Markaziy Osiyo davlatlari yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi
O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan va Markaziy Osiyoning besh davlati tomonidan imzolangan tarixiy shartnomaga 20 yil to‘ldi. 2006 yil 8-sentabrda Semipalatinskda imzolangan hujjat mintaqa davlatlarini yadroviy quroldan xoli hudud maqomi atrofida birlashtirgan.
© Ijtimoiy tarmoqlarMarkaziy Osiyoning besh davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston — Markaziy Osiyoda yadroviy quroldan xoli hudud to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Bu haqda davlatlar tashqi ishlar vazirlari 2006 yil 8-sentabrda Semipalatinskda imzolangan shartnomaning 20 yilligi munosabati bilan qabul qilgan qo‘shma bayonotda ma’lum qilindi.
Vazirlar yadroviy qurolni qo‘llash yoki sinovdan o‘tkazishning insoniyat uchun halokatli oqibatlarini qayd etib, yadroviy quroldan xoli hududlarni yaratish yadroviy qurol tarqalishining oldini olish va global qurolsizlanish jarayonini kuchaytirishning muhim vositalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Markaziy Osiyodagi yadrosiz hudud qanday tashkil etilgan?
Markaziy Osiyoda yadroviy quroldan xoli hudud yaratish g‘oyasi birinchi marta 1993 yil sentabrda O‘zbekiston tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida ilgari surilgan.
13 yildan so‘ng, 2006 yil 8-sentabrda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Semipalatinskda shartnomani imzolagan.
Shartnoma Markaziy Osiyoni yadroviy quroldan xoli hududga aylantirdi. Uning o‘ziga xos jihatlaridan biri — bu Shimoliy yarimsharda to‘liq joylashgan va yadroviy qurolga ega bo‘lgan ikki davlat — Rossiya hamda Xitoy bilan bevosita chegaradosh bo‘lgan yagona yadrosiz hudud hisoblanadi.
Qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, mintaqaning yadroviy qurol sinovlari va joylashtirilishi amalga oshirilgan hududdan global yadroviy qurolsizlanish sa’y-harakatlarida faol ishtirok etayotgan mintaqaga aylanishi shartnomaning ramziy ahamiyatini ham oshiradi.
Semipalatinsk merosi
Shartnomaning 20 yilligi Qozog‘istondagi Semipalatinsk yadroviy poligoni yopilganining 35 yilligiga ham to‘g‘ri kelmoqda.
Sovet Ittifoqi davrida Semipalatinsk poligonida yuzlab yadroviy sinovlar o‘tkazilgan. Poligon 1991 yil 29-avgustda yopilgan.
Besh davlat bayonotda yadroviy portlashlar va ularning oqibatlari tufayli halok bo‘lgan hamda jabrlangan insonlar xotirasini yodga oldi.
Yadroviy davlatlarga chaqiriq
Qo‘shma bayonotda yadroviy qurolga ega davlatlarning qurolsizlanish borasidagi majburiyatlari ham tilga olingan.
Markaziy Osiyo davlatlari Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani xalqaro yadroviy xavfsizlik tizimining asosiy poydevori sifatida baholadi.
Shu bilan birga, yadroviy qurolsizlanish sohasida sezilarli taraqqiyot yo‘qligi, qurollarni nazorat qilish bo‘yicha muhim kelishuvlarning amal qilishdan to‘xtashi va yadroviy arsenallarni modernizatsiya qilish tendensiyasi jiddiy xavotir uyg‘otayotganini bildirdi.
Besh davlat yadroviy qurolga ega mamlakatlarni Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning 6-moddasiga muvofiq yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi.
Shuningdek, qurollanish poygasining oldini olish uchun yangi va tekshirish mumkin bo‘lgan qurollarni nazorat qilish mexanizmlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
AQSHdan protokolni ratifikatsiya qilish so‘ralmoqda
Bayonotda yadroviy davlatlarning Markaziy Osiyo yadrosiz hududi maqomini hurmat qilish bo‘yicha kafolatlari ham ko‘tarilgan.
2014 yil 6-may kuni yadroviy qurolga ega davlatlar Markaziy Osiyoda yadroviy quroldan xoli hudud to‘g‘risidagi shartnomaga protokol imzolagan.
Ushbu protokol yadroviy davlatlarni mintaqa mamlakatlariga qarshi yadroviy qurol qo‘llamaslik yoki qo‘llash bilan tahdid qilmaslik majburiyatini nazarda tutadi.
Qo‘shma bayonotda to‘rtta yadroviy davlat protokolni ratifikatsiya qilgani qayd etilib, AQSHning ham ratifikatsiya jarayonini tezroq yakunlashiga umid bildirilgan.
Markaziy Osiyo yadroviy qurolsizlanish masalasida hamkorlikni kengaytirmoqchi
Besh davlat shartnomaning institutsional salohiyatini rivojlantirish va boshqa yadroviy quroldan xoli hududlar bilan hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Dunyoda hozir Markaziy Osiyodan tashqari Afrika, Lotin Amerikasi va Karib havzasi, Janubiy Tinch okeani, Janubi-Sharqiy Osiyo va Antarktidaga oid yadroviy quroldan xoli hududlar mavjud.
Markaziy Osiyo davlatlari Afrika atom energiyasi komissiyasi hamda Lotin Amerikasi va Karib havzasida yadroviy qurolni taqiqlash tashkiloti bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolanganini ijobiy baholadi.
Shuningdek, 2024 yil avgust oyida Ostonada mavjud barcha yadroviy quroldan xoli hududlar va xalqaro tashkilotlar vakillarining ikkinchi uchrashuvi o‘tkazilgani qayd etildi.
Bayonotda yadroviy quroldan xoli yangi hududlarni, jumladan Yaqin Sharqda shunday hudud yaratish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ham bildirildi.
Yadroviy energiyadan tinch maqsadlarda foydalanish
Shartnoma faqat yadroviy qurolni taqiqlash bilan cheklanmaydi. Hujjatda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yadroviy dasturlar ustidan xalqaro kafolatlar tizimini qo‘llash muhimligi ham qayd etilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari Xalqaro atom energiyasi agentligi — MAGATE faoliyatini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Bu masala mintaqa uchun alohida ahamiyatga ega: davlatlar bir tomondan yadroviy qurol tarqalishining oldini olish pozitsiyasini saqlab qolayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish imkoniyatlarini rivojlantirishga intiladi.
Qo‘shma bayonotda 2026 yil 24-sentabrda Yadroviy sinovlarni har tomonlama taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma imzolash uchun ochilganiga 30 yil to‘lishi ham qayd etilgan. Markaziy Osiyo davlatlari ushbu shartnomaning tezroq kuchga kirishini qo‘llab-quvvatladi.
Besh davlat, shuningdek, qurolsizlanish va yadroviy qurol tarqalishining oldini olish bo‘yicha ta’limni kuchaytirish, yoshlarni ushbu masalalar muhokamasiga kengroq jalb qilish muhimligini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo davlatlari bayonotida mintaqa xavfsizligi va barqarorligi barqaror rivojlanishning muhim omili ekani qayd etilib, umumiy xavf va tahdidlarga qarshi birgalikda harakat qilish niyati yana bir bor tasdiqlangan.





