
Ommaviy qirg‘in qurollarini moliyalashtirishga qarshi kurash qoidalariga bo‘ysunmagan banklar jazolandi
Markaziy bank jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash qoidalariga bo‘ysunmagan banklarni jazoladi.

Markaziy bank 10 ta bank, bitta to‘lov tashkiloti va bitta to‘lov operatoriga nisbatan rasmiy ogohlantirish berdi. Qolaversa 10 ta bank, 1 ta to‘lov tashkiloti va 1 ta to‘lov operatiga nisbatan ta’sir choralari hamda sanksiyalar qo‘lladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025 yilning dekabr oyidagi yig‘ilishlar (jami 6-marta) davomida 45 ta masala ko‘rib chiqilgan va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan.
Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 30 ta masala ko‘rib chiqildi. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (5 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya va kredit tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (4 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (4 ta), «tartibga solish qumdoni» asosida faoliyat yuritish (1ta), banklarning auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish huquqi uchun auditorlik malaka sertifikatini berish (4 ta) shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (12 ta) bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 15 ta masala, xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari, kredit va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish hamda bank va to‘lov tashkilotlarida kiberxavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan masalalar ko‘rib chiqilgan.
Prudensial normativ talablariga rioya etilmagani, faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmagani hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 10 ta bank, 1 ta to‘lov tashkiloti va 1 ta to‘lov operatiga nisbatan ta’sir choralari va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berilgan.
Shuningdek, Markaziy bank talablari, o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya etmagani uchun 10 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanilgan.





