Logo

Kredit reklamalarida moliyaviy xavflar haqida ogohlantirish majburiyati belgilandi

Bugun 12:042 daqiqa

Endi kredit va mikroqarz reklamalarida qarzni vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida ogohlantirish bo‘lishi shart. U reklamadan ajratilgan joy yoki efir vaqtinning kamida 10 foizini egallashi kerak.

Kredit reklamalarida moliyaviy xavflar haqida ogohlantirish majburiyati belgilandi © Sun'iy intelekt

O‘zbekistonda kredit va mikroqarz reklamalarida qarzni to‘lamaslik oqibatlari haqida ogohlantirish majburiy etib belgilandi. Bu bo‘yicha 10-noyabr kuni O‘RQ–1187-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan yangi talabga ko‘ra, kredit va mikroqarz reklamalarida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirish berilishi shart.

Bunda ogohlantirish bosma va elektron reklamalarda umumiy maydonning, audio va videoreklamalarda esa efir vaqtinning kamida 10 foizini egallashi kerak.

Avvalroq, Markaziy bank tomonidan banklarga kredit reklamalari va shartnomalarida qarz majburiyatlarini bajarmaslik oqibatlari haqida mijozlarni oldindan ogohlantirish talabi belgilangan edi.

Adliya vazirligida 3948-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan qarorga ko‘ra, banklar kredit reklamalarida to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik moliyaviy xavflarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatishi shart. 

Shuningdek, kredit shartnomasining birinchi sahifasida ham qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida ogohlantirish berilishi belgilangan. 

Ogohlantirishda qarz vaqtida to‘lanmasa, uning miqdori oshishi, qarz oluvchining mol-mulki va bank hisobvaraqlaridagi mablag‘lariga undiruv qaratilishi hamda kredit tarixi yomonlashishi mumkinligi ko‘rsatiladi. U sahifaning kamida 30 foizini egallashi lozim.

Bundan tashqari, mijozni chalg‘ituvchi kredit mahsulotlarini reklama qilgan banklarga nisbatan tegishli choralar va sanksiyalar qo‘llanadi.

Kredit olishdan oldin cheklist ham berilishi kerak

Markaziy bank banklardan kredit ajratishdan oldin jismoniy shaxslarga kredit majburiyatlari bilan bog‘liq ehtimoliy tavakkalchiliklar haqida cheklist taqdim etishni talab qilgan. Mijoz ushbu ma’lumotlar bilan tanishganini tasdiqlamagunicha kredit shartnomasini rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shunday qilib, kredit olish jarayonida mijozni xabardor qilish bir necha bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bank reklama orqali ehtimoliy xavflarni ko‘rsatishi, shartnomada qarzni vaqtida to‘lamaslik oqibatlarini batafsil bayon qilishi va kredit ajratishdan oldin mijozga tavakkalchiliklar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.

Qonun 2026-yil 10-noyabrdan kuchga kirgan. Shu bilan birga, kredit va mikroqarz reklamalarida moliyaviy xatarlar haqida ogohlantirish talabi 2027-yil 10-fevraldan boshlab amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar hajmi 25 trln so‘mdan oshdi. Markaziy bankka ko‘ra, ayrim mikromoliya tashkilotlarida muammoli kreditlarning ulushi 69 foizga yetgan. O‘zbekistondagi bank kreditlarining 45 foizi va depozitlarining 76 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. 

Teglar

Mavzuga oid