Logo

Markaziy Osiyo nima uchun qurol-yarog‘ni turli davlatlardan sotib olyapti?

Bugun 14:556 daqiqa

Mintaqa armiyalari hali ham asosan sobiq Sovet Ittifoqi va Rossiyada ishlab chiqilgan qurol-aslahalarga tayanadi. Ammo davlatlar tobora ko‘proq boshqa mamlakatlardan yangi harbiy texnika sotib olmoqda. O‘zbekistonning qiruvchi samolyotlar parkida 30 yil davomida sovet davrida ishlab chiqilgan MiG-29 va Su-27 samolyotlari asosiy o‘rin tutgan. J-10CE samolyotlarini ishlatish esa boshqa turdagi tayyorgarlik va texnik xizmat ko‘rsatish tizimini talab qiladi.

Markaziy Osiyo nima uchun qurol-yarog‘ni turli davlatlardan sotib olyapti? © armyrecognition.com

Hindiston Markaziy Osiyo davlatlariga yirik qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi yana bir davlatga aylanishi mumkin. «Indian Masterminds» iyul oyida xabar berishicha, Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va rivojlanishi tashkilotining (DRDO) sobiq rahbari Samir V. Kammat Hindiston Tojikiston va Turkmanistonga Akash zenit-raketa tizimlarini eksport qilganini aytgan.

Xabarlarga ko‘ra, bu yetkazib berishlar hali qabul qiluvchi davlatlar hukumatlari tomonidan tasdiqlanmagan. Ochiq manbalarda shartnoma qiymati, qancha tizim yetkazilgani yoki yetkazib berish muddatlari haqida ma’lumot yo‘q. DRDO esa Akash tizimining dastlabki batareyasi xorijiy do‘st davlatlarga eksport qilish uchun jo‘natilganini bildirgan, biroq qaysi davlatlarga ekani aytilmagan.

Akash — samolyotlar, vertolyotlar, qanotli raketalar va dronlarga qarshi kurashish uchun yaratilgan, harakatlana oladigan o‘rta masofali zenit-raketa tizimi. Agar xabar qilingan yetkazib berishlar tasdiqlansa, bu Hindistonning Armaniston bilan tuzgan kelishuvidan keyin Akash tizimlarining Markaziy Osiyoga ilk ma’lum eksporti bo‘ladi. Mintaqa armiyalari hali ham asosan sobiq Sovet Ittifoqi va Rossiyada ishlab chiqilgan qurol-aslahalarga tayanadi. Ammo davlatlar tobora ko‘proq boshqa mamlakatlardan yangi harbiy texnika sotib olmoqda.

Rossiya SSSR va Rossiyada ishlab chiqilgan, hozirda xizmatda bo‘lgan texnikalarni saqlash va ta’mirlash zarur bo‘lgan holatlarda hamon kuchli mavqega ega. Boshqa davlatlar esa dronlar va samolyotlar bo‘yicha yangi buyurtmalar olib, mintaqadagi mudofaa bozorida ishtirokini kengaytirmoqda.

Raqamlar Rossiyaning ta’siri hali ham kuchli ekanini ko‘rsatadi. Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2021–2025-yillarda Qozog‘istonning yirik qurol-yarog‘ importining 83 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu raqamlar barcha turdagi harbiy mahsulotlar va xizmatlarni emas, aynan yirik qurol-yarog‘ yetkazib berilishini hisobga oladi.

Biroq Rossiyaning yirik qurol-yarog‘ eksporti 2021–2025-yillarda avvalgi besh yillik davrga nisbatan 64 foizga kamaygan. Rossiya eksportining qariyb to‘rtdan uch qismi Hindiston, Xitoy va Belarusga to‘g‘ri kelgan. SIPRI bu pasayishning katta qismini Jazoir, Xitoy va Misrga yetkazib berishlarning kamaygani bilan izohlaydi.

Eng ko‘zga ko‘ringan o‘zgarish O‘zbekistonda yuz berdi. Avgust oyining oxirida rasmiy videolarda Xitoyda ishlab chiqarilgan J-10CE qiruvchi samolyotlari O‘zbekiston harbiy-havo kuchlari belgilariga ega holda namoyish etildi. Videolarda kamida oltita samolyotni ko‘rish mumkin edi.

O‘zbekistonning qiruvchi samolyotlar parkida 30 yil davomida sovet davrida ishlab chiqilgan MiG-29 va Su-27 samolyotlari asosiy o‘rin tutgan. J-10CE samolyotlarini ishlatish esa boshqa turdagi tayyorgarlik va texnik xizmat ko‘rsatish tizimini talab qiladi.

Shuningdek, ularga mos qurollar va yer usti jihozlari ham kerak bo‘ladi. Bu o‘zgarish O‘zbekiston harbiy-havo kuchlarining muhim qismini an’anaviy ta’minot tizimidan tashqariga olib chiqmoqda.

25-sentabr kuni Braziliyaning «Embraer» kompaniyasi O‘zbekiston harbiy-havo kuchlariga birinchi C-390 Millennium harbiy transport samolyotini topshirdi. Topshirish marosimi kompaniyaning Gaviaun Peyshotu shahridagi korxonasida bo‘lib o‘tdi. Shu bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda C-390 samolyotidan foydalanuvchi birinchi davlatga aylandi.

2024-yilning oxirida tuzilgan shartnoma samolyotni boshqarish bo‘yicha tayyorgarlikni ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, texnik yordam va ehtiyot qismlar bilan ta’minlash orqali samolyotga xizmat ko‘rsatish ham nazarda tutilgan. Samolyot 26 tonnagacha yuk tashiy oladi. Undan askar va yuk tashish, havoda boshqa samolyotlarga yonilg‘i quyish, tibbiy evakuatsiya hamda qidiruv-qutqaruv vazifalarida foydalanish mumkin.

Qozog‘iston harbiylari «Turkish Aerospace Industries» kompaniyasining ANKA dronlarini harbiy sinovlardan o‘tkazgandan so‘ng xizmatga qabul qildi. Qozog‘iston Mudofaa vazirligi 2024-yil yakuni bo‘yicha hisobotida boshqa turk dron ishlab chiqaruvchisi Baykar bilan taktik dronlar va uzoq vaqt havoda qolib, keyin nishonga uriladigan qurollarni mamlakatda ishlab chiqarish bo‘yicha yo‘l xaritasi muhokama qilinganini ma’lum qildi. Bunday qurollar havoda ma’lum vaqt qolib, nishonni izlaydi va keyin unga zarba beradi.

Xuddi shu hisobotda Turkiya tomoni Bayraktar Kalkan va Bayraktar Mini razvedka dronlari hamda Mosquito-X turidagi nishonga zarba beruvchi dronni harbiy sinovlardan bepul o‘tkazish uchun taklif qilgani aytilgan.

«Ashyq Aspán 2026» (Ochiq osmon) mashg‘ulotlari davomida Qozog‘iston o‘zida dron ishlab chiqarishni kengaytirayotgan bir paytda aviatsiya va havo mudofaasi bo‘linmalarini radar hamda radioelektron kurash tizimlari bilan birgalikda ishlatdi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda katta miqyosdagi havo hujumini qaytarish va dronlarga qarshi kurashish ssenariysi qo‘llangan. Harbiylar sun’iy intellekt elementlari mavjud bo‘lgan avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini ham sinovdan o‘tkazgan.

Qirg‘iziston birinchi Turkiyaning Bayraktar TB2 jangovor dronlarini 2021-yilning oxirida sotib oldi. Keyinchalik mamlakat rasmiylari Akıncı, Aksungur va ANKA dronlarini ham sotib olish rejalari yoki xaridlari haqida ma’lum qildi. Nisbatan kichik armiyaga ega davlat uchun dronlar qimmatga tushadigan uchuvchili jangovor samolyotlar parkini yaratmasdan turib razvedka va aniq zarba berish imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi. Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvlardan keyin Bishkek harbiy xarajatlarni oshirdi va qurolli kuchlar sonini ko‘paytirdi.

Bishkek yaqinidagi xususiy tadqiqot markazi uchuvchisiz va robotlashtirilgan tizimlar ustidagi ishlarni kengaytirdi. Biroq qancha miqdorda mahsulot ishlab chiqarilayotgani va ularning qancha qismi mahalliy ishlab chiqarilgan qismlardan tashkil topgani ochiqlanmagan. 2025-yilda Qirg‘iziston Rossiyadan S-300PS va Tor-M2KM havo mudofaa tizimlarini oldi.

2022-yilda Eron Tojikistonning Dushanbe shahrida Ababil-2 dronlarini ishlab chiqaradigan zavod ochdi. 2026-yil may oyida Xitoy Tojikiston Ichki ishlar vazirligiga qiymati 7,6 million dollardan ortiq bo‘lgan razvedka, huquqni muhofaza qilish va terrorizmga qarshi kurash uskunalarini bepul berishga kelishdi. Paket tarkibida 34 ta razvedka qurilmasi hamda qo‘shimcha politsiya va terrorizmga qarshi kurash uskunalari bor. Shuningdek, ularni o‘rnatish va xodimlarni o‘qitish ham ko‘zda tutilgan. Bu uskunalar harbiylar uchun emas, balki xavfsizlik xizmatlari uchun mo‘ljallangan. Shunga qaramay, ular Xitoy texnologiyalarining Tojikiston xavfsizlik tizimidagi mavjudligini kengaytiradi.

2025-yilda Rossiya va Tojikiston Mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan strategik hamkorlik dasturi imzolandi. Rossiyaning 201-harbiy bazasi hamon Tojikistonda faoliyat yuritmoqda.

Mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish ayrim qaramliklarni kamaytirishga yordam berishi mumkin. «The Diplomat» nashrida yozgan Michael S. Coffey Markaziy Osiyo davlatlari o‘z xavfsizlik ehtiyojlarini ta’minlash uchun dronlarni birgalikda ishlab chiqishi kerakligini ta’kidlaydi. Turli xorijiy davlatlardan qurol sotib olishning o‘zi xorijdan keladigan texnika va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni yo‘q qilmaydi. Har bir davlat uchun o‘z ehtiyojiga mos keladigan texnikalarni sotib olish yangi bitta yetkazib beruvchining standartlariga to‘liq o‘tishdan ko‘ra ma’qulroq bo‘lishi mumkin.

Butun mintaqada hozir Xitoy qiruvchi samolyotlari va Turkiya dronlari Rossiya texnikalari bilan birga ishlatilmoqda. O‘zbekistonning Braziliyada ishlab chiqarilgan transport samolyotlari va Tojikistondagi Eron dron zavodi esa yetkazib beruvchilar doirasini yanada kengaytirmoqda.

Ta’minotchilarni diversifikatsiya qilish hukumatlarga ko‘proq tanlov imkonini beradi. Ammo har bir yangi yetkazib beruvchi o‘ziga xos texnik xizmat ko‘rsatish va harbiy xodimlarni tayyorlash talablarini ham olib keladi. Bu tizimlarning harbiy jihatdan qanchalik foydali bo‘lishi esa davlatlar ularni uzoq muddat davomida ishlata olishi va mavjud harbiy kuchlari bilan birlashtira olishiga bog‘liq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Xitoydan 24 ta qiruvchi samolyot sotib olishi mumkinligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid