Logo

Oltinga to‘lgan Qashqadaryo, semirishi taqiqlangan mansabdorlar — 20 iyun dayjesti

20.06.2025 | 22:006 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Oltinga to‘lgan Qashqadaryo, semirishi taqiqlangan mansabdorlar — 20 iyun dayjesti
Qashqadaryoda 59 tonna oltin topildi Joriy yil Kitob tumanidagi 100 gektar maydonda 20 tonna oltin zaxirasi borligi aniqlangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda aytilishicha, tabiatga zarar yetkazmasdan, yopiq usulda oltin qazib olishga 100–150 million dollar sarmoya kiritishga qiziqish bildirayotganlar ko‘p. Shu bois Mirziyoyev ushbu konni auksionga chiqarish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, yig‘ilishda Kitobdagi yana 5 ta istiqbolli maydonda 39 tonna oltin zaxirasi borligi, Chiroqchida esa 10 ming tonna noyob metallar topilgani ma’lum qilindi. Ushbu hududlarda ilmiy-geologiya ishlarini boshlash to‘g‘risida topshiriq berildi. Mirziyoyeva qo‘shrabotliklarga 17 ta avtobus berdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Samarqanddagi 71-maktabda bo‘lib, maktabni a’lo baholar bilan bitirgan o‘quvchilarga oltin medal topshirdi. Unga ko‘ra, Prezident topshirig‘iga binoan, Qo‘shrabot tumanidagi o‘quvchilar uchun 17 ta yangi maktab-avtobusi taqdim etilgan. «Ushbu ajoyib sovg‘a tumandagi 20 ta olis maktabda tahsil olayotgan 750 nafardan ziyod o‘quvchiga xavfsiz va qulay tarzda o‘z sinfxonalariga yetib borish imkonini beradi», - deydi Saida Mirziyoyeva. Farg‘onada MIB rahbari pora bilan qo‘lga tushdi Farg‘ona viloyatidagi tuman MIB rahbari fuqarodan sud qarori ijrosini to‘xtatib berish evaziga 2 ming dollar talab qilib, pora olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Mazkur holat yuzasidan MIB mansabdor xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Endi davlat tashkilotlari xodimlarining tana vazni nazorat qilinadi 2025 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun jismoniy faollik majburiy tartibda yo‘lga qo‘yiladi. Har kuni belgilangan vaqtda jismoniy tarbiya tadbirlari tashkil etiladi. Davlat muassasalarida maxsus sport zonalari barpo etilib, xodimlar uchun sport bilan shug‘ullanishga sharoit yaratiladi. Shu bilan birga, har bir xodimning tana vazni indeksi muntazam ravishda o‘lchanadi va “hrm.argos.uz” elektron platformasiga yuklab boriladi. Bu tizim orqali salomatlik ko‘rsatkichlarini monitoring qilish va shaxsiy holatni tahlil etish imkoni yaratiladi. Qashqadaryoga suv ta’minoti uchun 800 mlrd so‘m ajratiladi So‘nggi 8 yilda Qashqadaryo viloyatida markazlashgan suv ta’minoti darajasi 32 foizdan 61 foizgacha oshgan. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha eng past darajalardan biri ekani qayd etildi. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini yaxshilash maqsadida bu yil viloyatga 800 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Ajratiladigan mablag‘lar hisobiga 183 kilometr uzunlikdagi suv va kanalizatsiya tarmoqlari, shuningdek, 8 ta suv inshootining qurilishi yakunlanishi lozim.

Mavzuga oid