Logo

O‘zbekistonda davlat korxonalariga berilgan imtiyozlar xususiy biznes rivojini cheklamoqda — Jahon banki

Bugun 15:0310 daqiqa

Ish beruvchilarning yarmidan ko‘pi malakali kadrlar yetishmasligini biznes rivojiga jiddiy to‘siq deb hisoblaydi. Bank vakiliga ko‘ra, iqtisodiy taraqqiyotni faqat YAIM o‘sishi bilan emas, balki aholi daromadlari, mehnat unumdorligi va sifatli ish o‘rinlari ko‘payishi bilan ham baholash zarur. Mintaqada kichik va o‘rta biznes uchun kredit olish ham qiyinligicha qolmoqda. Banklar talab qiladigan garov yetishmasligi, yuqori foiz stavkalari va biznes yuritishdagi ortiqcha byurokratik talablar korxonalarning kengayishiga to‘sqinlik qilmoqda.

O‘zbekistonda davlat korxonalariga berilgan imtiyozlar xususiy biznes rivojini cheklamoqda — Jahon banki © World Bank

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Naji Benhassin mintaqada iqtisodiy o‘sish kuzatilayotgani, biroq bu jarayon hali yetarlicha sifatli ish o‘rinlari yaratilishiga olib kelmayotganini ta’kidladi. Bu haqda u «Novastan» nashriga bergan intervyusida aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ish beruvchilarning yarmidan ko‘pi malakali kadrlar yetishmasligini biznes rivojiga jiddiy to‘siq deb hisoblaydi.

Shuningdek, davlat korxonalarining iqtisodiyotdagi ustun mavqei xususiy sektor rivojini cheklamoqda. Kichik biznes uchun kredit olish, garov talablari va raqobat sharoitlari ham dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Jahon banki vakiliga ko‘ra, iqtisodiy taraqqiyotni faqat YAIM o‘sishi bilan emas, balki aholi daromadlari, mehnat unumdorligi va sifatli ish o‘rinlari ko‘payishi bilan ham baholash zarur.

Markaziy Osiyoga Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Fors ko‘rfazi davlatlari, Janubiy Koreya va boshqa hamkorlarning qiziqishi ortib bormoqda. Mintaqada savdo, transport va energetika sohalaridagi loyihalar ham kengaymoqda. Biroq yirik investitsiyalar va infratuzilma loyihalarining o‘zi iqtisodiyotning har tomonlama rivojlanishini kafolatlamaydi.

Markaziy Osiyoga qiziqish ortmoqda, ammo bu iqtisodiyotni o‘zgartirish uchun yetarlimi?

Naji Benhassinning aytishicha, Markaziy Osiyoga xalqaro qiziqishning ortishi mintaqa uchun muhim imkoniyatlar yaratmoqda. Bu ko‘proq investitsiya jalb qilish, savdo hajmini oshirish va yangi iqtisodiy hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Biroq xorijiy davlatlarning qiziqishi, tashriflar va investitsiya bo‘yicha e’lon qilingan rejalar hali iqtisodiyot tubdan o‘zgarganini anglatmaydi. Buning uchun mamlakatlarda biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash, raqobatni kuchaytirish va mahalliy korxonalarning rivojlanishiga imkon yaratish zarur.

Hozircha mintaqada savdo hajmi va yuk tashish faolligi oshmoqda. Xorijiy investitsiyalar ham, asosan, tabiiy resurslarni qazib olish, transport va logistika infratuzilmasiga yo‘naltirilmoqda. Lekin iqtisodiyotning turli sohalarini rivojlantirish, eksport qilinadigan mahsulotlarni ko‘paytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish borasida hali ko‘p ish qilish kerak.

Benhassinning ta’kidlashicha, O‘zbekiston 2017-yildan buyon iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirib kelmoqda. Jumladan, valuta bozorini erkinlashtirish, davlat ustunlik qilgan ayrim sohalarni xususiy biznes uchun ochish, soliq va bojxona tizimini yaxshilash hamda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida qadamlar tashlash shular jumlasidan.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligida ekinlarni majburiy joylashtirish tizimining bekor qilinishi va fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibidagi cheklovlarning olib tashlanishi ham muhim o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu islohotlar investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish va kambag‘allikni kamaytirishga yordam berdi.

Qozog‘istonda esa davlat korxonalarining iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish, kapital bozorini rivojlantirish va xususiy biznesning rolini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.

Tojikistonda telekommunikatsiya va aviatsiya sohalarida raqobatni kuchaytirish, xorijiy investorlar uchun huquqiy kafolatlarni yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Qirg‘izistonda kommunal xizmatlar sohasiga xususiy kompaniyalarni jalb qilish, davlat va xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish hamda davlat xizmatlarini raqamlashtirishga e’tibor berilmoqda.

