add

Inson a’zolari transplantatsiyasida yangi tartib va 38 davlatda tan olinadigan O‘zbekiston diplomi — 24-noyabr dayjesti

Kecha 21:523273 Daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Inson a’zolari transplantatsiyasida yangi tartib va 38 davlatda tan olinadigan O‘zbekiston diplomi — 24-noyabr dayjesti

O‘zbekiston qishda Qirg‘izistonga elektr yetkazib berishni boshlaydi

Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib beradi. Qirg‘iziston esa qishda kamroq elektr ishlab chiqarib, To‘xtag‘ul suv omborida suv to‘plash imkoniga ega bo‘ladi. Jamg‘arilgan suv esa 2026 yilgi vegetatsiya davrida Qozog‘iston va O‘zbekistonga yo‘naltirilib, janubiy hududlardagi qishloq xo‘jaligi maydonlari uchun barqaror sug‘orish imkoniyatini ta’minlaydi. Bu chorlov mintaqada suv va energiya taqchilligi xavfi kuchaygan sharoitda strategik ahamiyatga ega.

O‘zbekiston energetika tizimi elektr yetkazib berish, tranzit va tizim muvozanatini ta’minlash bo‘yicha texnik tayyorligini bildirdi. Qozog‘iston ham xo‘jalik va suv xo‘jaligi ehtiyojlarini hisobga olgan holda qo‘shimcha elektr hajmlarini yetkazib berishga tayyorligini tasdiqladi.

Transplantatsiya amaliyoti uchun tibbiy xulosalar berish tartibi belgilandi

21-noyabrda Adliya vazirligi Inson a’zolarini transplantatsiya qilish haqida retsipiyentlar va donorlarga tibbiy xulosalar berish bo‘yicha nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ushbu nizomda retsipiyent (qabul qiluvchi) va donorlarni tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish hamda transplantatsiya amaliyoti uchun tibbiy xulosalar berish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, retsipiyent va tirik donor tibbiyot muassasalarida 3 oy ichida tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi kerak.

Shuningdek, tibbiy tekshiruv xulosalariga ko‘ra transplantatsiya amaliyotiga ruxsat berish faqat Hukumatning 2024 yil 13-iyundagi 333-son qarorida ko‘rsatilgan davlat tibbiyot muassasalarining tibbiy konsiliumi tomonidan amalga oshiriladi. Tibbiy konsilium retsipiyentga inson a’zolari va (yoki) to‘qimalari transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligi, donorga esa transplantatsiya amaliyotiga layoqatliligi to‘g‘risida tibbiy xulosani beradi yoki berishni rad etadi.

O‘zbekistonda olingan diplom 38 ta davlatda tan olinishi mumkin

O‘zbekiston Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani ratifikatsiya qildi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar berdi. Agentlik konvensiya asosida Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston diplomlari O‘zbekistonda amal qilishi haqidagi savollarga javob berdi.

O‘zbekistonda xorijiy davlatlar diplomlarini tan olish tegishli qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Tegishli nizom bilan mamlakatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadigan xorijiy davlatlarda olingan hujjatlar toifalari belgilangan.

Jumladan, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi belgilangan. Mazkur konvensiya YUNESKO shafeligida ishlab chiqilgan birinchi shartnoma hisoblanadi. Uning 4-moddasida konvensiyaning a’zosi bo‘lgan ishtirokchi davlat konvensiyaning a’zosi bo‘lgan boshqa ishtirokchi davlatlarda egallangan va hujjatlar orqali tasdiqlangan malakalarni tan olish majburiyati ko‘rsatilgan.

Raqobat qo‘mitasi «pulli parkovka» bo‘yicha o‘rganish boshladi

Raqobat qo‘mitasi poytaxtdagi pulli avtoturargoh operatorlarini ustun muzokara kuchi sifatida alohida o‘rganishni boshladi. Qo‘mitaga ko‘ra, ular ustun bozor o‘yinchisi emas, ammo bitim shartlari, xizmat hududi yoki narxga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sub’ektlar qatoriga kiradi. Shu bois tarif belgilash va shartlar bo‘yicha amaliyotlari chuqur tahlil qilinmoqda.

Jami 66 ta korxona shunday “ustun muzokara kuchi”ga ega subyekt sifatida ro‘yxatga kiritilgan va doimiy nazorat qilinadi. Pulli parkovka operatorlariga oid o‘rganishda qonun buzilishi aniqlansa, belgilangan tartibda chora ko‘riladi. Qo‘mita «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasi asosida bozorda teng raqobat va shaffoflikni ta’minlashni maqsad qilganini ta’kidlagan.

O‘zbekistonda 10 oyda qariyb 70 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi

O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan elektr energiya ishlab chiqarish 103,8 foizni, yirik korxonalar tomonidan issiqlik energiyasi ishlab chiqarish esa 88,9 foizni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Jumladan, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida mamlakatda jami 69,2 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 66,7 mlrd kWh'ni tashkil etgan.

Shuningdek, 2025 yilning 10 oyida respublikadagi yirik korxonalar tomonidan 15,7 mln Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi. Solishtirish uchun, 2024 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 17,6 mln Gkal bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid