Komil Allamjonov «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi
U 2025-yil iyunidan Prezident administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, noyabridan esa bir vaqtning o‘zida administratsiyaning AQSHdagi vakili sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Prezident administratsiyasi rahbarining shartnoma asosidagi maslahatchisi, Prezidenti administratsiyasining AQSHdagi vakili Komil Allamjonov «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Komil Allamjonov so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan ishlarga hissa qo‘shib kelmoqda.
U 2025-yil iyunidan Prezident administratsiyasi rahbarining shartnoma asosidagi maslahatchisi bo‘lib ishlaydi. Shu yil noyabridan Prezident administratsiyasining AQSHdagi vakili vazifasini ham bajarib kelmoqda.
Bu davrda Toshkent va Vashington o‘rtasidagi muloqotlar faollashdi. So‘nggi bir yilda O‘zbekiston va AQSH prezidentlari to‘rt marta uchrashdi, shuningdek, bir necha bor telefon orqali gaplashdi.
Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ham yangi bosqichga chiqdi. Jumladan, AQSH–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etildi.
O‘tgan yili Vashingtonda, joriy yilda esa Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev AQSHning yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Shu bilan birga, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning AQSHda biznes yuritishi uchun imkoniyatlar kengaytirildi.
Xususan, 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekiston rezidentlari AQSHda kompaniya ochish yoki Amerika kompaniyalari aksiyalarini sotib olish uchun mamlakatga pul o‘tkazishda hukumat ruxsatini olishi shart emas.
AQSH sarmoyadorlarining O‘zbekistonga qiziqishi ortishi bilan birga, mahalliy biznesning Amerika bozoridagi faolligi ham kengayib bormoqda.
Shuningdek, Komil Allamjonov Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi bo‘yicha maxsus maslahatchisi ham hisoblanadi.





