Logo

AQSHga parvoz qilayotganlar uchun yangi talab joriy etildi

Bugun 19:522 daqiqa

2026 yil 3-noyabrdan AQSHga uchadigan yo‘lovchilar so‘nggi 21 kun davomida Kongo Demokratik Respublikasida bo‘lmaganini tasdiqlovchi deklaratsiyani to‘ldirishi shart.

AQSHga parvoz qilayotganlar uchun yangi talab joriy etildi

2026 yilning 3-noyabridan boshlab AQSHga parvoz qilayotgan barcha yo‘lovchilar uchun so‘nggi 21 kun ichida Kongo Demokratik Respublikasida bo‘lmaganligini tasdiqlovchi majburiy deklaratsiya to‘ldirish talabi kuchga kiradi. Mazkur hujjatni taqdim etmagan fuqarolar reysga chiqishga qo‘yilmaydi. Bu haqda «Uzbekistan Airways» matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, yangi cheklov va tartiblar AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) tomonidan belgilangan.

Qayd etilishicha, bu talab xorijiy davlatlardan Amerika Qo‘shma Shtatlariga uchayotgan barcha yo‘lovchilar, shu jumladan, tranzit orqali harakatlanayotgan fuqarolarga ham birdek taalluqli.

Unga ko‘ra, har bir yo‘lovchi parvozdan oldin maxsus qog‘oz yoki elektron deklaratsiyani to‘ldirishi va shaxsan imzolashi shart.

Tranzit shartlari va yolg‘on ma’lumot uchun javobgarlik

Aviakompaniya xabarida Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) orqali tranzit parvozlarini amalga oshirganlar masalasiga alohida oydinlik kiritilgan.

Unga ko‘ra, agar yo‘lovchi KDR aeroporti orqali tranzitdan o‘tgan bo‘lsa, hatto samolyot bortini yoki aeroport binosini tark etmagan taqdirda ham, ushbu mamlakat hududida bo‘lganlik sifatida baholanadi.

Shuningdek, voyaga yetmagan, ya’ni 18 yoshga to‘lmagan yo‘lovchilarning deklaratsiyasi ularning ota-onasi, vasiysi yoki boshqa vakolatli shaxslar tomonidan to‘ldirilib, imzolanishi belgilangan.

«Deklaratsiyani taqdim etmagan yo‘lovchilar reysga chiqishga qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, bila turib yolg‘on ma’lumot taqdim etish AQSH qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin», — deya ta’kidlanadi «Uzbekistan Airways» bayonotida.

Shu munosabat bilan, kompaniya yo‘lovchilarga yangi talablar bilan oldindan tanishib chiqishni va aeroportga kelishdan avval tegishli deklaratsiyani tayyorlab qo‘yishni tavsiya qilgan.

Teglar

Mavzuga oid

AQSHga parvoz qilayotganlar uchun yangi talab joriy etildi | Vaqt.uz