Logo

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,6 foizgacha qisqardi — vazirlik

Bugun 13:452 daqiqa

«Onlayn mahalla» platformasi orqali 64,1 mlrd so‘m subsidiya va 79,8 mlrd so‘m ssuda ajratildi.

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 3,6 foizgacha qisqardi — vazirlik © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda yilning dastlabki 9 oyi davomida kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,6 foizgacha pasaydi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.

Vazirlikning aytishicha, kambag‘allikdan xoli mahallalar soni 3 627 taga yetgan. 824 ming fuqaro doimiy ishga joylashtirilgan, 4 milliondan ortiq aholining daromadini oshirishga ko‘maklashilgan. 980 ming fuqaroning norasmiy bandligi rasmiylashtirilgan. 96 mingdan ortiq kishi kasbga o‘qitilgan, bitiruvchilarning qariyb 45 mingi ish bilan ta’minlangan.

Shuningdek, «Ijtimoiy reyestr»dagi daromadi oshgan 440 mingta oila reyestrdan chiqarilgan. Ta’kidlanishicha, vaucher tizimi orqali 95 mingdan ortiq fuqaro kasbga o‘qishga jalb qilingan. O‘qishni tamomlagan 56,5 ming kishidan 43 mingdan ortig‘i ish bilan ta’minlangan.

Bundan tashqari, davlat mehnat inspeksiyasi aralashuvi bilan xodimlarga 832,1 milliard so‘mdan ortiq ish haqlari undirib berilgan. Mehnat huquqlari buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 4 467 o‘zbekistonlikning huquqlari tiklangan.

«Onlayn mahalla» platformasi orqali 64,1 milliard so‘m subsidiya va 79,8 milliard so‘m ssuda ajratilgani aytildi.

Ma’lumot uchun, 2010-yildan beri birinchi marta o‘ta kambag‘allikda yashayotgan odamlar soni ko‘paydi. Hozirda dunyo bo‘yicha bunday insonlar soni 1,2 milliardga yetgan. 2026-yilgi hisobotda rivojlanayotgan 108 ta mamlakatdagi kambag‘allik darajasi tahlil qilingan. Bu davlatlarda jahon aholisining 78 foizi yashaydi. Agar inson sog‘liqni saqlash, ta’lim va yashash sharoitini qamrab oluvchi 10 ta ko‘rsatkichdan kamida uchdan bir qismi bo‘yicha yetishmovchilikka duch kelsa, u kambag‘al hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo yil oxirigacha kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirilishi aytilgandi. Shuningdek, odamlarni kambag‘allik va qashshoqlikdan chiqarish uchun nimalar qilish kerakligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid