Logo

Kino sohasida davlat buyurtmasi bekor qilinadi: «O‘zbekfilm» 10 gektarda klaster barpo etadi

Bugun 19:101 daqiqa

Kino sohasi subsidiyalash mexanizmiga o‘tadi, bo‘sh turgan davlat aktivlari ochiq savdoga chiqariladi.

Kino sohasida davlat buyurtmasi bekor qilinadi: «O‘zbekfilm» 10 gektarda klaster barpo etadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Renessans» kino uyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kinematografiya sohasini moliyalashtirishning mutlaqo yangi mexanizmiga o‘tilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sohada davlat buyurtmasi amaliyotidan voz kechilib, filmlarni subsidiya asosida qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.

​«Bundan buyon davlat filmning buyurtmachisi emas, ijodkorlar va xususiy sektorning ishonchli hamkori bo‘ladi», — dedi mamlakat yetakchisi.



​Yangi tartibga muvofiq, film ishlab chiqarishda texnik topshiriqlar emas, balki ijodiy jarayon va uning talablariga ustuvorlik beriladi. Ushbu moliyalashtirish mexanizmini bir oy muddatda joriy etish vazifasi qo‘yildi. Shunningdek, kelgusi yildan boshlab har yili «O‘zbekfilm» milliy kinokompaniyasi so‘roviga ko‘ra budjetdan tegishli mablag‘ ajratib boriladi.

Davlat aktivlari sotuvga chiqariladi

​Infratuzilmani rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida «O‘zbekfilm»ning 10 gektarlik hududida kino xizmatlari jamlangan yagona industrial klaster — «O‘zbekfilm kino shaharchasi» tashkil etiladi.

​Mazkur shaharchada zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan Dublyaj va ovozlashtirish markazi quriladi. Ikki oy muddatda malakali loyiha tashkilotini jalb qilib, shaharchaning master-rejasi va loyiha-smetasi ishlab chiqiladi. Bazaviy qurilish ishlarini keyingi yilning mart oyidan boshlash belgilandi.

​Bundan tashqari, kino tizimidagi foydalanilmay bo‘sh turgan davlat aktivlarini ochiq savdolarga chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi.

Teglar

Mavzuga oid