Odam sonimi yoki xalqaro metod? Turizm qo‘mitasi raisi «shishirilgan statistika» borasidagi shubhalarga javob berdi
O‘zbekistonda turistlar soni millionlab ko‘payayotgani aytilsa-da, ekspertlar bu raqamlar qo‘shni davlatlardan kelayotgan tranzit oqim va migrantlar hisobiga shishirilayotganini tanqid qiladi.

15-may kuni Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov ishtirokida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil qilindi. Tadbir davomida Vaqt.uz muxbiri Ilyos Safarov tomonidan hukumat mamlakatga yuqori daromadli turistlarni ko‘proq jalb qilish o‘rniga tranzit oqim (qo‘shni mamlakatlar aholisi) ortidan quvilayotgani borasida savol bilan murojaat qilindi.
— Abdulaziz aka, rasmiy hisobotlarda O‘zbekistonga kelayotgan turistlar soni yildan-yilga ko‘payayotgani aytiladi. Biroq, Jahon banki va mustaqil ekspertlar bu raqamlarning katta qismi qo‘shni davlatlardan qarindosh-urug‘chilik yoki savdo maqsadida o‘tayotgan migrantlar hisobiga shakllanayotganini aytishadi. Dunyo tajribasida turizm samaradorligi “odam soni” bilan emas, har bir turistning mamlakatda qoldirgan o‘rtacha mablag‘i bilan o‘lchanadi. Nima uchun biz hali ham real daromad keltiradigan “yuqori segment” turistlarini jalb qilish o‘rniga, statistika uchun xizmat qiladigan “tranzit oqim” orqasidan quvmoqdamiz va bu holat sohadagi real muammolarni yashirmayaptimi?
Abdulaziz Aqqulov:
— Bilasizmi, bu bo‘yicha Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo bo‘lgan barcha (adashmasam, 168 ta) davlatlar uchun bir xil metodologiya qo‘llanadi. Unga ko‘ra, chegarani kesib o‘tuvchilar 11 xil toifadagi tashrif buyuruvchilarga ajratiladi. Shulardan 6 ta toifasi turizm maqsadida kelganlar hisoblanadi.
Agar qo‘shni davlatlardan kelganlarni nazarda tutadigan bo‘lsak, o‘sha 11,7 millionlik umumiy oqim ichida yuqoridagi toifaga tushmaydigan, siz aytayotgan migrantlar ham bor va ular anchagina. Lekin haligi oltita toifaning ichida ham har bir yo‘nalish kesimida qo‘shni davlatlardan keladigan turistlarni ko‘rishimiz mumkin.
Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, men raqamlarni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga solishtirdim: turistlar soni 30 foizga oshgan bo‘lsa, turizm xizmatlari eksporti 40 foizga o‘sdi. Bu o‘sish uzoq xorijdan kelayotgan va ko‘proq mablag‘ sarflaydigan sayyohlar hisobiga shakllanyapti. To‘g‘ri, hozir umumiy oqimning 79 foizini qo‘shni davlatlar fuqarolari tashkil qiladi, lekin ularning ham 28-30 foizi to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan turistlardir.
Xuddi shunday statistika Turkiyada, Gruziyada va boshqa davlatlarda ham yuritiladi. Masalan, Gruziyaning afzalligi shundaki, u qo‘shni davlatlardan keluvchilarning hammasini ham shunchaki «qo‘shni davlat fuqarosi» deb umumiy baholamaydi. Bizning hisob-kitoblarda esa, shartli ravishda, aytaylik, Qozog‘istondan kelgan bitta turistning kelib-ketish xarajati o‘rtacha 250 dollar deb baholanadi. Boshqa davlatlar qo‘shnilardan kelayotgan daromadni yuqoriroq darajada hisoblashadi. Shuning hisobiga ularda keluvchilarning 51 foizi qo‘shnilar bo‘lsa-da, statistikada qo‘shni davlatdan kelganlar sifatida 21 foizini ko‘rsatib, qolgan 30 foizini uzoq davlatdan kelgan yoki to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lganlar statistikasiga qo‘shadi.
Ana shunday omillarni inobatga olgan holda, tizimda aniqroq va tiniqroq ma’lumotlarga ega bo‘lish maqsadida, o‘zimizda yuritiladigan turistik statistikani ikki yilda bir marta emas, balki bir yilda ikki marta o‘tkazishni rejalashtirdik.
Teglar






