Logo

Yangi Toshkentda investorlar 20 yilgacha soliqdan ozod qilinadi

Bugun 16:512 daqiqa

Maxsus huquqiy rejim doirasida shaharsozlik loyihalarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar loyiha obyektlarini ijaraga berish va sotishdan olingan foyda bo‘yicha 1 foizlik stavkada foyda solig‘i to‘laydi. Bu imtiyoz to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmiga qarab belgilanadi.

Yangi Toshkentda investorlar 20 yilgacha soliqdan ozod qilinadi © Foto: president.uz

Yangi Toshkent shahrida investitsiya hajmi kamida 50 million dollarni tashkil etadigan shaharsozlik loyihalari doirasida foydalaniladigan obyektlar bo‘yicha yuridik shaxslar 20 yil muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Bu bo‘yicha prezident 11-noyabr kuni tegishli farmonni imzoladi.

Farmonda aytilishicha, uning qabul qilinishidan asosiy maqsad Yangi Toshkent shahri va hududlarda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi, turizm salohiyatini oshirish uchun qiymati 50 million dollar va undan ortiq bo‘lgan yirik shaharsozlik loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi ma’muriy to‘siqlar va byurokratik g‘ovlarni to‘liq bartaraf etishdan iborat.

Ayrim hududlarda (maxsus hududlar) shaharsozlik sohasidagi yirik investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi (maxsus huquqiy rejim) joriy etilishi belgilandi.

Shuningdek, boshqa maxsus hududlarni barpo etishga mas’ul direksiyalarga ham qonunchilik hujjatlarida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga berilgan barcha vakolatlar, imtiyozlar va huquqlar tatbiq etiladi. Jumladan, ushbu direksiyalar hududlarni rivojlantirishni rejalashtirishga oid hujjatlarga qo‘yiladigan talablarni mustaqil belgilash va tasdiqlash, yer uchastkalarini sotishda ularda quriladigan obyektlarga nisbatan asosiy talablarni mustaqil belgilash, shuningdek, hududdagi yer uchastkalarini sotish jarayonida har bir loyiha uchun alohida texnik shartlarni belgilash huquqiga ega bo‘ladi.

Maxsus huquqiy rejim doirasida shaharsozlik loyihalarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar loyiha obyektlarini ijaraga berish va sotishdan olingan foyda bo‘yicha 1 foizlik stavkada foyda solig‘i to‘laydi. Bu imtiyoz to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmiga qarab belgilanadi. Xususan, investitsiyalar miqdori kamida 50 million dollarni tashkil etsa, imtiyoz 5 yil, 100 million dollar bo‘lsa, 10 yil, 500 million dollar bo‘lsa, 15 yil davomida amal qiladi.

Shuningdek, investitsiya hajmi kamida 50 million dollar bo‘lgan shaharsozlik loyihalari doirasida foydalaniladigan obyektlar bo‘yicha yuridik shaxslar 20 yil davomida mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish jarayonida bosh pudratchi va bosh loyiha tashkiloti tomonidan O‘zbekistonda faoliyat yuritmaydigan xorijiy jismoniy va yuridik shaxslardan sotib olinadigan xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etiladi.

2040-yil 1-yanvarga qadar investorlar (tashabbuskorlar) tomonidan shaharsozlik loyihasi doirasida olingan dividendlar tarzidagi daromadlar O‘zbekiston hududiga qayta investitsiya qilingan taqdirda, bunday daromadlar soliqdan ozod qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Toshkent qurilishida Turkiyaning «OYAK» kompaniyasi ishtirok etishi mumkinligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid