
Ipoteka kreditlarini moliyalashtirishning yangi usulidan foydalanish boshlandi
O‘zbekistonda ilk bor ipoteka kreditlarini sekyuritizatsiya qilish tartibi joriy etildi. Bu mexanizm bank tizimi likvidligini oshirib, aholi uchun uy-joy kreditlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda ipoteka kreditlarini sekyuritizatsiya qilishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi. Ushbu qarorga ko‘ra, mamlakatda ipoteka kreditlarini moliya bozoriga integratsiya qilishning yangi mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
«Sekyuritizatsiya— bu bank tomonidan berilgan kreditlarni jamlab, ularni obligatsiya ko‘rinishida kapital bozori orqali investorlarga taklif etish jarayonidir. Bu usul banklarga yangi mablag‘larni jalb qilish, kreditlash faoliyatini kengaytirish va likvidlikni oshirish imkonini beradi.»
Tartibga muvofiq, «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati huzurida maxsus vakolatli tashkilot tuziladi. Ushbu tashkilot respublikaning beshta tijorat banki tomonidan berilgan ipoteka kreditlarini sekyuritizatsiya qilib, 1 trln so‘mlik ipoteka obligatsiyalarini sinov tariqasida chiqaradi.
Moliya vazirligi ma’lumoticha, ipoteka obligatsiyalarini joriy etish mamlakat kapital bozori uchun yangi bosqich bo‘ladi. Bu orqali bank tizimidagi moliyaviy xatarlar qayta taqsimlanib, aholiga uy-joy krediti berish imkoniyatlari kengayadi.
Jahon tajribasiga ko‘ra, 2024 yilda uy-joy ipoteka obligatsiyalari bozori hajmi 920 milliard dollarga yetgan. Shuning 653 milliard dollari AQSH, 129 milliard dollari Avstraliya, 74 milliard dollari Buyuk Britaniya va 64 milliard dollari Yevropaga to‘g‘ri kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston aholisiga 15,1 trln so‘m ipoteka krediti ajratilgan.





