Logo

Kannavaro eng ko‘p maosh oluvchi murabbiylar reytingida 5-o‘rinda qayd etildi

Bugun 08:002 daqiqa

Reytingga ko‘ra, italiyalik mutaxassisning O‘zbekistondagi yillik maoshi 4 million yevro deb baholangan.

Kannavaro eng ko‘p maosh oluvchi murabbiylar reytingida 5-o‘rinda qayd etildi © Foto: UFA

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro «Transfermarkt» portali e’lon qilgan infografikada dunyodagi eng yuqori haq to‘lanadigan milliy terma jamoa ustozlari qatorida ko‘rsatildi.

Reytingga ko‘ra, italiyalik mutaxassisning O‘zbekistondagi yillik maoshi 4 million yevro deb baholangan va u bu ko‘rsatkich bilan ro‘yxatda 5-o‘rinni egallab turibdi. Undan yuqori o‘rinlarda Braziliya bosh murabbiyi Karlo Anchelotti (10 mln yevro), Germaniya bosh murabbiyi Yurgen Klopp (7 mln yevro), AQSH termasi murabbiyi Maurisio Pochettino (6,1 mln yevro) hamda Angliya bosh murabbiyi Tomas Tuxel (6 mln yevro) joy olgan.

Kannavaro bilan bir xil — yiliga 4 million yevro maosh oluvchi murabbiy sifatida Jorje Jezush (Portugaliya) ham 5-pog‘onada qayd etilgan.

Shuningdek, ro‘yxatda Zinedin Zidan (Fransiya, 3,6 mln), Marselo Galyardo (Ekvador, 3,2 mln), Xavi (Niderlandiya, 2,5 mln), Lionel Skaloni (Argentina, 2,3 mln), Vinchenso Montella (Turkiya, 2,2 mln) hamda Roberto Manchini (Italiya, 2 mln) kabi murabbiylarning maoshi Kannavaronikidan kamroq ekani ko‘rsatilgan.

Rasmiy raddiya

Kannavaroning O‘zbekiston terma jamoasidagi maoshi 4 mln yevro ekani haqidagi xabarlar avval ham tarqalgan. 2026 yil avgust oyida italiyalik mutaxassis bu ma’lumotni rad etgan.

«Mening yillik maoshim 4 million yevro emas. Bunday haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar juda ko‘p takrorlanadi va ularga ishonmaslik kerak», — degan Kannavaro matbuot anjumanida.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ham avvalroq Kannavaroning yillik maoshi 4 mln yevro emasligini aytgan. U aniq summa o‘zaro kelishuvga ko‘ra oshkor etilmasligini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid