor» klubi sport direktori Ravshan Salimovning ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotlarida ma’lum qilindi.

«An-Nasr» rahbariyati tomonidan olib borilayotgan tashkiliy ishlarga tayanib, Toshkent klubi sport direktori yulduz futbolchining kelishiga ishora qilgan.

Shuningdek, u o‘z sahifasida noma’lum shaxs bilan yozishmasi skrinshotini e’lon qilib, unda Ronalduning tashrifi haqidagi savolga «ha» deb javob berilganini ko‘rsatgan. Salimov ushbu suratga «Qisqasi, o‘zinglar tushunib olarsizlar», deya izoh ilova qilgan.

Tashkiliy jarayonlar doirasida saudiyaliklar Toshkent klubi rasmiylariga murojaat qilib, xavfsizlikning to‘liq ta’minlanishi bo‘yicha kafolat so‘ragan.

Musobaqadagi vaziyat va 1000 ta gol marrasi

«An-Nasr»ning Toshkentga asosiy tarkib bilan tashrif buyurishi turnir jadvalidagi qaltis vaziyat bilan bevosita bog‘liq. Saudiya klubi dastlabki turda «Al-Ayn»dan 4:0 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchrab, 2-turda Farg‘onaning «Neftchi» klubini 3:1 hisobida yenggan va hozirda 3 ochkoga ega. Jamoaning 26-oktabr kuni o‘z maydonida «Al-Vasl»ga qarshi o‘tkazishi kerak bo‘lgan 3-tur uchrashuvi mintaqadagi notinchlik sababli noma’lum muddatga qoldirildi. O‘z navbatida, «Paxtakor» jamoasi 3 ta o‘yindan so‘ng 2 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etib, 2 ochko to‘plagan.

Xavfsizlik omillari va so‘nggi qaror

Garchi «An-Nasr» rahbariyati har bir uchrashuvda Ronalduning maydonga tushishidan manfaatdor bo‘lsa-da, yakuniy qaror futbolchining o‘zi tomonidan qabul qilinadi.

Avvalroq, Elit OCHL 2-turi doirasidagi «Neftchi» va «An-Nasr» o‘rtasidagi bahs yaman husiychilarining ehtimoliy raketa hujumi haqidagi ogohlantirish xabarlari sababli 1 soatga kechiktirilgan edi. O‘sha vaziyatda futbolchilarning telefonlariga kelgan xabarlardan so‘ng, Krishtianu maydonga chiqishdan bosh tortgani ma’lum qilingan. Klub rahbariyatining muxlislar aynan uni ko‘rish uchun chipta sotib olgani haqidagi 40 daqiqalik tushuntirishlaridan so‘ng, vaziyat yumshaganini ko‘rgan hujumchi maydonga tushishga rozi bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan mazkur uchrashuv chiptalari 100 ming so‘mdan 3 million so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotuvga chiqarilgan. Krishtianu Ronaldu bungacha O‘zbekistonga 2009 yilning dekabrida kelgan va poytaxtdagi «JAR» stadionida yosh futbolchilar uchun master-klass o‘tkazgan edi.

Shu bilan birga, 41 yoshli futbolchining shaxsiy rekordlari ham har bir rasmiy o‘yinda maydonga tushishini talab etmoqda. Ronaldu yaqinda «Vogue» jurnaliga bergan intervyusida bu futboldagi so‘nggi yili ekanini va o‘zidan ajoyib meros qoldirish niyatidaligini ta’kidlagan edi. «An-Nasr» bilan tuzilgan shartnomasi 2027 yilning 30-iyunida yakuniga yetadigan hujumchining hisobida hozirda 982 ta gol mavjud bo‘lib, 1000 talik marrani zabt etish uchun unga yana 18 ta to‘p kiritish talab etiladi.

Teglar

Mavzuga oid