Logo

O‘zbekistonliklar uchun Misrga kirishning yangi tartibi 2027-yilgacha kechiktirildi

Bugun 21:202 daqiqa

O‘zbekistonliklarning Misrga sayohat qilishi uchun 5000 dollargacha naqd pul va yaqin qarindoshlar hamrohligini talab qilish tartibining kuchga kirishi 2027-yil 1-martga qadar kechiktirildi.

O‘zbekistonliklar uchun Misrga kirishning yangi tartibi 2027-yilgacha kechiktirildi

O‘zbekiston fuqarolarining Misr Arab Respublikasiga kirishiga oid yangi qoidalarni joriy etish muddati 2027 yil 1-martga qadar kechiktirildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatning Qohiradagi elchixonasi tomonidan Misr hukumati bilan olib borilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida shunday kelishuvga erishilgan.

Yangi qoidalar kuchga kirguniga qadar O‘zbekiston fuqarolari Misrga amaldagi tartib asosida sayohat qilishlari mumkin bo‘ladi.

«O‘zbekiston TIV xorijiy hamkorlar bilan fuqarolarning chet elga safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, vizasiz rejimlarni joriy etish hamda boshqa xorijiy davlatlar bilan mavjud safar tartib-taomillarini soddalashtirish borasida izchil ishlarni davom ettirmoqda», - deyiladi xabarda.

TIV o‘zbekistonliklarni xorijiy davlatlarga safar qilish chog‘ida mahalliy qonunchilik va belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy rioya etish, viza va migratsiya talablarini bajarish, shuningdek, borilayotgan mamlakatning milliy qadriyatlari, an’analari va jamoat tartibini hurmat qilishga chaqirdi.

«Har bir fuqaroning xorijda mas’uliyatli xulq-atvor namoyon etishi O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlash va mamlakatimizning xalqaro hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi», - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi 2026 yilning 1-noyabridan e’tiboran fuqarolarning Misrga safar qilish tartibi keskinlashtirilishini ma’lum qilgan edi. E’lon qilingan yangi talablarga ko‘ra, 40 yoshgacha bo‘lgan sayyohlar Misrga faqat yaqin oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari) hamrohligida kirishi hamda oilaning yonida kamida 5000 AQSH dollari naqd mablag‘i bo‘lishi belgilangandi. 40 yoshdan yuqori bo‘lgan mustaqil sayohatchilardan esa kamida 3000 AQSH dollari miqdorida naqd pul talab qilinishi aytilgan.

Shuningdek, yo‘lovchilar chegarada mehmonxona broni va yetarli moliyaviy ta’minotni tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishi shartligi, Misr hududida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish taqiqlanishi bildirilgan. Ushbu talablarni bajarmagan fuqarolar mamlakatga kiritilmasdan, ularni olib kelgan aviakompaniya orqali ortga qaytarilishi qayd etilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid