add

Nyu York siyosiy hayotida yangi bosqich: shaharga ilk musulmon mer saylandi

Bugun 10:253802

34 yoshli demokratik siyosatchi Zohran Mamdaniy Nyu York shahar meri saylovida g‘alaba qozondi. U shahar tarixida bu lavozimni egallagan ilk musulmon sifatida tarixga kirdi.

Nyu York siyosiy hayotida yangi bosqich: shaharga ilk musulmon mer saylandi

Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng yirik shahri — Nyu Yorkda bo‘lib o‘tgan saylovlarda demokratlar partiyasidan nomzod Zoxran Mamdaniy g‘alaba qozondi. U dastlabki natijalarga ko‘ra, 50,4 foiz ovoz to‘plab, sobiq gubernator Endryu Kuomo (41,6 foiz) va respublikachilar nomzodi Kyortis Slivani (7,1 foiz) ortda qoldirdi.

Mamdaniyning g‘alabasi AQSH siyosiy sahnasida yangi bosqichni boshladi. U Ugandada kelib chiqishi hind bo‘lgan ota-onadan tug‘ilgan, keyinchalik oilasi bilan Janubiy Afrika orqali Nyu Yorkka ko‘chib kelgan.

Uning onasi — mashhur hind-amerikalik rejissyor Mira Nair, otasi esa ugandalik olim Mahmud Mamdaniydir.

Mamdaniy 2018 yilda AQSH fuqaroligini olgan va 2025 yil boshida suriyalik rassom Rama Duvajiga uylangan.

Siyosiy faoliyati 2020 yilda Nyu York shtat Assambleyasi a’zosi etib saylanishidan boshlangan. Mamdaniy ijtimoiy adolat va kam ta’minlangan aholini himoya qilish g‘oyalari bilan tanilgan.

Uning merlik saylovi oldidagi dasturida arzon uy-joy masalasi asosiy yo‘nalish bo‘ldi. Mamdaniy minimal ish haqini 2030 yilgacha soatiga 30 dollargacha oshirish, bolalarga maktabgacha ta’limni bepul qilish va shaharda avtobuslarda bepul sayohat tizimini joriy etish tarafdori.

Shu bilan birga, u soliqlarni boylar uchun oshirishni taklif qilgani va falastinliklar huquqlarini ochiq himoya qilgani uchun tanqidga uchraga.

Ayrim biznes yetakchilari ham o‘z xavotirlarini bildirishdi. Masalan, taniqli moliyachi va investor Bill Akman X ijtimoiy tarmoq saytida «Mamdaniyning korporativ soliqlarni oshirish kabi biznesga qarshi siyosati Nyu-Yorkdagi ish o‘rinlarini yo‘q qiladi va kompaniyalarni shaharni tark etishga majbur qiladi», deb yozdi.

Prezident Donald Tramp esa Mamdaniyga qarshi chiqib, uni «kommunistik jinni» deb atadi va agar u g‘olib bo‘lsa, Nyu Yorkka federal mablag‘ ajratish cheklanishini aytdi. Mamdaniy esa «men shahar aholisi manfaatlarini himoya qilishdan qaytmayman» deya javob berdi.

Nyu York merligi AQSHdagi eng nufuzli mahalliy lavozimlardan biri sanaladi. 116 milliard dollarlik byudjetga ega shaharda ta’lim, politsiya va transport tizimi kabi sohalarni boshqarish mer zimmasida.

Mamdaniyning saylanishi nafaqat shahar, balki butun mamlakat siyosiy hayotida yangi bosqichni boshlashi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Nyu York siyosiy hayotida yangi bosqich: shaharga ilk musulmon mer saylandi | Vaqt.uz