Stajyorlikdan rahbarlikkacha: Click xodimlar salohiyatini qanday rivojlantirmoqda?
Yosh mutaxassis uchun ilk ish tajribasini orttirish oson emas. Ish beruvchilar amaliy ko‘nikma talab qiladi, ishga kirmasdan turib esa bunday ko‘nikmani egallash qiyin. Ishlayotgan xodimlar ham ba’zan kompaniyada qanday o‘sishi, buning uchun nimalarni o‘rganishi kerakligini aniq bilmaydi. Click bu ikki masalaga tizimli yondashmoqda.

Kompaniya tashqi mehnat bozoridan tajribali mutaxassislarni jalb etish bilan birga, talabalar, stajyorlar va o‘z xodimlarining salohiyatini rivojlantirishga ham e’tibor qaratmoqda. Young Wave va Build Not Buy loyihalari aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Young Wave bilan kasbga ilk qadam
Young Wave doirasida Click oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib, talabalar bilan amaliy bilimlarini ulashadi. Kompaniya xodimlari kontent yaratish va omma oldida nutq so‘zlash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadi, keyin esa stajyorlarga ustozlik qiladi. Ishtirokchilar o‘quv mashqlari bilan cheklanmay, kompaniyaning haqiqiy ish vazifalarini bajaradi. Jamoa esa ularni qo‘llab-quvvatlab, fikr-mulohaza bildiradi.
12 ta oliy ta’lim muassasasining talabalari kompaniya elchilariga aylandi, stajyorlik dasturiga minglab arizalar kelib tushdi. Stajyorlarning bir qismi esa allaqachon Click jamoasiga qo‘shildi. Biz uchun bu yosh mutaxassislarni jalb qilish bilan birga, ularning kasbga ilk qadam qo‘yishiga ko‘maklashish imkoniyati hamdir.
«Har kuni millionlab odamlar foydalanadigan mahsulot ustida ishladim. Ilk bor o‘quv topshirig‘i uchun emas, amaliy loyiha uchun kod yozdim», — deydi Click stajyori Kamilla Daurova.
«Young Wave biz uchun yosh avlod bilan muloqot qilish imkoniyati. Biz tajribamizni ulashamiz, ulardan esa yangicha qarashlar, dadil g‘oyalar va ochiq fikr-mulohazalar olamiz. Bu jarayonda bir-birimizdan o‘rganamiz», — deydi Click ichki kommunikatsiyalar va ish beruvchi obro‘sini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ilya Ismoilov.
Build Not Buy bilan kasbiy o‘sishning aniq yo‘li
Xodimning kasbiy o‘sishi faqat omadli tasodif yoki rahbarning shaxsiy fikriga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak. Shu sababli Click kompaniya qadriyatlariga tayangan o‘z baholash tizimini ishlab chiqdi. Bu tizim xodimga kuchli tomonlarini ko‘rish, konstruktiv fikr-mulohaza olish va aniq qadamlardan iborat shaxsiy rivojlanish rejasini tuzishga yordam beradi.
O‘nlab xodimlar allaqachon lavozimda ko‘tarildi yoki yangi rollarga o‘tdi. Ular orasida stajyorlikdan yetakchi mutaxassis darajasigacha o‘sganlar ham, o‘zini boshqa yo‘nalishda sinab ko‘rganlar ham bor. Muhimi, bu yo‘lni bosib o‘tgan xodimlar endi hamkasblariga o‘zlari ustozlik qilmoqda.
«Har bir xodim Click’da qanday o‘sishi mumkinligini va buning uchun qaysi ko‘nikmalar kerakligini bilishini istaymiz. Build Not Buy kasbiy maqsadlarni aniq rejaga aylantiradi», — deydi Click xodimlarni o‘qitish va rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Diyora Muhamedjanova.
«Kasbiy o‘sishing tasodif emasligini, unga qanday erishish mumkinligini ko‘rsang, ishga munosabating ham o‘zgaradi. Baholash orqali kuchli tomonlarimni ham, qaysi jihatlar ustida ishlashim kerakligini ham bildim. Rivojlanish rejasi esa buning uchun aniq qadamlarni belgilab berdi. Bugun ilgari faqat orzu qilgan loyihalarimni boshqaryapman», — deydi Click loyihalar bo‘yicha bosh menejeri Xondamir Mutalov.
Iste’dodlarni rivojlantirishning yagona tizimi
Bu ikki loyiha bir-birini to‘ldiradi. Young Wave yoshlarga ilk kasbiy tajribani beradi, Build Not Buy esa kompaniya ichida keyingi bosqichlarga o‘sish imkonini yaratadi. Shu tariqa rivojlanish jarayoni uzluksiz davom etadi: tajriba orttirgan xodim vaqt o‘tib yangi avlod mutaxassislariga o‘zi ustozlik qila boshlaydi. Ushbu yondashuv asosida Staff as Hero g‘oyasi yotadi. Unga ko‘ra, kompaniyaning eng katta boyligi — uning xodimlari.
EMBRAS xalqaro mukofotidagi e’tirof
2026-yilning oktabr oyida har ikki loyiha EMBRAS xalqaro mukofotida oltin sovrinni qo‘lga kiritdi. Young Wave «Yoshlar vektori», Build Not Buy esa «Iste’dodlarni rivojlantirish» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, EMBRAS (Employer Brand Award) — 2018-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan, ish beruvchi brendi sohasidagi xalqaro mukofot. Bu yil besh mamlakatdan 35 ta nomzod kompaniya mukofot uchun kurashdi. Loyihalarni Buyuk Britaniya va Germaniyadan tortib Singapur va Janubiy Afrika Respublikasigacha bo‘lgan 25 mamlakatning 29 nafar ekspertidan iborat xalqaro hakamlar hay’ati baholadi. Taqdirlash marosimi 23-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi.
«Biz uchun tashqi mehnat bozoridan kuchli mutaxassislarni jalb qilish va o‘z jamoamizni rivojlantirishga birdek e’tibor berish muhim. Malakali kadrlar uchun raqobat kuchli ekanini bilamiz, shu sababli faqat tashqaridan xodim yollashga tayanib qola olmaymiz. Qolaversa, jamoamizda salohiyati katta insonlar bor. Ularga o‘sish uchun aniq imkoniyatlar yaratish kerak. Shuning uchun yosh mutaxassislarga ham, amaldagi xodimlarimiz rivojiga ham sarmoya kiritmoqdamiz.
Men uchun har ikki loyihani o‘z jamoalarimiz yaratgani va amalga oshirayotgani ayniqsa qadrli. Bu mukofotlar — ustozlar, rahbarlar, loyiha ishtirokchilari va xodimlar rivojiga hissa qo‘shayotgan barcha hamkasblarimizning umumiy mehnati natijasi. Bu ishni davom ettiramiz, chunki xodimlarning rivojlanishi Click’ning barqarorligi va kelajagi bilan bevosita bog‘liq», — deydi Click HR direktori Yevgeniya Massino.
Reklama





