Logo

Metan «zapravka»lar yopilishi haqidagi xabarlar benzin narxiga ta’sir qilmoqda — «O‘zbekneftgaz»

Ta’kidlanishicha, ayrim xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalari benzin taqchil bo‘lib qolishidan xavotirlanib, oldindan ko‘proq mahsulot xarid qilishga va zaxira to‘plashga harakat qilmoqda.

Metan «zapravka»lar yopilishi haqidagi xabarlar benzin narxiga ta’sir qilmoqda — «O‘zbekneftgaz» © Foto: Vaqt.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda qish mavsumida metan gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritilishi haqidagi tasdiqlanmagan xabarlarning tarqalishi birja savdolarida benzinga bo‘lgan talab va narxlarning oshishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» matbuot kotibi Mo‘min Ibodov brifingda ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ayrim xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalari benzin taqchil bo‘lib qolishidan xavotirlanib, oldindan ko‘proq mahsulot xarid qilishga va zaxira to‘plashga harakat qilmoqda.

Bu esa birja savdolarida xaridorlar soni va talabning ortishiga, natijada narxlar ko‘tarilishiga olib kelmoqda.

Matbuot kotibining ta’kidlashicha, tashqi bozorda xalqaro neft kotirovkalari tebranishiga qaramasdan, «O‘zbekneftgaz» tomonidan birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzinning boshlang‘ich narxi aprel oyidan buyon o‘zgarmay, 1 tonnasi uchun 14 million so‘mni tashkil etmoqda.

Ishlab chiqarish hajmi va zaxiralar

Brifingda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jamiyat tizimidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan yil boshidan buyon 916,1 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Bu belgilangan rejaga va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 101 foizni tashkil etadi. Hozirda zavodda sutkasiga o‘rtacha 3 200–3 400 tonna (2025 yilda o‘rtacha 2 800 tonna) benzin ishlab chiqarilmoqda.

Rejaga muvofiq, noyabr oyida 103,3 ming tonna (2025 yil noyabrda 87,2 ming tonna), dekabr oyida esa 123,1 ming tonna (o‘tgan yilning shu davrida 90 ming tonna) benzin ishlab chiqarilib, yil yakuniga qadar umumiy hajm 1 million 100 ming tonnaga yetkaziladi. Bu 2025 yilgi ko‘rsatkichga (1 million 30,6 ming tonna) nisbatan 107 foizga teng.

Qish mavsumida ichki bozorni barqaror ta’minlash maqsadida zavod va neft bazalari omborlarida jami 102 ming tonna benzin zaxirasi shakllantirilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga (77 ming tonna) nisbatan 25 ming tonnaga ko‘p bo‘lib, ikki oylik iste’mol hajmini qoplash imkonini beradi.

Birja savdolari va import

Mo‘min Ibodovning ta’kidlashicha, bozorda xorijdan mahsulot keltiruvchi xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan olib kelinayotgan benzin importi hajmi joriy yilning iyun oyidan boshlab keskin kamaygan. Xususan, oktabr oyida import hisobiga ichki bozorga jami 5,5 ming tonna benzin yetkazib berilgan.

Shunga qaramay, «O‘zbekneftgaz» bugungi kunda birja savdolariga kunlik jami 4,6 ming tonna benzin (2025 yilda o‘rtacha 2,2 ming tonna), shu jumladan, 4,3 ming tonna AI-92 rusumli benzinni muntazam joylashtirib bormoqda.

Qishda metan shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilib, benzinga talab oshgan taqdirda, birjaga chiqariladigan kunlik hajmni 8 ming tonnagacha, ehtiyoj yana ko‘payganda esa 10 ming tonnagacha yetkazish imkoniyati hisobga olingan. Bundan tashqari, ehtimoliy taqchillikning oldini olish maqsadida tizim korxonasi tomonidan tayyor benzin importini amalga oshirish choralari ham ko‘rilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid