Logo

IIV moped va skuter haydovchilari uchun haydovchilik guvohnomasi talab qilinishi sabablarini tushuntirdi

Bugun 09:002 daqiqa

YHXXga ko‘ra, kichik hajmli mototransport vositalarini boshqarishda xavfsizlik talablarini kuchaytirish qarori bejiz qabul qilinmagan — bunga yo‘llardagi real vaziyat va minglab qoidabuzarliklar sabab bo‘lmoqda.

IIV moped va skuter haydovchilari uchun haydovchilik guvohnomasi talab qilinishi sabablarini tushuntirdi

O‘zbekistonda moped va skuterlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari hamda qoidabuzarliklar soni keskin oshgani sababli, ularni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasini olish talabi qat’iylashtirilmoqda. Bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida ushbu turdagi transport vositalari ishtirokida 563 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Oqibatda 488 nafar fuqaro tan jarohati olgan bo‘lsa, 89 kishi halok bo‘lgan.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati statistikasiga ko‘ra, 2025 yil davomida moped va skuter boshqargan shaxslar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq 300 ga yaqin holat aniqlangan bo‘lsa, 2026 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich qariyb 20 barobarga ko‘payib, 4 312 tani tashkil qilgan. Shuningdek, 162 ta holatda haydovchilar transport vositasini tegishli hujjatlarsiz hamda mast holatda boshqargani aniqlangan.

Zoir Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, keltirilgan raqamlar kichik hajmli mototransport vositalarini boshqarishda xavfsizlik talablarini kuchaytirish zaruratini ko‘rsatmoqda.

«O‘tgan to‘qqiz oyda haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan 89 ta moped va skuter haydovchisi avariyalarda vafot etdi. Bu — oyiga o‘nta yoki har uch kunda bitta moped yoki skuter haydovchisi avariyada o‘lyapti degani. Biz bunday odamlarga: «Bilimga ega bo‘ling, guvohnoma oling, bilimingiz bo‘lsa, yo‘lda o‘zingizni qanday asrab yurishni o‘rganasiz», — deyapmiz. Huquqqa, bilimga ega bo‘lmaganlarning mototransportlardan foydalanishlarini cheklayapmiz», — dedi Yo‘ldoshev.

Mas’ulning tushuntirishicha, moped va skuterlardan davlat raqam belgisi va haydovchilik guvohnomasini talab qilish kecha yoki bugun boshlanmagan. Hukumatning 2024 yil 17-iyuldagi 429-son qarori bilan ushbu transport vositalari uchun alohida davlat raqam belgilari joriy qilingan edi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrgacha bo‘lgan, dvigatel hajmi 25 kub santimetrgacha yoki nominal quvvati 0,25 kilovattgacha bo‘lgan kichik hajmli mototransport vositalaridan davlat raqam belgilari talab etilmaydi, biroq ularni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi shart.

Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida guvohnoma olish tartibi soddalashtirilgan. Unga ko‘ra, «A» kichik toifasini (A1) olish uchun avtomaktablardagi majburiy o‘quv kurslarida o‘qish talab etilmaydi — fuqarolar imtihonlarga mustaqil tayyorlanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtihon topshirishi mumkin. Boshqa toifalar uchun nazariy imtihonlarda 20 ta savoldan 18 ta to‘g‘ri javob talab qilinsa, mazkur toifani olish uchun 16 ta to‘g‘ri javobning o‘zi kifoya qiladi.

Shuningdek, «A», «V», «S», «D» singari boshqa haydovchilik toifalaridan biriga ega bo‘lgan shaxslardan qo‘shimcha ravishda «A» kichik toifasini olish talab qilinmaydi.

Teglar

Mavzuga oid