Iqtisodiy o‘sish nega doim ham yaxshi ish o‘rinlarini yaratmayapti?

Benhassinning fikricha, Markaziy Osiyodagi eng katta muammolardan biri — iqtisodiy o‘sish bilan mehnat unumdorligi va sifatli ish o‘rinlarining ko‘payishi o‘rtasidagi farqdir.

Mintaqadagi o‘sishning katta qismi tabiiy resurslar narxining qulayligi, davlat investitsiyalari va xorijdan yuboriladigan pul o‘tkazmalari hisobiga ta’minlanmoqda. Biroq bu omillar korxonalar samaradorligi oshayotganini yoki iqtisodiyot raqobatbardosh bo‘lib borayotganini anglatmaydi.

Masalan, ishlab chiqarish sohasida bir ishchiga to‘g‘ri keladigan mahsulot hajmi mintaqaning aksariyat mamlakatlarida deyarli o‘smagan yoki sekin o‘sgan. Xususiy sektorning katta qismini kichik korxonalar tashkil etadi. Ular kredit olish, malakali xodim topish va o‘z mahsulotlarini keng bozorlarga olib chiqishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Davlat korxonalari esa ayrim sohalarda katta mablag‘larni o‘zida jamlab, xususiy biznesning rivojlanish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Yana bir muammo — ish o‘rinlarining sifati. Iqtisodiy o‘sish yuqori bo‘lsa-da, bu har doim ham ishchilarning maoshi oshishi, rasmiy bandlik ko‘payishi va malakali mehnatga talab ortishida namoyon bo‘lmayapti. Kichik va o‘rta biznes uchun kredit olish ham qiyinligicha qolmoqda. Banklar talab qiladigan garov yetishmasligi, yuqori foiz stavkalari va biznes yuritishdagi ortiqcha byurokratik talablar korxonalarning kengayishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Jahon banki bu muammolarni yumshatish uchun Xalqaro moliya korporatsiyasi va Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi bilan birgalikda FINGROW dasturini amalga oshirmoqda. Dastur kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishni kengaytirish hamda raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan. Dastur doirasida Jahon bankining 2 milliard dollarlik, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligining har biri 1 milliard dollarlik mablag‘lari hisobidan jami 6 milliard dollargacha xususiy kapitalni jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, dastur uzoq muddat davomida ishtirokchi mamlakatlarda 18 milliongacha qo‘shimcha yoki sifati yaxshilangan ish o‘rni yaratilishiga yordam berishi mumkin. Markaziy Osiyoda dasturning birinchi bosqichi O‘zbekistonda boshlangan.

Bundan tashqari, Benhassin ta’lim sifati va mehnat bozori ehtiyojlari o‘rtasidagi tafovutni ham asosiy muammolardan biri deb hisoblaydi. Mintaqadagi mamlakatlarda maktabga qamrov darajasi nisbatan yuqori bo‘lsa-da, bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmalari ish beruvchilar talabiga har doim ham mos kelmaydi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining imkoniyatlari bir-biridan farq qiladi

Jahon banki vakilining ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoning besh mamlakati umumiy tarix va madaniy merosga ega bo‘lsa-da, ularning iqtisodiy imkoniyatlari va rivojlanish yo‘llari turlicha. Qozog‘iston katta hudud va neft-gaz zaxiralariga ega. Turkmaniston dunyodagi yirik tabiiy gaz zaxiralaridan biriga ega mamlakat hisoblanadi. O‘zbekistonda oltin zaxiralari bilan birga, ko‘p sonli va o‘sib borayotgan aholi ham iqtisodiy imkoniyat yaratadi.

Tojikiston va Qirg‘iziston esa katta gidroenergetika salohiyatiga ega. Bu mamlakatlarda suv oqimidan elektr energiyasi ishlab chiqarishni kengaytirish nafaqat o‘z iqtisodiyoti, balki butun mintaqaning energiya ta’minoti uchun ham muhim bo‘lishi mumkin.

Benhassinning fikricha, mamlakatlar o‘rtasidagi ushbu farqlar to‘siq emas, aksincha, o‘zaro hamkorlik uchun imkoniyatdir. Masalan, bir mamlakat energiya ishlab chiqarishda, boshqasi esa sanoat, qayta ishlash yoki transport xizmatlarida katta salohiyatga ega bo‘lishi mumkin. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari ham savdo, suv, energetika va transport masalalarida hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Xorijiy investitsiyalar qanday qilib ko‘proq foyda keltirishi mumkin?

