O‘zbekistonda elektr ishlab chiqarish 2,5 foizga kamaydi
2026-yilning 10-noyabr kuni jami 249,2 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, umumiy hajm o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 foizga kamaydi. Shu bilan birga, ushbu sanada mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yilga qaraganda 8,5 foizga qisqargan.
© Depositphotos2026-yil 10-noyabr kuni O‘zbekistonda 249,2 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10-noyabrida 2025-yilning shu kuniga (255,7 mln kVt/soat) nisbatan 6,5 mln kVt/soatga kamroq energiya ishlab chiqarilgan. Rasmiy xabarda qayd etilishicha, «elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining kamayishi, avvalo, unga bo‘lgan talab pasaygani bilan bog‘liq».
Xususan, 2025-yilning 10-noyabrida havo harorati ancha past bo‘lgani sababli binolarni isitish uchun aholi va iqtisodiyot tarmoqlarida elektr energiyasiga ehtiyoj yuqori bo‘lgan. 2026-yilda esa nisbatan iliqroq ob-havo sharoiti kuzatilgani sababli iste’mol 8,5 foizga kamaygan.
Stansiyalar kesimida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari
Tarmoqlar kesimida olinganda, elektr energiyasini ishlab chiqarishning asosiy qismi an’anaviy tarzda issiqlik elektr stansiyalari (IES) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu stansiyalarda 10-noyabr kuni 206,2 mln kVt/soat energiya ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan (222 mln kVt/soat) 7,1 foizga kamdir.
Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalarida turlicha o‘sish va pasayish dinamikasi qayd etildi:
Gidroelektr stansiyalarda (GES) ishlab chiqarish hajmi 42,9 foizga oshib, 19 mln kVt/soatga yetgan (2025-yilning shu kunida bu ko‘rsatkich 13,3 mln kVt/soat edi).
Shamol elektr stansiyalarida esa ishlab chiqarish qariyb 6 baravarga oshib, o‘tgan yilgi 2,6 mln kVt/soatdan 18,1 mln kVt/soatga yetgan.
Yirik quyosh elektr stansiyalarida energiya ishlab chiqarish 80,4 foizga keskin kamayib, 2,9 mln kVt/soatni tashkil etdi (o‘tgan yili 14,8 mln kVt/soat bo‘lgan).
Bundan tashqari, blok stansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish 7,1 foizga oshib, 3 mln kVt/soatni tashkil qilgan bo‘lsa, kichik quvvatli quyosh panellari orqali energiya ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilgidek 0,1 mln kVt/soat darajasida o‘zgarishsiz saqlanib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent IES yaqin kelajakda mazut yoqishni to‘xtatishi mumkinligi xabar qilingandi.





