Ish joyidagi stress sababli yiliga 840 ming odam o‘ladi — XMT
Stress va ruhiy bosim nafaqat sog‘liq, balki YAIMning 1,37 foizigacha yo‘qotishga olib kelmoqda.
© geek-infoPsixosotsial xavf omillari, jumladan uzoq ish soatlari, ish joyining noaniqligi hamda ish joyidagi ta’qib va tahqirlash odamlar salomatligiga, ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan zarar yetkazadi, deb qayd etiladi Xalqaro mehnat tashkilotining yangi hisobotida.
Hisobotga ko‘ra, har yili 840 000 dan ortiq inson ish joyidagi psixosotsial xavflar bilan bog‘liq kasalliklar tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Bu omillarga uzoq ish vaqti, ish kafolatining yo‘qligi va ish joyidagi zo‘ravonlik yoki ta’qib kiritilgan. Ish bilan bog‘liq psixosotsial xavflar asosan yurak-qon tomir kasalliklari va ruhiy salomatlik buzilishlari, jumladan suitsid holatlari bilan bog‘liq ekani ta’kidlanadi.
«Psixosotsial xavflar zamonaviy mehnat dunyosida mehnat xavfsizligi va salomatligi uchun eng jiddiy muammolardan biriga aylanmoqda», – deydi XMTning mehnat xavfsizligi va salomatligi siyosati bo‘yicha guruh rahbari Manal Azzi.
Uning ta’kidlashicha, ish muhitini yaxshilash faqat xodimlarning ruhiy va jismoniy salomatligini himoya qilish uchun emas, balki mehnat unumdorligi, tashkilot samaradorligi va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash uchun ham muhim.
Hisobotda aytilishicha, ish insonning shaxsiyati, ijtimoiy aloqalari va iqtisodiy xavfsizligini shakllantiradi. Shu sababli ishni tashkil etish tarzi, masalan, u aniq va yetarlicha resurslar bilan ta’minlanganmi yoki aksincha, ortiqcha bosim, noaniq vazifalar va adolatsizlik hissi tug‘diryaptimi kabi savollar bevosita zararli ta’sir ko‘rsatadi.
Salomatlikka og‘ir ta’sir
Hisobotga ko‘ra, ish joyidagi xavfli omillar har yili taxminan 45 million miqdorda sog‘lom hayot yillari (DALY) yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari va ruhiy buzilishlarning umumiy ta’siri har yili dunyo yalpi ichki mahsulotining 1,37 foizi yo‘qolishiga olib keladi.
Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, birgina Yevropa hududida 112 333 ta o‘lim, qariyb 6 million DALY yo‘qotish hamda YAIMning 1,43 foiz kamayishi qayd etilgan.
O‘limlarning asosiy qismi yurak-qon tomir kasalliklariga to‘g‘ri keladi. Biroq sog‘lom hayot yillari yo‘qotilishi jihatidan ruhiy kasalliklar (psixik buzilishlar) ta’siri ko‘proq ekani aytilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, depressiya va trevoga har yili taxminan 12 milliard ish kuni yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi. Eng ko‘p uchraydigan holatlar – depressiya, xavotir (trevoga) buzilishlari, «burnout» (ishdan charchash sindromi), uyqu buzilishlari va doimiy charchoq.
Hisobotda ta’kidlanishicha, ish joyidagi stress odamlarni salomatlikka zararli odatlarga olib kelishi mumkin, xususan, chekish, alkogol iste’moli, ko‘p ovqatlanish va jismoniy faollikning kamayishi. Bu esa o‘z navbatida semizlik, gipertoniya va boshqa surunkali kasalliklarga sabab bo‘ladi.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, salbiy psixosotsial omillar va zararli odatlar o‘zaro ta’sir qilib, vaqt o‘tishi bilan bir-birining ta’sirini kuchaytiradi va sog‘liqqa yetkaziladigan zararni yanada og‘irlashtiradi.
Ish joyida zararning asosiy sabablari
Hisobotga ko‘ra, uzoq ish soatlari, ish joyidagi zo‘ravonlik va ta’qib, ish bosimi, xarajat va mukofot o‘rtasidagi nomutanosiblik, ish kafolatining yo‘qligi hamda bulling (masxaralash, ruhiy bosim) va boshqa zo‘ravonlik shakllari ishchilar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan asosiy omillar hisoblanadi.
Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha ishchilarning 35 foizi haftasiga 48 soatdan ko‘p ishlaydi. JSST tadqiqotlariga ko‘ra, haftasiga 55 soat yoki undan ko‘p ishlash (35–40 soat ishlaydiganlar bilan solishtirganda) insult xavfini 35 foizga oshiradi va yurakning ishemik kasalligidan o‘lim xavfini 17 foizga oshiradi.
Hisobotda yana bir jiddiy muammo sifatida ish joyidagi zo‘ravonlik qayd etilgan. Dunyo bo‘yicha ishchilarning 23 foizi hayoti davomida kamida bir marta zo‘ravonlik yoki ta’qibga uchragan, ularning 18 foiz qismi psixologik zo‘ravonlik (ruhiy bosim)ga to‘g‘ri keladi.
Asosiy xavf omillari uzoq ish vaqti, adolatsiz mehnat sharoiti va ruhiy bosim bilan bog‘liq bo‘lib, ular yurak-qon tomir kasalliklari hamda ruhiy salomatlik muammolarining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.
Nima qilish mumkin?
Hisobotga ko‘ra, raqamlashuv, sun’iy intellekt, masofaviy ish va yangi mehnat modellari ish muhitini tez o‘zgartirmoqda. Shu sababli tashkilotlar psixosotsial xavflarni oldindan aniqlash va ularni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rishi kerak. Asosiy yo‘nalishlar sifatida ishni to‘g‘ri rejalashtirish va tashkil etish, ish yukini oqilona taqsimlash, rol va vazifalarni aniq belgilash, yetarli xodimlar sonini ta’minlash hamda ish soatlarini me’yorlash keltirilgan. Ya’ni asosiy e’tibor ish qanday tashkil qilingani va boshqarilayotganiga qaratilishi lozim.
XMT tavsiyasiga ko‘ra, quyidagi yordam choralari ko‘rilishi kerak:
qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga tezkor kirish imkoni
vaqtincha ish sharoitini yengillashtirish yoki moslashtirish
kasbiy sog‘liqni saqlash mutaxassislari ishtirokida yordam
ishga qaytish jarayonini adolatli va bosimsiz tashkil etish.
Hisobot ta’kidlaydiki, faqat muammoga reaksiya qilish emas, balki ish muhitini boshidanoq sog‘lom qilib loyihalash eng samarali yechim hisoblanadi.