Benhassinning aytishicha, Markaziy Osiyoning asosiy muammosi dunyoda investitsiya uchun mablag‘ yetishmasligida emas. Jahon banki vakili global miqyosda banklar va institutsional investorlar boshqaruvida qariyb 280 trillion dollar mablag‘ borligini ta’kidladi.

Asosiy masala — ushbu mablag‘larni Markaziy Osiyodagi istiqbolli loyihalarga jalb qilish uchun zarur sharoit yaratish. Buning uchun investorlar uchun qoidalar barqaror bo‘lishi, shartnomalar ishonchli himoya qilinishi, valuta kursining o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflar kamaytirilishi va biznesni moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytirilishi kerak.

Jahon banki vakilining fikricha, tabiiy resurslarni qazib olishga yo‘naltirilgan investitsiyalar davlat budjetiga katta daromad keltirishi mumkin. Ammo bunday loyihalarning boshqa tarmoqlarga ta’siri cheklangan bo‘lishi ehtimoli bor.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yengil sanoat, turizm va biznes xizmatlariga kiritilgan investitsiyalar esa ko‘proq mahalliy ish o‘rinlari yaratishi, mahalliy yetkazib beruvchilar uchun buyurtmalarni oshirishi va yangi bilim hamda texnologiyalarning tarqalishiga yordam berishi mumkin.
Shu sababli hukumatlar faqat qancha investitsiya jalb qilinganiga emas, balki bu mablag‘lar iqtisodiyotga qanday ta’sir ko‘rsatayotganiga ham e’tibor qaratishi lozim.

Yangi transport yo‘laklari uchun yo‘llarning o‘zi yetarli emas

Markaziy Osiyo uchun muhim yo‘nalishlardan biri — Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi va Yevropa bilan Osiyoni bog‘laydigan O‘rta yo‘lakdir. Biroq Jahon banki vakilining ta’kidlashicha, yangi temiryo‘llar, avtomobil yo‘llari va portlar qurishning o‘zi yuk tashishni tezlashtirish uchun yetarli emas.

Chegaradan o‘tishdagi kechikishlar, bojxona hujjatlari, yuklarni bir transport turidan boshqasiga o‘tkazish va mamlakatlar o‘rtasidagi tartiblarning farq qilishi ham transport xarajatlarini oshiradi.

Jahon bankining Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi transport yo‘lagida jahon darajasidagi savdo-logistika tizimini rivojlantirish nomli hisobotida qayd etilishicha, ushbu yo‘lak bo‘yicha to‘g‘ri investitsiyalar va islohotlar amalga oshirilsa, 2040-yilgacha savdo hajmini uch baravardan ko‘proq oshirish va yo‘lga ketadigan vaqtni ikki baravar qisqartirish mumkin. Konservativ hisob-kitoblarga ko‘ra, bu davrga borib qo‘shimcha 2 millionta ish o‘rni yaratilishi mumkin.

Agar transport va savdo tartiblari ham samaraliroq tashkil etilsa, savdo hajmi to‘rt baravargacha oshishi, tashish vaqti esa uchdan ikki qismga qisqarishi mumkin.

Hisobotda 2040-yilgacha temiryo‘llar, portlar va ularga tutash avtomobil yo‘llarini rivojlantirish uchun 25 milliard dollardan ortiq investitsiya zarurligi qayd etilgan. Bundan tashqari, logistika markazlari, raqamli tizimlar va yuk tashish vositalariga ham mablag‘ yo‘naltirish kerak bo‘ladi.

Jahon banki bu borada yagona raqamli transport tizimini yaratish, temiryo‘l va dengiz transporti ishini muvofiqlashtirish, yuk tashishdagi muammolarni muntazam kuzatish hamda davlatga qarashli transport korxonalarining samaradorligini oshirishni muhim deb hisoblaydi.

Benhassinning fikricha, infratuzilma bilan birga bojxona va logistika tartiblari ham yaxshilanmasa, yangi yo‘llarga kiritilgan investitsiyalardan olinadigan iqtisodiy foyda kutilganidan ancha past bo‘lishi mumkin.

Yoshlar uchun qanday ish o‘rinlari kerak?

Markaziy Osiyoda, ayniqsa, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonda mehnat yoshidagi aholi soni tez o‘smoqda. Bu iqtisodiyot uchun katta imkoniyat, biroq yetarli ish o‘rinlari yaratish zaruratini ham kuchaytiradi.

Benhassinning ma’lumotiga ko‘ra, kelgusi 10–15 yil ichida dunyo bo‘yicha 1,2 milliard nafar yosh mehnat yoshiga yetadi. Biroq shu davrda taxminan 420 millionta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ish o‘rinlarining har o‘ntadan to‘qqiztasi xususiy sektor tomonidan yaratiladi. Shu sababli Markaziy Osiyoda bandlik muammosini faqat davlat tashkilotlari hisobiga hal qilib bo‘lmaydi. Xususiy korxonalar ham kengayishi, yangi loyihalarga sarmoya kiritishi va ko‘proq odamni ish bilan ta’minlashi kerak.

Jahon banki vakili yangi ish o‘rinlari yaratishda bir nechta yo‘nalishni istiqbolli deb hisoblaydi:

  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat ishlab chiqarish;

  • turizm va logistika xizmatlari;

  • moliyaviy hamda raqamli xizmatlar;

  • yengil sanoat va mintaqaviy bozorlarga mo‘ljallangan ishlab chiqarish.

Biroq buning uchun malakali ishchilar kerak. Jahon bankining tahliliga ko‘ra, Qirg‘izistonda mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning qariyb yarmi ish beruvchilar talab qiladigan ko‘nikmalarga ega emas.
O‘zbekistonda ham ish beruvchilarning yarmidan ko‘pi malakali kadrlar yetishmasligini biznes rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolardan biri sifatida ko‘rsatadi.

Benhassinning fikricha, ta’lim tizimi faqat diplom berishga emas, balki yoshlarga amaliy bilim va kasbiy ko‘nikmalar berishga yo‘naltirilishi kerak. Bu, ayniqsa, raqamli xizmatlar va zamonaviy ishlab chiqarish sohalarida muhim.

2035-yilga borib Markaziy Osiyo iqtisodiyoti qanday o‘zgarishi kerak?

Jahon banki vakilining fikricha, 2035-yilga borib Markaziy Osiyodagi muvaffaqiyatli iqtisodiy o‘zgarishlarni bir necha asosiy ko‘rsatkich orqali baholash mumkin. Birinchidan, iqtisodiyot tabiiy resurslar va davlat investitsiyalariga kamroq bog‘liq bo‘lishi kerak. Ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, turizm va zamonaviy xizmatlar kabi sohalarning iqtisodiyotdagi ulushi ortishi lozim. Eksportda ham xomashyo bilan cheklanib qolmasdan, tayyor va qo‘shimcha qiymati yuqori mahsulotlar ulushini oshirish muhim.

Ikkinchidan, korxonalar samaradorligi oshishi va xususiy biznes ko‘proq ish o‘rni yaratishi kerak.
Uchinchidan, iqtisodiy o‘sish aholi daromadlarida ham aks etishi zarur. Jumladan, aholining daromadi eng past 40 foizini tashkil etuvchi qatlam daromadlari mamlakat bo‘yicha o‘rtacha daromadga nisbatan tezroq o‘sishi, poytaxt va boshqa shaharlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlar kamayishi kerak. Ayollar va yoshlarning mehnat bozoridagi ishtirokini oshirish ham muhim.

To‘rtinchidan, mamlakatlar iqtisodiyoti jahon bozoridagi xomashyo narxlarining o‘zgarishiga kamroq bog‘liq bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi mintaqa uchun jiddiy xavf bo‘lib qolmoqda. Tyan-Shan va Pomir tog‘laridagi muzliklarning qisqarishi kelajakda suv resurslari kamayishiga olib kelishi mumkin. Bu esa qishloq xo‘jaligi, energetika va aholi turmushiga ta’sir ko‘rsatadi.

Jahon banki Markaziy Osiyoda suv va energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan Markaziy Osiyo suv va energetika dasturini ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Bank ma’lumotiga ko‘ra, dasturning to‘rtinchi bosqichi doirasida Jahon bankining 3,3 milliard dollarlik investitsiyalari qo‘llab-quvvatlangan va mintaqa iqtisodiyotlariga 7 milliard dollardan ortiq davlat hamda xususiy investitsiyalarni jalb qilishga yordam berilgan.

Nihoyat, iqtisodiy rivojlanish uchun qonun ustuvorligi, shartnomalarning bajarilishi va nazorat qiluvchi idoralarning mustaqil hamda samarali ishlashi ham muhim.

Benhassinning asosiy xulosasi shuki, Markaziy Osiyoning muvaffaqiyatini faqat yalpi ichki mahsulotning o‘sishi yoki jalb qilingan investitsiyalar miqdori bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Haqiqiy natija iqtisodiyotning turli tarmoqlari rivojlanishi, xususiy biznes kengayishi, ish o‘rinlari sifati yaxshilanishi va aholi daromadlari oshishida namoyon bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga 100 million dollar qarz bermoqchiligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid