Mehnat migrantlari uchun pensiya badalini xorijdan to‘lash imkoniyati yaratiladi
Xorijda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolariga pensiya stajini shakllantirish uchun ijtimoiy soliqni chetdan turib to‘lash imkonini beruvchi mexanizm ishlab chiqilmoqda.

Xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining pensiya stajini hisoblash masalalari pensiya islohoti loyihasini tayyorlash jarayonida o‘rganilgan. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi mutasaddilari 25-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Pensiya jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Nuriddin Shodixo‘jayevning ma’lum qilishicha, bu borada ikki yo‘nalishda ish olib borilmoqda.
Birinchi yo‘nalish xorijda ishlayotgan fuqarolarga O‘zbekiston Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyatini berishni nazarda tutadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar singari minimal miqdorda — 440 ming so‘m ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish asosida fuqaro O‘zbekistonga qaytganidan keyin uch yil davomida avvalgi davrlar uchun ham ijtimoiy soliq to‘lash imkoniga ega. Har bir yil uchun 440 ming so‘mdan to‘langan badal tegishli davrni pensiya stajiga kiritish uchun asos bo‘ladi.
Ikkinchi yo‘nalish xorijiy davlatlar bilan pensiya ta’minoti bo‘yicha davlatlararo bitimlar tuzishni nazarda tutadi. Hozirga qadar Ozarbayjon va Qirg‘iziston bilan tegishli kelishuvlar imzolangan.
Bunday bitimlar asosida fuqaroning turli davlatlarda rasmiy ishlagan davrlari alohida hisobga olinadi. Masalan, fuqaro Ozarbayjonda 10 yil, O‘zbekistonda 5 yil rasmiy ishlagan bo‘lsa, har bir davlat uning o‘z hududida ishlagan davri uchun pensiya majburiyatlarini bajaradi.
Pensiya jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari ko‘p mehnat qilayotgan Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar bilan ham pensiya ta’minoti bo‘yicha shunday kelishuvlarni amalga oshirish masalasi ustida ish olib borilmoqda.
Migrantlar uchun pensiya badalini xorijdan to‘lash imkoniyati yaratiladi
Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanovning aytishicha, xorijda ishlayotgan fuqarolar uchun Migrant pensiya ilovasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish maqsadida Markaziy bank, tijorat banklari, Asterium, Telegram Wallet hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
Hozirda xorijda ishlayotgan fuqarolarning ijtimoiy soliq to‘lashi uchun huquqiy asos mavjud. Biroq amaldagi tizimda ushbu to‘lovni xorijdan turib amalga oshirishning texnik imkoniyati yo‘q.
Yangi mexanizm orqali migrantlar xorijda bo‘lgan vaqtida o‘sha davlatda foydalaniladigan ilova yoki to‘lov tizimi orqali pensiya badalini to‘lashi, mablag‘ esa O‘zbekiston Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Pensiya jamg‘armasi vakilining ma’lum qilishicha, mazkur mexanizmni amaliyotga joriy etish uchun tegishli hujjatlar tayyorlanmoqda.





