Logo

Bank sohasida 11,3 mln, ta’lim va tibbiyotda 3,2 mln so‘m: O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi e’lon qilindi

Bugun 21:054 daqiqa

Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha maosh Toshkent shahrida (12 million 300,8 ming so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (4 million 969,7 ming so‘m) qayd etildi.

Bank sohasida 11,3 mln, ta’lim va tibbiyotda 3,2 mln so‘m: O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi e’lon qilindi © ijtimoiy tarmoqlar

2026 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 18 foizga o‘sib, 7 million 274,1 ming so‘mga yetdi, yanvar-avgust oylari yakunlari bo‘yicha hisoblangan mediana ish haqi esa 4 million 166,3 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining 2026 yil 27-oktabrda e’lon qilingan dastlabki ma’lumotlarida qayd etildi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda kichik tadbirkorlik subyektlarini hisobga olmagan holda shakllantirilgan o‘rtacha oylik nominal ish haqi ko‘rsatkichi o‘tgan yillarning mos davrida (yanvar-sentabr) 2022 yilda 3 million 734,5 ming so‘mni, 2023 yilda 4 million 424,2 ming so‘mni, 2024 yilda 5 million 172,1 ming so‘mni hamda 2025 yilda 6 million 166,2 ming so‘mni tashkil etgan.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik nominal ish haqi Toshkent shahrida qayd etilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,3 foizga o‘sgan holda 12 million 300,8 ming so‘mga teng bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarni Navoiy viloyati (8 million 820,5 ming so‘m, o‘sish sur’ati — 115,5 foiz) va Toshkent viloyati (6 million 889,9 ming so‘m, o‘sish sur’ati — 119,1 foiz) egalladi.

Eng past nominal ish haqi miqdori esa Qashqadaryo (4 million 969,7 ming so‘m) va Surxondaryo (4 million 988,9 ming so‘m) viloyatlarida kuzatildi.

O‘tgan yilning mos davriga nisbatan ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari Namangan (120,3 foiz — 5 million 395,9 ming so‘m), Jizzax (119,8 foiz — 5 million 506,4 ming so‘m), Toshkent (119,1 foiz — 6 million 889,9 ming so‘m) va Buxoro (118,4 foiz — 5 million 840,9 ming so‘m) viloyatlarida qayd etildi.

Shuningdek, bu ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatida 5 million 383,3 ming so‘mni (117,7 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 million 676,8 ming so‘mni (116,2 foiz) tashkil etgan.

Boshqa hududlarga nisbatan o‘sish sur’ati pastroq bo‘lgan viloyatlar qatoridan Qashqadaryo (116,1 foiz — 4 million 969,7 ming so‘m), Andijon (115,6 foiz — 5 million 765,4 ming so‘m), Sirdaryo (115,6 foiz — 5 million 736,0 ming so‘m), Xorazm (115,6 foiz — 5 million 623,2 ming so‘m), Navoiy (115,5 foiz — 8 million 820,5 ming so‘m), Surxondaryo (114,8 foiz — 4 million 988,9 ming so‘m) hamda Samarqand (111,5 foiz — 5 million 373,4 ming so‘m) viloyatlari joy oldi.

Mediana ish haqi ko‘rsatkichi

Statqo‘m hisobotida xalqaro tajriba asosida amaliyotga joriy etilayotgan sinov (eksperimental) hisob-kitoblari natijasida aniqlangan mediana ish haqi ko‘rsatkichlari ham keltirilgan.

Qo‘mita tushuntirishiga ko‘ra, mediana ish haqi — xodimlarning yarmi undan kam, qolgan yarmi esa undan ko‘p maosh oladigan miqdor bo‘lib, u juda yuqori ish haqi oluvchi kichik guruh ta’siriga kamroq bog‘liq bo‘ladi va mehnat bozoridagi «oddiy xodim» holatini aniqroq ko‘rsatadi.

Hisob-kitobda foydalanilgan «Mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar» ma’muriy ma’lumotlari sentabr oyi bo‘yicha shaxslar kesimida hali to‘liq shakllanmagani sababli, mediana ish haqi 2026 yilning yanvar-avgust oylari uchun (daromad solig‘i chegirilmagan holda) taqdim etilgan va uni yanvar-sentabr oylari uchun berilgan o‘rtacha ish haqi bilan bevosita taqqoslab bo‘lmaydi.

2026 yilning 8 oyi yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha mediana ish haqi 4 million 166,3 ming so‘mga teng bo‘ldi. Hududlar kesimida mediana ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (6 million 791,2 ming so‘m), eng past ko‘rsatkichi esa Sirdaryo viloyatida (2 million 998,4 ming so‘m) qayd etildi. Qolgan hududlarda mediana ish haqi miqdori quyidagicha shakllandi:

— Navoiy viloyati — 6 213,8 ming so‘m;
— Toshkent viloyati — 4 317,7 ming so‘m;
— Andijon viloyati — 3 601,1 ming so‘m;
— Buxoro viloyati — 3 558,7 ming so‘m;
— Samarqand viloyati — 3 500,0 ming so‘m;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 3 487,9 ming so‘m;
— Jizzax viloyati — 3 409,2 ming so‘m;
— Xorazm viloyati — 3 373,8 ming so‘m;
— Farg‘ona viloyati — 3 293,3 ming so‘m;
— Surxondaryo viloyati — 3 137,5 ming so‘m;
— Namangan viloyati — 3 034,8 ming so‘m;
— Qashqadaryo viloyati — 3 028,1 ming so‘m.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha mediana ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida (11 million 363,9 ming so‘m), eng past ko‘rsatkichi esa yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda (2 million 860,0 ming so‘m) kuzatildi. Sohalar kesimida mediana ish haqi ko‘rsatkichlari quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ldi:

— Axborot va aloqa — 8 752,4 ming so‘m;
— Tashish va saqlash — 8 300,5 ming so‘m;
— Sanoat — 5 858,5 ming so‘m;
— Savdo — 4 654,9 ming so‘m;
— Qurilish — 3 942,8 ming so‘m;
— San’at, ko‘ngil ochish va dam olish — 3 647,4 ming so‘m;
— Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish — 3 267,0 ming so‘m;
— Ta’lim — 3 207,6 ming so‘m.

Nominal hisoblangan ish haqi soliq va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga oluvchi pul shaklidagi daromadlardan iborat. Respublikaning barcha korxona va tashkilotlari, jumladan, kichik korxonalar, mikrofirmalar va fermer xo‘jaliklari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlar yilda bir marotaba shakllantirilib, e’lon qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid

Bank sohasida 11,3 mln, ta’lim va tibbiyotda 3,2 mln so‘m: O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi e’lon qilindi | Vaqt.uz