Toshkentda iflos havo yana 10 kun saqlanib qolishi mumkin
O‘zgidromet poytaxtda atmosfera inversiyasi 10 kun davom etishidan ogohlantirdi.

Toshkent shahrida atmosfera inversiyasi hodisasi yana 10 kun davom etishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet ogohlantirdi.
Ushbu tabiiy hodisa oqibatida poytaxtda havo ifloslanishi darajasi ortishi mumkin.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, chang va ifloslantiruvchi moddalar atmosferaga doimiy ravishda chiqib turadi. Shamol va yomg‘ir bo‘lmagan sharoitda ushbu moddalar havoda to‘planib boradi, inversiya esa ularning yuqori qatlamlarga tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiladi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, kunning issiq vaqtida yengil shamol esib, chang tarqalishi evaziga ifloslanish darajasi nisbatan pasayadi.
Biroq tongda va kechki payt inversiya ta’sirida havo sifati yana yomonlashadi.
Havo sifatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar
Qayd etilishicha, ekologlar va tegishli xizmatlar tomonidan shaharda havo sofligini ta’minlash maqsadida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda:
— Avtomobil yo‘llariga muntazam suv sepilmoqda;
— Issiqxonalarda filtrlar o‘rnatilishi ta’minlanmoqda;
— Shaharda ko‘kalamzorlashtirish va ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda;
— Qurilish maydonlarida chang ko‘tarilmasligi qat’iy nazoratga olingan;
— Atrof-muhitni ifloslantirayotgan issiqxonalar va sanoat korxonalarida reydlar o‘tkazilmoqda.





